Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik va transport infratuzilmasini rivojlantirish ishlari bilan tanishildi

0
72
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 oktyabr kuni Toshkent shahrida kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik koʻrish, transport infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha olib borilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida qator obyektlarga tashrif buyurdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Ob-havo noqulayliklari va harorat pasayishi davrida infratuzilma obyektlarida muammo kelib chiqishining oldini olish, yoʻllarning sifati va xavfsizligini taʼminlash kabi vazifalar bugungi kunda oʻta dolzarb ahamiyatga ega boʻlib, bu masalalar Prezidentimizning doimiy diqqat markazida boʻlib turibdi.

Davlatimiz rahbari mazkur yoʻnalishlardagi ishlarning borishi hamda bunyodkorlik jarayonlari bilan tanishuvni Toshkent xalqaro aeroportiga olib boruvchi yoʻl oʻtkazgichdan boshladi.

Maʼlumki, bu koʻprik Bobur koʻchasi boʻylab Kichik halqa yoʻli va temir yoʻl ustidan oʻtadi. Avtomobillar qatnoviga qulaylikni oshirish maqsadida bu yerda avvalgi koʻprikka yondosh yana bir estakada qurilmoqda. U yigʻma monolit uslubida boʻlib, sifat talablariga mos.

Qurilish bitgach, koʻprikning eni 46 metrga yetadi. Bir kecha-kunduzda 20 ming transportni oʻtkazish qobiliyatiga ega boʻladi. Ilgari bu koʻrsatkich 9-10 ming atrofida edi.

Koʻprik yonida 2 ta aylana, 4 ta yoysimon shakldagi chiqish-tushish yoʻli barpo etilmoqda. Bu qayrilib olish xavfini yoʻqotib, boshqa yoʻllardagi harakatga qoʻshilishni osonlashtiradi. Shuningdek, koʻprik ustida piyodalar va velosipedlar yoʻlaklari ham kengaytirildi.

Prezident bu yerdagi qurilish jarayoni bilan tanishdi. Tutash yoʻllarda ham piyodalar va avtomobillar harakatiga qulayliklarni oshirish, atrofni koʻkalamzorlashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Transport infratuzilmasida havo portlari strategik ahamiyatga ega. Bu sohada “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati tuzilib, aeroportlar bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinmoqda.

Soʻnggi yillarda Toshkent xalqaro aeroportining 2-terminali yangilanib, oʻtkazish quvvati 2 barobar oshirildi. Joriy yil boshida yana bir uchib ketish zali taʼmirlanib, qayta ochildi. Unda Duty Free doʻkonlari, “Art-bazar” savdo majmuasi, milliy zargarlik va  gastronomiya doʻkonlari, dorixona, ona-bola xonasi, namozxona tashkil etildi.

Umuman, uch yillik rekonstruksiya ishlari natijasida poytaxt aeroportining joʻnab ketish terminali maydoni 56 ming kvadrat metrdan 80 ming kvadrat metrgacha kengaydi.

Ayni kunlarda yana bir xalqaro terminal rekonstruksiya qilinmoqda. Loyihaga koʻra, binoning tashqi va ichki koʻrinishi milliy tusda pardozlanadi, kirish-chiqish yoʻlaklari kengaytiriladi. Mehmonlarni kutib olish va ularga xizmat koʻrsatish uchun qulayliklar oshiriladi. Shuningdek, terminalga yondosh hududlar obodonlashtiriladi.

Davlatimiz rahbari ushbu qurilish va obodonlashtirish ishlarini koʻzdan kechirdi. Yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatishni yaxshilash va tezkorligini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Shuningdek, mutasaddilarning iqtisodiy va ijtimoiy soha obyektlarining kuz-qishga tayyorgarlik holati yuzasidan hisoboti tinglandi. Bu boradagi ishlarni jadallashtirish va sifatli yakunlash yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.