Davlatimiz rahbari Chirchiq shahridagi “Kimyogarlar” madaniyat saroyini borib koʻrdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu muassasa shaharning diqqatga sazovor maskanlaridan biri. 1958 yil foydalanishga topshirilgan binoning oʻzi bir tarixiy asar. Oʻtgan yillar mobaynida bu yerdan koʻplab isteʼdodli sanʼatkorlar yetishib chiqqan.
Joriy yilda madaniyat saroyi taʼmirlandi. Bino va favvora asl holini saqlagan holda restavratsiya qilindi. Zamonaviy sovutish va isitish tizimi, ovoz kuchaytirish moslamalari oʻrnatildi. Toʻgarak xonalari zarur mebel va jihozlar bilan taʼminlandi. Shu tariqa, bu yer yana odamlarning, ayniqsa, yoshlarning sevimli maskaniga aylandi. Bugungi kunda “Besh tashabbus” doirasida tashkil etilgan toʻgaraklarda 300 dan ziyod oʻgʻil-qiz shugʻullanmoqda.
Prezidentimiz bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi, mashgʻulotlar jarayonini koʻzdan kechirdi.
Madaniyat saroyida 700 oʻringa moʻljallangan konsert zali bor. Shu yerda bolajonlar kuy-qoʻshiqlar ijro etdi.
Davlatimiz rahbari ularning oʻqish va ijodiga muvaffaqiyat tilab, ustozlariga minnatdorlik bildirdi. Mutasaddilarga madaniyat saroyi faoliyatini kengaytirish, toʻgaraklar va ijodiy jamoalarni doimiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Toshkent viloyatiga safari yakunlandi, davlatimiz rahbari Toshkent shahriga qaytib keldi.