Kan Gyon Xva: Koreyaliklar oʻzbek xalqining boy madaniyati va urf-odatlarini yuksak qadrlaydi

0
110
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston bilan Janubiy Koreya oʻrtasidagi aloqalar barcha sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Xalqlarimizning mentaliteti, madaniyati bir-biriga oʻxshash. Yurtimizda yashayotgan koreys diasporasi mamlakatimizdagi koʻplab boshqa millat vakillari qatori tinch-totuv va farovon hayot kechirib, Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshib kelayotir. 

Mamlakatimizda tashrif bilan boʻlib turgan Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Kan Gyon Xva xonim OʻzA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi: 

– Avvalo, samimiy qabul uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildiraman. Oʻzbekiston rahbari bilan suhbatimiz gʻoyat mazmunli boʻldi, konstruktiv ruhda oʻtdi. 

Keyingi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib bormoqda. 2017 yil 22-25 noyabr kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtardi. Ikki davlat rahbarlarining ichki va tashqi siyosat masalalariga yondashuv va qarashlari oʻxshash, ular mintaqaviy tinchlik va barqarorlikni taʼminlash borasida hamfikrdir. 

Mazkur tashrif davomida davlat rahbarlari ikki tomonlama hamkorlikning uch muhim yoʻnalishi – oliy darajadagi muloqotlarni yanada faollashtirish, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan meʼyoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, amaliy sheriklikning soha va yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish yuzasidan kelishib oldi. Shunga asosan, joriy yil fevral oyida Koreya Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, strategiya va moliya vaziri rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonda boʻldi va Toshkentda yangi formatda ilk bor tashkil qilingan savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari boʻyicha qoʻshma hukumatlararo uchrashuvda qatnashdi. Bu kabi anjumanlar ikki tomonlama aloqalarni yanada yuqori bosqichga koʻtarishda muhim qadam boʻlmoqda. 

Shuni alohida taʼkidlamoqchimanki, Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Oʻzbekistonga keyingi oʻn bir yilda ilk bor tashrif buyurmoqda. 

Oʻzbekistonga safar asnosida koreys millati vakillari bilan ham uchrashdik. Ular oʻzbek xalqi Koreyani, koreys madaniyatini yuksak qadrlashini taʼkidladi. Biz esa Janubiy Koreyada oʻzbek xalqining boy madaniyati va urf-odatlari yuksak qadrlanishini qayd etdik. Bunday omillar ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati aʼlo darajada ekanidan dalolat beradi. 

Muzokaralar davomida mamlakatlarimiz davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini isloh qilish, aholi farovonligi va turmush darajasini oshirish, mintaqalarimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash masalalarida ishonchli hamkor ekaniga yana bir bor amin boʻldim. 

Manba: OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.