Mablagʻlar sarflanishini nazorat qilish masalalari koʻrib chiqildi

0
81
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida 17 oktyabr kuni mahallalar infratuzilmasiga ajratilayotgan mablagʻlarning sarflanishini nazorat qilish masalasi boʻyicha yigʻilish boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Maʼlumki, yaqinda, 11 oktyabr kuni mahallalarda aholini oʻylantirayotgan masalalarni hal etish yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazilgan edi. Unda xalqimizni quvontirgan, odamlar manfaatiga qaratilgan juda koʻp yangiliklar aytildi.

Jumladan, bu yilning qolgan ikki oyida 5 ming 284 ta mahalla infratuzilmasini yaxshilashga 2 trillion 700 milliard soʻm ajratiladi. Ichki yoʻllarni taʼmirlashga mablagʻlar hajmi 2,2 barobarga oshiriladi. “Tashabbusli byudjet” doirasida 1,5 mingta mahalladagi loyihalarga 1 trillion 300 milliard soʻm yoʻnaltiriladi. Kelgusi yildan “Tashabbusli byudjet” loyihalari uchun 8 trillion soʻm beriladi.

Yigʻilishda bu mablagʻlardan samarali foydalanish va sarflanishini nazorat qilish masalalari muhokama qilindi.

– Kelgusi yildan “Obod mahalla”, “Obod qishloq”, yoʻl qurilishi va boshqa davlat investitsiya dasturlarini shakllantirish va amalga oshirishning yangi tizimiga oʻtamiz, – dedi davlat rahbari. – Ushbu dasturlar va xarajatlar faqat va faqat aholi ovoz bergan loyihalarga yoʻnaltiriladi. Prokurorlar esa ajratilayotgan “har bir soʻm”ning oʻz oʻrnida ishlatilishini taʼminlab, nazorat qilishi lozim.

Shu bois, yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori davlat dasturlari ijrosi yuzasidan yangi nazorat tizimini joriy etish, talon-torojlik va qonunbuzilishlarning oldini olish,  qurilishlarni ochiq-oshkora tizim asosida amalga oshirish choralari toʻgʻrisida axborot berdi.

Prezidentimiz qurilish jarayonlarini nazorat qilishda aholi ishtirokini kengaytirish, obyektlarni qabul qilish komissiyalariga mahalla raislarini kiritish boʻyicha koʻrsatma berdi.

Kelgusi yil 1 yanvardan boshlab, qiymati 10 milliard soʻmdan yuqori boʻlgan qurilish obyektlariga xorijiy texnik-nazorat mutaxassislari jalb qilinishi, davlat obyektlari boʻyicha loyiha hujjatlari “Qurilish resurslari klassifikatori” platformasi asosida ishlab chiqilishi belgilandi. Bu platforma qurilish materiallari narxlarini yagona tamoyil asosida shakllantirish imkonini beradi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga loyihalar, pudratchilar va qurilish haqidagi maʼlumotlarning jamoatchilik uchun ochiqligini taʼminlash vazifasi qoʻyildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.