Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga

0
124
marta koʻrilgan.
Qadrli doʻstlar!

Avvalambor, siz, azizlarni, soha rivojiga munosib hissa qoʻshgan muhtaram faxriylarimizni 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etish, barchangizga chuqur hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni bildirish menga katta mamnuniyat bagʻishlaydi.

Jamiyatimizda demokratik qadriyatlarni qaror toptirish, fuqarolarimizning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlash, dunyoda va mamlakatimizda sodir boʻlayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, voqea-hodisalar haqida tezkor va haqqoniy maʼlumotlar yetkazish borasida siz, matbuot ahlining fidokorona mehnat qilayotganingizni xalqimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.

Sizlar kabi ming-minglab olijanob kasb egalarining saʼy-harakatlari, isteʼdod va mahorati bilan mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari xalqimiz hayotiga, uning quvonch va tashvishlariga tobora yaqin boʻlib, Oʻzbekistonning yangi, demokratik qiyofasini shakllantirishda gʻoyat muhim rol oʻynamoqda.

Mustaqillik yillarida mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarining soni qariyb 4 barobar koʻpayib, 1500 taga yetgani ushbu tarmoqda oʻsish, oʻzgarish jarayonlari izchil davom etayotganidan dalolat beradi.

Eng muhimi, soha rivojida ana shunday miqdor oʻzgarishlari bilan birga sifat oʻzgarishlari ham yuz bermoqda. Buning tasdigʻini milliy media maydonimizda fuqarolik jamiyatining muhim sharti boʻlgan nodavlat ommaviy axborot vositalari tarmogʻi kengayib, samarali faoliyat koʻrsatayotgani, internet jurnalistikasi jadal rivojlanib borayotgani misolida yaqqol koʻrish mumkin.

Keyingi paytda  ommaviy axborot vositalari xodimlarining demokratik jarayonlar, fuqarolik jamiyatini barpo etishdagi oʻrni va nufuzini, mahalliy gazetalar, tele-radiokanallarning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, eng asosiysi, matbuotda fikrlar, qarashlar xilma-xilligini taʼminlash boʻyicha jiddiy ishlar amalga oshirilgani sizlarga yaxshi maʼlum, albatta.

Gazetalarimiz, tele-radiokanallarimizda oshkoralik, tahlil va xolis tanqid ruhi kuchaygani, bevosita xorijiy mamlakatlardan tayyorlanayotgan materiallar soni ortib borayotganini biz har tomonlama qoʻllab-quvvatlaymiz.

Bugun biz dunyodagi uzoq-yaqin davlatlar bilan hamkorlikni mustahkamlab, yurtimizdagi demokratik oʻzgarishlarni yanada chuqurlashtirishga intilar ekanmiz, boshqa sohalar qatori ommaviy axborot vositalari faoliyati boʻyicha ham hali koʻp ish qilishimiz kerakligini yaxshi tushunamiz. Ommaviy axborot vositalari soʻzda emas, amalda “toʻrtinchi hokimiyat” darajasiga koʻtarilishi zarur. Bu – zamon talabi, islohotlarimiz talabi. 

Birinchi navbatda media tarmoqlari faoliyati samarasini oshirish, ularni xalq bilan muloqotning ishonchli vositasiga aylantirish, zamonaviy axborot xizmatlari bozorini, sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish singari dolzarb masalalar doimiy eʼtiborimiz markazida boʻlishi kerak. 

Shu maqsadda parlamentimiz tomonidan amaldagi qonun hujjatlariga axborot sohasini yanada demokratlashtirish va rivojlantirishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha faol ish olib borilayotgani ayniqsa eʼtiborlidir.

Bu borada Oʻzbekiston  Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish, uning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, qalam haqi miqdorini oshirish, ijodiy jamoalar bilan yirik kompaniyalar va xoʻjalik birlashmalari, banklar oʻrtasida “doʻstlar klublari”ni tashkil etishga qaratilgan amaliy ishlarimizni taʼkidlash lozim.

Ommaviy axborot vositalari uchun zamonaviy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida yaqinda katta umidlar bilan Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etganimizdan xabaringiz bor. 

Ushbu oliy taʼlim maskani sohada erishilgan yutuqlarni har tomonlama oʻrganish, jurnalistika fani, uning ilmiy-nazariy asoslarini, zamonaviy mediatexnologiyalarni chuqur oʻzlashtirish, xalqaro standartlar darajasidagi yuqori malakali kadrlar tayyorlash imkonini beradi.

Hech shubhasiz, ommaviy axborot vositalari sohasida amalga oshirilayotgan ana shunday ishlarning barchasi Oʻzbekiston jurnalistikasining jahon axborot maydonida munosib oʻrin egallashi uchun mustahkam poydevor yaratadi.

Hurmatli ommaviy axborot vositalari xodimlari!

Hozirgi vaqtda hayotimizda amalga oshirilayotgan modernizatsiya va yangilanish jarayonlarining tub mohiyatini xalqimizga yetkazish, odamlarni yangi marralar sari safarbar etish, oldimizga qoʻygan vazifalarni sifatli amalga oshirishda sizlarning taʼsirchan soʻzingiz, faol grajdanlik pozitsiyangiz suv bilan havodek zarur.

Haqiqatan ham, har qanday murakkab sharoitda ham adolat tamoyiliga, oʻzining hayotiy va ijodiy prinsiplariga sodiq qolish, odamlarni qiynayotgan kamchilik va muammolarni dadillik bilan koʻtarib chiqish, ularni bartaraf etish uchun jamoatchilik fikrini shakllantirishga, avvalo, sizlar kabi maʼnaviy jasorat egalarigina qodir boʻladi. 

Biz jamiyatimizda oshkoralik, adolat va qonun ustuvorligini taʼminlashda, huquqiy demokratik davlat asoslarini mustahkamlashda sizlarga, sizlarning bilim va isteʼdodingizga tayanamiz. 

Ayniqsa, hayot va kasb tajribangizni yoshlarga oʻrgatish, ularni zamonaviy fikrlaydigan, Vatan va xalq manfaatini muqaddas deb biladigan, sogʻlom va barkamol insonlar etib tarbiyalashda koʻpchilikka oʻrnak va namuna boʻlasizlar, deb ishonaman.

Oʻz-oʻzidan ravshanki, mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari xodimlarining ish va turmush sharoitlarini yaxshilash, ularning mashaqqatli va masʼuliyatli mehnatini munosib baholash va ragʻbatlantirish, soha rivojiga eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish bundan buyon ham biz uchun ustuvor vazifa boʻlib qoladi.

Aziz va muhtaram doʻstlar!

Sizlarni Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.

Barchangizga sihat-salomatlik, ezgu faoliyatingizda yutuq va omadlar, oilaviy baxt, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.

     Shavkat Mirziyoyev,

 Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.