Toʻrtinchi sinf oʻquvchisi nevaram Dilnura Saʼdullayeva oʻzi va doʻstlari, tengdoshlari uchun kitob-qoʻllanma yozibdi. Oʻqib xursand boʻldim. Albatta, toʻrtinchi sinf oʻquvchisi uchun bu ulugʻvor tashabbus, izlanish va maʼnaviy yuksalish yoʻlidir. Akasi Navroʻzbek esa dizaynlik vazifasini bajarib, uni kitob shakliga keltiribdi va goʻzal bezaklar bilan jilo beribdi.
Kitobning birinchi beti nevaraginamning dil soʻzlari bilan ochiladi: Salom. Mening ismim Dilnura. Bu kitobda men sizga sportdan tortib qoʻshiqlar haqida hikoya qilaman. Bu yerda siz turli sport turlarini oʻrganasiz va oʻzingizga maʼqulini tanlaysiz, zamonaviy kiyinishni, oʻzingizga, sogʻligingizga qanday gʻamxoʻrlik qilishni, qanday qilib xonim boʻlishni, vaqtingizni samarali sarflashni oʻrganasiz.
Shuningdek mazali pishiriqlar tayyorlash, kulguli, yumorga boy qoʻshiqlarni tinglash imkoniyati yaratilib, ularning roʻyxati ham berilgan.
Sizning har bir kuningiz, har bir daqiqangiz quvonchlarga toʻla boʻlsin, – deya yakunlanadi unda..
Ezgu soʻz, ezgu fikr, ezgu amallarni koʻrib, oʻqib, bolalar uchun, maktab oʻquvchilari uchun yaxshi dastur, qoʻllanma boʻlganligini his qildim.
Eng gapning zoʻri oxirida, nevaram tadbirkorlikni ham yoʻlga qoʻymoqchi yaʼni kitobni sotmoqchi boʻlibdi. Ota-onasi esa uni sotib olishibdi va shunday deyishibdi: Doʻstlaringga, dugonalaringga oʻqishga berib turasan va yana qaytarib olasan. Bu sen-u bizga savob boʻladi,-– deyishibdi.
Kitobcha-qoʻllanmani koʻrib, beixtiyor bolaligimizni esladim. Kundalik-albom tutardik. Barcha doʻstlarimiz unga dil soʻzlarini, istaklarini yozishardi. Oʻzini suvratini qoʻyishardi, dil soʻzlaridan keyin suvratlar chizishardi. Ana shunday albom kundalikdan menda ikkita. Ularning biriga 6-sinfdaligimizdagi, ikkinchisi oʻninchi sinfimizdagi doʻstlarimning dil soʻzlari bitilgan. Hozir ham ularni tez-tez qoʻlimga olib oʻqiyman, bolaligimizning begʻubor nafasini tuyaman. Nevaram esa bizdan ham oʻzib ketibdi. Tashabbusi, topqirligi, ijodkorligi maqtovga loyiq.
Isteʼdodli yozuvchi Oybek domlaning “Dilbar — davr qizi” poemasi mavjud. Men nevaram Dilnurani davr qizi deya taʼriflagim keldi. Topqirligi, ijodkorligi, mehnatkashligi va tadbirkorlikka intilayotgani uchun unga oq yoʻl tilab qolaman. Bolaginam, umring uzoq, diling ravshan, yoʻling ravon boʻlib, oʻsib ulgʻayib, yurt tayanchi boʻlishingda tilakdoshman, deya ezgu duolarga kaftimni ochaman….
Raʼno ZARIPOVA, buvijoning