Mamlakatimizda Navroʻz sayillari boʻlib oʻtmoqda

0
194
marta koʻrilgan.

Navroʻz xalqimizning eng qadimiy, asl milliy bayramidir. Elimizning koʻp asrlik urf-odatlari, orzu-intilishlarini ifoda etib kelayotgan Navroʻz mustaqillik yillarida yangicha mazmun-mohiyat kasb etdi, mamlakatimizda yashayotgan barcha millatlar orziqib kutadigan umumxalq bayramiga aylandi.  

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2018 yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimizda bu ayyomga katta tayyorgarlik koʻrildi.

Navroʻz bayrami hamma joyda – Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, shahar, tuman, qishloq va ovullarda umumxalq sayillari shaklida oʻtkazilmoqda.

Toshkent shahridagi asosiy bayram tadbirlari “Oʻzekspomarkaz” bogʻida boʻlib oʻtdi.

Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

“Oʻzekspomarkaz” hududi bayramona bezatilgan. Mehmonlar uchun ayvonchalar, sanʼatkorlar uchun sahnalar tashkil etilgan.

Bu yerda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, hukumat aʼzolari, turli sohalarda samarali mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xorijiy davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari jam boʻlgan.

Bu yilgi bayram har galgidan boshqacha boʻldi. Toshkent shahri, Qoraqalpogʻiston va har bir viloyat uchun alohida joy ajratildi. Unda har bir hududning oʻziga xos sanʼati, anʼanalari, hunarmandchiligi, taomlari namoyish etildi.

Falklor-etnografik jamoalarning chiqishlari, milliy oʻyinlar, odamlarning oʻyin-kulgulari barchaga zavq-shavq ulashdi.

Shavkat Mirziyoyev odamlar bilan koʻrishib, suhbatlashdi. Bogʻ boʻylab har bir hududning badiiy chiqishlarini tomosha qildi. Barchani Navroʻz bayrami bilan tabrikladi. Yurtimizga qut-baraka, xalqimizga tinchlik-farovonlik tiladi.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.