Joriy yilning 12 dekabr kuni Kolumbiyaning Bogota shahrida YUNYeSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish boʻyicha hukumatlararo qoʻmitasining 14-sessiyasi boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekistonning YUNYeSKOdagi elchisi U.Shadiyev boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi “Lazgi” haqida taqdimot namoyishini oʻtkazib, mamlakatimizning boy tarixi, madaniy salohiyati bilan keng tanishtirdilar.
YUNYeSKOning nomoddiy madaniy merosni himoya qilish boʻyicha Hukumatlararo qoʻmitasi “Lazgi”ni insoniyatning nomoddiy merosining Reprezentativ roʻyxatiga ovoz bermasdan keng konsensus asosida kiritishni maʼqulladi. Shu tariqa, Xorazm raqsi – “Lazgi” insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ roʻyxatiga Oʻzbekiston madaniy merosining elementi sifatida kiritildi.
Shuningdek, baxshichilik sanʼati hamda etnik sport turlarini mazkur roʻyxatga kiritish boʻyicha ish boshlandi.
Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, shu kunga qadar YUNYeSKOning reprezentativ roʻyxatiga “Boysun tumani madaniy muhiti”, “Shashmaqom” (2008), “Katta ashula” (2009), “Askiya” (2014), «Palov va osh bilan bogʻliq anʼana va qadriyatlar» “Navroʻz” (2016) kiritilgan.
Mavluda Asqarxoʻjayeva