Margʻilonda “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro folklor musiqa festivali boʻlib oʻtmoqda

0
334
marta koʻrilgan.

Margʻilonda “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro folklor musiqa festivali boʻlib oʻtmoqda, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi.

Festivalga Eron, Hindiston, Fransiya, Rosssiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Moʻgʻuliston, Turkiya kabi 20 xorijiy davlatdan folklor jamoalarining ishtirok etishi tadbirning yuqori darajada oʻtishi yoʻlida xizmat qilmoqda.

Festival doirasida tashkil etilayotgan xalqaro ilmiy-ijodiy konferensiyada Fransiyadan Luchelli Lisak, Erondan Kalami Roohullah, Hindistondan Yashvant Parashar, Yaponiyadan Ivamoto Kyoko, Koreyadan Mun Xyuun Suk, Italiyadan Erasmo Trelya kabi folklor musiqa sanʼatining yirik nomayondalari ishtirok etishmoqda. Shuningdek, Afgʻoniston, Rossiya, Turkiya, Koreya, Tojikiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston hamda Qozogʻistondan folklor jamoalari qatnashmoqda.

Festivalda Oʻzbekistondan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 14 ta folklor jamoasi ishtirok etmoqda: Qoraqalpogʻistonning “Suvsepar”, Andijon viloyatining “Yor-Yor”, Buxoro viloyatining “Jondor” va “Sahro sabolari”, Jizzax viloyatining “Bogʻdon gullari”, Navoiy viloyatining “Karmana”, Namangan viloyatining “Guldior”, Samarqand viloyatining “Chavki” va “Beshqarsak”, Sirdaryo viloyatining “Dehqon bolalari”, Surxondaryo viloyatining “Boysun”, Toshkent viloyatining “Navroʻz”, Xorazm viloyatining “Joʻralar” va “Sara payon”, Fargʻona viloyatining “Kabutar” va “Chodir jamol”, Qashqadaryo viloyatining “Voha”, Toshkent shahrining “Durdona” kabi eng namunali folklor jamoalarining 200 nafardan ortiq aʼzosi oʻz hududlariga xos liboslar va qadimiy kuy-qoʻshiqlar asosida tayyorlangan maxsus dasturlari bilan qatnashmoqda.

Taʼkidlash joizki, “Buyuk ipak yoʻli” folklor musiqa festivalida quyidagi nominatsiyalar boʻyicha tanlovlar oʻtkazilmoqda:

  • qoʻshiqchilik sanʼati (alla, oʻlan, lapar, terma, marosim qoʻshiqlari, xalfachilik, baxshichilik va hokazo);
  • raqs sanʼati (turli hududlarga xos xalq raqslari);
  • milliy qadim folklor cholgʻuchilik sanʼati (milliy musiqa asboblarida asarlar ijrosi).

Ishtirokchilarning chiqishlari yuqori malakali mutaxassislar, taniqli sanʼat va madaniyat arboblari, olimlar, tadqiqotchilar, shuningdek, ishtirokchi davlatlardan tashrif buyurgan tegishli sohalar namoyandalaridan iborat xalqaro hayʼat aʼzolari tomonidan baholanmoqda.

Festival gʻoliblari pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

1-oʻrin (har bir nominatsiya) ‒ 3 500 AQSH dollari;

2-oʻrin (har bir nominatsiya) ‒ 2 500 AQSH dollari;

3-oʻrin (har bir nominatsiya) ‒ 1 500 AQSH dollari.

Festivalning yakuniy bosqichi gʻoliblariga Tashkiliy qoʻmita tomonidan diplomlar, sovrinlar va Festival ramzlari tushirilgan esdalik sovgʻalari topshiriladi.

 

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.