Madaniyat va maʼrifat sohasining jonkuyari ERKIN SAMANDAR soʻnggi manziliga kuzatildi

0
80
marta koʻrilgan.

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir, nosir,  dramaturg va davlat arbobi Erkin Samandar vafot etdi. 

Erkin Samandar 1935-yilning 22-martida Xorazm viloyatining Xonqa tumanidagi Navxos qishlogʻida dunyoga kelgan. 1957-yili viloyat Pedogogika institutini, 1967-yili OʻzFA Til va adabiyot institutining aspiranturasini tamomlagan. Oʻzbekiston televideniyesi “Yoshlik” studiyasining bosh muharriri, adabiy-dramatik eshittirishlar tahririyatining bosh muharriri, “Xorazm haqiqati” viloyat gazetasining bosh muharriri, Bosh vazir oʻrinbosari  vazifalarida faoliyat koʻrsatgan.

 Birinchi sheʼriy toʻplami “Amu jilolalari” 1966 yili chop qilingan. Shuningdek, uning “Dunyoning yoshligi” (1968), “Osmon toʻla nur” (1970), “Vafo degan gavhar” (1973), “Mening yigitlik vaqtim” (saylanma, 1979), “Qabul soatlari” (1980), “Sohildagi bolalar” (1982), “Yablonya vo dvore” (Moskva, 1982), “Bahor oqshomlari” (1984), “Shedrost rassveta” (1985), “Sevgi fasllari” (1987), “Bu bogʻni qaysi bogʻ derlar” (1988), “Sevgi kitobi” (1996), “Va yana bahor” (2010, Sayyora Samandar bilan hammualliflikda), “Koʻngil yoshligi” (2010) kabi sheʼriy toʻplamlari nashr etilgan. Shuningdek, shoir “Osmonning tosh tulpori”, “Oltin sandiq”, “Qoʻshiq izlab”, “Samarqandni oshiqlar qurgan” kabi dostonlar va 100 dan ortiq qoʻshiqlar muallifidir.

 Erkin Samandar tarixiy mavzuda yaratilgan  nasriy asarlar – “Daryosini yoʻqotgan qirgʻoq” (roman, 1989), “Tangri qudugʻi” (roman, birinchi kitob 1989), “Quduq tubidan sadolar” (roman, ikkinchi kitob, 1989), “Pahlavon Mahmud Puryoyvaliy” (2000), “Sulton Jaloliddin” (roman, 2007), “Quyun yuzlari yoxud Ogahiy” (roman, 2009), “Gʻayb qushlari” (roman, qissa va hikoyalar, 2011) kabi kitoblar muallifidir.

 Dramaturg sifatida “Javohir” (musiqali drama, 1984), “Ajdodlar qilichi” (tarixiy drama, 1986), “Jaloliddin Manguberdi” (“Yot hujra”,  1988), “Bashorat” (musiqali drama, 1988), “Arabmuhammad” (tarixiy drama, 1992), “Dilda borim” (musiqali komediya, 2012) kabi sahna asarlarini yozdi. “Avaz Oʻtar”, “Madraim Sheroziy”, “Ming otlilar diyori”, “Ogahiy qoʻlini olgan rais”, “Xiva”, “Qum sayli” kabi hujjatli-publitsistik filmlar yaratdi, koʻplab esselar yozdi.

 Xorazm viloyat musiqali drama teatrida “Dilda borim” (2012) va “Jaloliddin Manguberdi” (2019) spektakllari sahnalashtirilgan.

 Erkin Samandar milliy adabiyotimiz va jurnalistikamizni rivojlantirishdagi samarali hissasi uchun Vatanimizning oliy mukofotlari – “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist (1990) faxriy unvoni va “Doʻstlik” (2015) ordeniga sazovor boʻlgan.

Shoir 14 aprel kuni soʻnggi yoʻlga kuzatildi. Unda Xorazm viloyati hokimi J.Rahimov, Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari M.Mirzo, Qoraqalpogʻiston xalq shoiri R. Musurmon va jamoatchilik vakillari qatnashdi.

GUJUM UZ tahririyatidan: Xorazm xalqining kuychisi, sevimli farzindi Erkin Samandarning oilasiga , farzandlariga, yaqinlariga chuqur taʼziyamizni bildiramiz.  Alloh oʻz rahmatiga olgan boʻlsin, Yotgan joyi nurga toʻlsin.    

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.