Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik: 1 ming 487 ta maktabga quyosh panellari oʻrnatildi

0
83
marta koʻrilgan.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi muassasalarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash boʻyicha qanday choralar koʻrilmoqda? Kelayotgan qish faslida taʼlim maskanlarida isitish tizimining kuz-qish mavsumida barqaror ishlashi taʼminlanadimi?

Umumtaʼlim maktablaridagi isitish tizimining kuz-qish mavsumida barqaror ishlashi, ulardagi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining muntazam shay holatda saqlanishi dolzarb vazifalardan.  

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, bugungi kunda respublika boʻyicha jami 10 ming 118 ta umumtaʼlim maktabi va ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari faoliyat yuritmoqda. Ushbu umumtaʼlim maktablarining 3 ming 284 tasi yoki 32,5 foizi tabiiy gaz yoqilgʻisida, 23 tasi yoki 0,2 foizi suyuq yoqilgʻida, 6 ming 807 tasi yoki 67,3 foizi koʻmir yoqilgʻisida, 4 tasi yoki 0,04 foizi elektr energiyasi bilan isitiladi.  

Shuningdek, mavjud 6 ming 386 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining 2 ming 300 tasi yoki 38,7 foizi tabiiy gaz yoqilgʻisida, 3 ming  599 tasi yoki 60,6 foizi koʻmir yoqilgʻisida, 37 tasi yoki 0,6 foizi elektr energiyasi bilan isitilmoqda. Vazirlik tizimidagi 1 ming 128 ta taʼlim tashkiloti, jumladan 511 ta maktab hamda 617 ta bogʻcha binosi markaziy isitish tarmogʻiga ulangan. 158 ta maktab binosi qoʻlbola pechlarida isitiladi.  

Qayd etilishicha, taʼlim tashkilotlarida elektr taʼminotini tejash maqsadida bugungi kunga qadar qator ishlar olib borilmoqda. Xususan, davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan 390 ta hamda mahalliy byudjet va homiylik mablagʻlari hisobidan 1 ming 97 ta maktabga quyosh panellari oʻrnatildi. 2 ming 107 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida quyosh panellari va suv isitish qurilmalarini oʻrnatish rejalashtirilgan boʻlib, hozirga qadar 511 tasiga quyosh panellari va 100 tasiga quyosh suv isitish qurilmalari oʻrnatildi.  

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan joriy yilda 2 ming 229 ta maktabgacha taʼlim va 2 ming 335 ta maktabning lokal isitish tizimlarini koʻmir yoqilgʻisiga oʻtkazish belgilangan. 

Mazkur hujjatga asosan, ayni vaqtda rejaga kiritilgan taʼlim tashkilotlari lokal isitish tizimlarini koʻmir yoqilgʻisiga oʻtkazish boʻyicha tegishli vazirlik va tashkilotlar hamda mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda zarur ishlar olib borilmoqda.  

Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.