“INFOLIB UZBEKISTAN — 2019” VIII Milliy axborot –kutubxona haftaligi doirasida “Bolalar va yoshlarni mutolaaga jalb qilish boʻyicha eng yaxshi uslubiy ishlanma-loyiha” tanlovining respublika bosqichi oʻtkazildi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Axborot-kutubxona markazlari, turli vazirlik va idoralar axborot-kutubxona muassasalarining mutaxassislari oʻzlarining innovatsion loyihalari bilan ishtirok etdilar.
Tanlovning maqsadi — jamiyatda kitob va kitobxonlikning nufuzini oshirish, kitobni maʼnaviy meros sifatida asrab-avaylash va rivojlantirishga qaratilgan eng yaxshi uslubiy ishlanma-loyihalarni aniqlash va ommalashtirishga qaratilgan.
“Bolalar va yoshlarni oʻqishga jalb qilish uchun eng yaxshi metodik ishlanma-loyiha” boʻyicha Respublika tanlovi “Interfaol kitob” va “Foydalanuvchi bilan ishlashning interfaol shakllari” nominatsiyalarida tashkil etildi.
Tanlovda Toshkent shahar axborot-kutubxona markazi tomonidan ham bolalar va yoshlarni mutolaaga jalb qilishning innovatsion shakllari va usullari, axborot-kutubxona muassasalari foydalanuvchilarini hamda aholining keng qatlamlarini kitob va kitobxonlik faoliyatini rivojlantirish, bolalar va yoshlarni mutolaaga jalb qilish sohasida eng yaxshi uslubiy va innovatsion ish tajribasi bazasini shakllantirishga qaratilgan «KITOBXON MAHALLA» mavzusidagi loyihasi ishlab chiqilgan edi. Ana shu loyiha taqdim etildi.
Respublika tanlovining nizomiga asosan bajarilgan ushbu loyiha, uning maqsad vazifasi va yaratilgan koʻrgazmali materiallari bilan yaqindan tanishib chiqqan xakamlar xayʼatining xulosasiga asosan ijobiy baholandi. Tanlovdan oʻrin olgan “Foydalanuvchi bilan ishlashning interfaol shakllari” nominatsiyasi boʻyicha Toshkent shahar «Bilim» axborot-kutubxona markazi axborot-bibliografiya boʻlimi mudiri Venera Muratovaning “Kitobxon mahalla” loyihasi gʻolib deb topildi.
Gʻolib Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan “Noutbuk” hamda kitoblar toʻplami bilan mukofotlandi.
Ushbu tanlov soha mutaxassislarini yanada izlanishga va ijodiy faoliyat olib borishga undaydi.
Hafiza KARIMOVA, Toshkent shahar «Bilim»
axborot-kutubxona markazi direktori