Loyihalash va qurilish ishlari boʻyicha yangi tizim belgilandi

0
111
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 6 iyul kuni arxitektura, qurilish va shaharsozlik boʻyicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Qurilish – hayot talabi, iqtisodiyotning yetakchi sohalaridan biri. Yurtimizda bu sohaga keng imkoniyatlar berilgani natijasida bunyodkorlik surʼati oshdi. Soʻnggi besh yilda 250 ming xonadonli 8 mingdan ortiq koʻp qavatli uylar, 21 mingta servis va 10 mingdan ziyod ijtimoiy obyektlar, 31 mingta korxona tashkil etildi.

Shu davrda qurilish ishlari hajmi 4 baravarga oshib, 2021 yilda 107 trillion soʻmni, bu yil besh oyda 46 trillion soʻmni tashkil etdi.

Bunday oʻsish yaxshi, albatta. Lekin, sohada loyihalash va sifat borasida hali kamchiliklar bor. Hamma qurilish bilan boʻlib, arxitektura orqada qolib ketdi.

Shu bois yigʻilishda, avvalo, loyihalash va qurilish ishlarini tartibga solish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Koʻp joylarda ilgari tasdiqlangan Bosh rejalar aholi va iqtisodiyotning bugungi oʻsishiga mos kelmay qolgan. Xorijiy ekspertlarning tahlillariga koʻra, Bosh rejalar boʻlmasa, 2030 yilga borib, infratuzilma xarajatlari 2 baravarga oshadi va qishloq xoʻjaligi yerlari 30 ming gektarga kamayib ketadi.

Shu bois loyihalash va qurilish ishlari boʻyicha yangi tizim joriy etilishi belgilandi. Unga koʻra, hududlarning Bosh rejasi va “master reja”larini ishlab chiqish boʻyicha Respublika kengashi tuziladi. Qurilish vazirligida Bosh arxitektor lavozimi joriy qilinib, unga vazirning birinchi oʻrinbosari maqomi beriladi.

Viloyatlarda “loyiha ofislari” ochilib, ularga hokimning birinchi oʻrinbosari va viloyat Bosh arxitektori masʼul boʻladi. Shuningdek, tuman va shahar qurilish boʻlimiga arxitektor rahbarlik qiladi.

Bosh reja va “master reja”ni ishlab chiqish yangicha yondashuv asosida, 3 bosqichda boʻladi. Birinchi bosqichda Respublika kengashi muayyan viloyatning 5, 10 va 20 yillik rivojlanish yoʻnalishlari, yer va infratuzilma chegaralarini belgilaydigan “Bosh sxemasi”ni tasdiqlaydi. Ular asosida, ikkinchi bosqichda, hududning Bosh rejasi ishlab chiqiladi. Bunda sanoat, xizmat koʻrsatish va aholi maskanlarini belgilash, yoʻllar va infratuzilma tarmoqlarini taqsimlash koʻzda tutiladi. Uchinchi bosqichda Bosh rejalarga asosan, viloyat, tuman va shahar bosh arxitektorlari hamda hokimning birinchi oʻrinbosarlari oʻz hududining “master reja”larini tasdiqlaydi. Bunda uy-joylar, maktab, bogʻcha, shifoxona, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarining joylashuvi koʻrsatiladi.

Bir soʻz bilan aytganda, endi Qurilish vazirligi qaysidir mahallada doʻkon qayerda boʻlishi yoki bino qanday yoritilishi bilan shugʻullanmaydi. Bunday masalalar tuman va mahalla darajasida hal boʻladi.

Davlatimiz rahbari shaharsozlik qoidalarini takomillashtirish hamda xalqaro meʼyorlarga moslashtirish zarurligini taʼkidladi.

Jumladan, xalqaro standartlar asosida tayyorlangan loyihalarga Texnik kengash xulosasini olish tartibi bekor qilinadi, xorijda ekspertizadan oʻtkazilgan loyihalar toʻgʻridan-toʻgʻri tan olinadi.

Bundan tashqari, qurilishda tovarlar va xizmatlar narxini shakllantirish tizimi ham tartibga solinmagan. Ishlarni baholash boʻyicha yaxlit yondashuv yoʻq. Oqibatda talon-torojlik va korrupsiya koʻp.

Shu bois shaharsozlik meʼyorlaridan qurilish ishlarini baholash bilan bogʻliq 147 ta norma chiqarib tashlanadigan boʻldi. “Qurilish resurslari klassifikatori” platformasini ishga tushirib, 100 mingdan ziyod qurilish materiallari va xizmatlarining bozor narxini shakllantirish vazifasi qoʻyildi.

Shuningdek, loyihalarni tayyorlash muddatini kamaytirish maqsadida “Shaffof qurilish” dasturida “elektron katalog” yaratilib, ijtimoiy obyektlarning namunaviy loyihalari joylashtirib boriladi. Undan barcha buyurtmachilar va loyiha-pudrat tashkilotlari erkin foydalanishi mumkin boʻladi.

Yigʻilishda viloyat hokimliklari qoshidagi Yagona buyurtmachi kompaniyalar faoliyati tahlil qilindi. Ularga xorijiy menejerlar, malakali arxitektor va muhandislarni jalb qilish, qurilish jarayoni va ish hajmini hisoblashni raqamlashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Shu bilan birga, kelgusi yildan Yagona buyurtmachi kompaniyalarning loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqish, yangi qurilishlar boʻyicha texnik nazorat funksiyalari bosqichma-bosqich autsorsing asosida xususiy sektorga beriladi.

Prezidentimiz qurilishlar sifati masalasiga alohida toʻxtaldi.

Bu sohadagi davlat nazorat inspeksiyasi xodimlari oʻz faoliyatini koʻproq jarima qoʻllashdan iborat, deb hisoblaydi. Aslida, qurilishdagi kamchiliklarning 70 foizi koʻpincha takrorlanadi va ularning oldini olish mumkin.

Shu bois ushbu inspeksiya faoliyatini qayta koʻrib chiqib, uning ishini qurilishdagi tizimli kamchiliklar sabablarini tahlil qilish hamda bartaraf etishga qaratish zarurligi taʼkidlandi.

Qurilish vazirligiga obyektlarni roʻyxatga olishdan boshlab, foydalanishga qabul qilishgacha boʻlgan barcha jarayonlarni raqamlashtirish vazifasi qoʻyildi.

Kadrlar tayyorlash masalasiga eʼtibor qaratilar ekan, Toshkent va Samarqanddagi arxitektura institutlariga akademik va moliyaviy mustaqillik berilishi aytildi. Ularda oʻqish xalqaro taʼlim dasturlari asosida yoʻlga qoʻyiladi. Talabalar yetakchi loyiha-qidiruv institutlari va qurilish klasterlariga biriktiriladi.

Yigʻilishda ipoteka kreditlaridan foydalanish darajasi ham koʻrib chiqildi. Xususan, joriy yilda byudjetda tijorat banklariga 43 mingta uy-joy uchun 13 trillion soʻm, 29 ming nafar aholiga subsidiya uchun 1 trillion 200 milliard soʻm koʻzda tutilgan. Lekin oʻtgan olti oyda aholiga bu mablagʻlarning 28-30 foizi berilgan, xolos.

Shu bois bu borada ham byurokratiyani kamaytirish, aholiga kompleks xizmat koʻrsatadigan ipoteka markazlarini tashkil qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan vazirlar, hokimlar va ularning oʻrinbosarlari soʻzga chiqib, fikr va takliflarini bildirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.