Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi yoshligimiz oʻtgan qutlugʻ maskan. Oʻsha paytda ulugʻvor koʻringan bu ilm maskani ikkita oʻquv zalidan iborat edi. Birida bizdek talabalar va barcha mushtariylar mutola qilsa ikkinchisida olimlar ilm bilan mashgʻul boʻlishardi. Qadrdon kutubxona qirq besh yil ichida toʻrt joyga koʻchdi. Bugungi muhtasham ziyo maskani bilan qiyoslasangiz oldingilari moʻjazgina boʻlib koʻrinadi. Milliy kutubxona besh qavatli qasrdan iborat boʻlib, barcha shart-sharoitlarga ega oʻn beshta oʻquv zali, katta-kichik majlislar zali, koʻrgazmalar zali, hatto bolalar xonasi mavjud. Kutubxonaga aʼzo boʻlish tartibi juda qulay. Ikki daqiqada rasmingiz tushirilgan aʼzolik xujjatini qoʻlingizga tutqazishadi. Oʻquv zallari kompyuterlashtirilgan va ular internetga ulangan. Ayvonlari ulugʻvor. Birinchi qavatning ayvonida anʼanaga aylangan INFOLIB – Axbort – kutubxona haftaligining tantanali ochilishi boʻladi. Chor-atrof sharlar bilan bezatiladi. Orkestr goʻzal kuy ijro etib turadi. Oʻzbekiston milliy simfonik orkestrining chiqishlarini xuddi teatrlardagidek ikkinchi qavatning ayvonidan ham tomosha qilish mumkin. Bularning bari Vatanimiz mustaqilligining, mamlakatimizdagi ulugʻvor islohatu bunyodkorlikning sharofati, albatta. Ushbu ziyo maskanida oʻsha muhtashamlikka yarasha dillarga ziyo ulashadigan oʻttizdan ortiq tadbir boʻlib oʻtdi. Haftanoma keng qamrovligi, ayniqsa yosh mutaxassislar, bolalar, umuman yoshlarning ishtiroki hisobga olinganligi bilan ham oʻziga xos boʻlib, katta tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻldi. Haftanomaning har bir kuni oʻziga alohida nomlanadi.
Birinchi kun – ochiq eshiklar kuni. Tantanali ochilish boʻlib oʻtgandan soʻng mutaxassislar uchun “Foydalanuvchilarning axborot madaniyati va mediasavodxonligini shakllantirishda axborot – kutubxona muassasalarining oʻrni” mavzuida davra suhbati boʻlib oʻtadi. Milliy kutubxona rahbariyati davra suhbatini qisqa kirish soʻzi bilan ochib, haftanomaning maqsad – muddaosi bilan tanishtiradi. Yana men qatnashgan tadbirda Toshkent shahar “Bilim” kutubxonasi direktori Hofiza Karimova kutubxonadan foydalanish, biblografik xizmatni samarali yoʻlga qoʻyishdagi ish uslublari, Chilanzar tumanidagi 195-maktab bolalari bilan mediasavodxonlikni yuksaltirishda olib borgan tajribalari xususida gapirdi. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi kutubxonasi direktori Zuhra Berdiyeva Koreya respublikasining kitobxonlik borasidagi ilgʻor tajribalari xususida hikoya qildi.
Axborotlashgan jamiyatning taraqqiy etishi axborot-kutubxona tizimining rivojlanishiga va aholiga xizmat koʻrsatilishining tubdan oʻzgarishiga olib kelganligi tufayli maʼruzalarning ahamiyati katta boʻldi… Kutubxona mutaxassislari bir-birining tajribasini oʻrganishdi, fikr almashishdi. Davra suhbati doirasida mahorat darslari ham boʻlib oʻtdi.
Oʻsha paytda kichik zalda esa navoiyxonlik soatlari oʻtkazildi… Alisher Navoiyning “Hamsat ul – mutaxayyiriyn” asarining navoiyshunos Aziz Qayumov va filologiya fanlari doktori Dinara Azimovaning saʼy-harakatlari bilan rus tiliga oʻgrilgan ”Pyateritsa izumleniy” kitobining taqdimoti boʻldi. Tarjima Navoiy va Jomiy asarlarining jahon maydoniga olib chiqilishida samarali faoliyat boʻldi.
Markaziy Osiyoning ilk ovozsiz filmlari foto koʻrgazmasi tashkil etilib, ovozsiz filmlar namoyishi boʻlib oʻtdi. Sanʼatshunoslik fanlari nomzodi Nigora Karimovaning “Muqaddima” loyihasi asosida tayyorlangan tadbirning qimmatli tomoni shundaki, butun dunyoga kino sanʼati endi kirib kelayotgan bir paytda bizning yurtimizda ham kino sohasi rivojlanganidan dalolat beradi.
Ikkinchi kun-mutaxassislar kuni. Axborot kutubxona sohasi mutaxassislari mahoratini yuksaltirish, kasb nufuzi va ahamiyatini oshirish maqsadida oʻtkazilgan”Axborot kutubxona muassasaining eng yaxshi mutaxassisi” tanlovining respublika bosqichidagi ikki kun davom qildi. U Oʻzbekiston Respublikasi Axborot tenologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlntirish vazirligi, Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirligi, Oʻrta-maxsus va kasb-hunar taʼlimi, Xalq taʼlimi vazirligi tassarufidagi axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislari oʻrtasida oʻtkazildi. Mutaxassislar toʻrt yoʻnalishda oʻz iqtidorlarini namoyish etdilar. Innovatsion texnologiyalar boʻyicha oʻtkazilgan bellashuvi ayniqsa qiziqarli kechdi. Har bir komanda yangi texnologiyalarni joriy etish boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdilar. Masalan, Toshkent shahrining “Olmas” komandasi Uztelekom korxonasi bilan hamkorlikda “SMS-xabarnomasi tashkil etish”gʻoyasini ilgari surdi. Aholini yangi adabiyotlar, tadbirlar, mahorat darslari kabi mavzularda muntazam yangiliklar bilan tanishtirib borish kitobga boʻlgan mehrni kuchaytiriini ifoda etdilar. Andijon viloyati komandasi esa bolalar uchun tayyorlangan “Kitoblar qasri-orzular roʻyobi” innovatsion tenologiyasini namoyish etdi. Kutubxona qoshida kichkintoylarni kitoblar olamiga yetaklovchi kitoblar qasri bunyod etish lozimligini taʼkidlab, qasrning qoʻlda chizilgan loyihasini koʻrsatib, uning ahamiyatini aks ettirdi.
Bellashuvda fargʻonaliklar birinchi, andijonliklar ikkinchi, Toshkent shahri komandasi uchunchi oʻrinni egalladi. Shuninggdek, Buxoro va Toshkent viloyatlariga ham keyigni oʻrinlar ajratildi. Har bir ishtirokchilarga esdalik sovgʻalari topshirildi.
Ayni kunda axborot resurslarini tushinadigan, jahon va milliy madaniy boyliklarni qidirish va amalga oshirish yoʻllarini amalga oshira oladigan bilimdon foydalanuvchilarga ehtiyoj oʻsib bormoqda. KADATA avtomatlashgan axborot kutubxona tizimi boʻyicha treningda Be Pro kompaniyasi mutaxassisi ushbu tizim haqida soʻzlab berdi. Tizimga aʼzo boʻlgan va aʼzo boʻlmagan foydalanuvchilarning kirish qoidalari yaʼni oddiy, kengaytirilgan, mufassal va lugʻat boʻyicha amalga oshiriladigan qidiruv bilan tanishtirdi. Mutaxassis mazkur tizimda ishlash tajribasi bor kutubxona foydalanuvchilari bilan muloqat ham olib bordi. Sohani yanada rivojlantirishda ularning fikrlari asqatishini taʼkidladi.
Kun yakunida Oʻzbekiston Davlat konservatoriyasi va Oʻzbekistondagi Italiya elchixonasi hamkorligida musiqa kechasi boʻldi. Italyan tili asoschisi, buyuk shoir Dante Aligyeri tavalludining 750 yilligiga bagʻishlangan tadbirda yosh ijrochilar ”Ilohiy komediya” asaridan musiqalar ijro etdilar.
Uchinchi kun – ijod kuni. Bu kun asosan yosh ijodkorlar bilan ishlash soatlari boʻldi. Butun eʼtibor kutubxonaning yosh oʻquvchilariga qaratildi. Bu bejiz emas albatta. Zero, mamlakat kelajagi va ilmiy salohiyati ular qoʻlida boʻladi. Kutubxonaning “Tafakkur”zalida 41-maktabning 6-7-sinf oʻquvchilari oʻrtasida “Adabiyot bilimdoni” tanlovida klassik va hozirgi zamon milliy va jahon adabiyoti namoyondalarining eng yaxshi bilimdonini aniqlandi.
“Ijod” zalida esa Toshkent shahar musiqa kollej va litseylari oʻquvchilari uchun musiqiy qobiliyatlarini yuksaltirishga koʻiaklashish maqsadida “Musiqa bilimdoni” tanlovi oʻtkazildi.
Kinomarkazda esa boshlangʻich sinf oʻqituvchilari va oʻquvchilari uchun axborot madaniyati va mediasavodxonlik boʻyicha koʻplab mahorat darslari oʻtkazildi. U YUNYeSKOning “Axborot-kutubxona muassasasi mutaxassislarining axborot madaniyatini va mediasavodxonligini shakllantirish” loyihasi doirasida boʻlib oʻtdi. Darslarni kutubxonaning yetakchi mutaxassislari olib bordilar.
Rus madaniyat markazi bilan hamkorlikda Toshkent shahar maktablarining 3-4-sinf oʻquvchilari orasida “Biz kitobni sevamiz” nomli bolalar chizgan suvratlarining koʻrgazmasi uyushtirilib, tanlov oʻtkazildi.
Kun yakunida “Barkamol avlod” bolalar markazining musiqiy chiqishi hamda Oʻzbekiston xalq shoiri Xurshid Davron bilan ijodiy uchrashuv ishtirokchilarga olam zavq bagʻishladi.
Toʻrtinchi kun-xorijiy tillar kuni Mamlakatimizda bolalarning til oʻrganishiga alohida eʼtibor berilyapti. Bu borada mamlakatimiz Prezilenti I. Karimovning maxsus qarori ham bor. Xalqimiz “til bilgan dil biladi” deydi Shuning uchun ushbu kun talabalarning til egallashishiga koʻmaklashishga bagʻishlandi.
Kutubxonaning“Jahon” zalida AQSH elchixonasi bilan hamkorlikda “AQSHda taʼlim” mavzuida suhbat uyushtirildi. AQSHda taʼlim tizimi, abituriyentlarga qoʻyiladigan talablar, kerakli hujjatlar va ularni topshirish muddatlari, taʼlim olish narxlari, talabalik hayoti va oʻquv davrida ishlash imkoniyatlari, talabalik vizasini rasmiylashtirish va taʼlim olgandan keyingi istiqbollar xususida suhbatlar boʻlib oʻtdi. Yana AQSH elchixonasi bilan hamkorlikda xat va insho yozish koʻnikmalari boʻyicha trening oʻtkazildi va mavzuni mustahkamlovchi viktorina uyushtirildi.
Kichik majlislar zalida esa Britaniya kengashi bilan hamkorlikda “Ingliz tili bilimlari boʻyicha xalqaro IELTS testlari: amaliy savollar” mavzuida suhbat boʻldi. Unda ishtirokchilarIELTS testlariga tayyorgarlik va uni topshirishga doir oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar. Britaniya kengashi bilan hamkorlikda uyushtirilgan ikkinchi bir tadbirda Buyuk Britaniyadagi oliy taʼlim muassasalari xususida maʼlumot berildi.
Toshkentdagi Gyote instituti bilan hamkorlikda nemis tilini oʻrganuvchilar bilan amaliy mashgʻulotlar uyushtirildi. Ishtirokchilar nemis tilini oʻrganishga yordam beradigan internet resurslari bilan tanishib, ular bilan ishlashni amalda sinab koʻrdilar.
Koreya elchixonasi va ”Maragi” klubi bilan hamkorlikda koreyscha soʻzlashish klubining faoliyati bilan tanishdilar. Koreya taʼlimi tizimi va koreys tili bilimlarini aniqlash boʻyicha xalqaro TOPIS testi haqida maʼlumot oldilar. Tadbir soʻngida Koreya Respublikasi madaniyati va tarixi borasidagi bilimlarni baholovchi tanlov boʻlib oʻtdi.
Kun davomida “Jahon adabiyoti” jurnali jamoasi va xalqaro musiqa tanlovlari gʻoliblari Sardor Milano va Sabina Musayevalar bilan ijodiy uchrashuv boʻldi.
Beshinchi kun-madaniyatlar xilma xilligi kuni. Mamlakatimizda bir yuz oʻttizdan ortiq millat vakillari doʻstona va tinch yashab, bir-biridan oʻrganadi va oʻrgatadi. Bu kun tashkil etilgan koʻrgazmalar, konsertlar doʻstona hamkorlikni, osoyishta hayotimizning ramzi boʻldi. Turli-tuman koʻrgazmalar esa yurtimizda turfa millat hunarmandchiligi ardoqlanayotganini ifodaladi. Turli zallarda xalq amaliy sanʼati, badiiy oʻymakorlik, gilamdoʻzlik, kashtachilik boʻyicha mahorat darslari oʻtkazildi. Zargarlik buyumlar koʻrgazmasida oʻz mahsulotlarini namoyish etayotgan Fotima Yusupova shunday deydi: “Men Nizomiy nomidagi pedogogika institutining kasb taʼlimi fakultetini bitkazib, ota-bobolarimning kasbini davom qildirayapman. Zargarlik bilan shugʻullanayotgan toʻrtinchi avlodman. Ustozim otam boʻladi”. Uning shaxsiy koʻrgazmasi juda nozik ishlangan yuzdan ortiq mahsulot milliy va oʻzga millatlarning zargarlik usullari mavjudligi bilan ajralib turardi.
Pskentlik tadbirkor Dilnoza Rahmonqulova milliy mato adrasdan tayyorlangan, chapon, kostyum, nimcha, koʻylak, soʻmka, hamyon kabi mahsulotlari bilan qatnashdi.”Pskent tuman hunarmandlar uyushmamizda 70ta kasanachi va 8ta tadbirkorimiz bor, ular xalq amaliy sanʼati va isteʼmol buyumlari ishlab chiqarishning 42 xil yoʻnalish boʻyicha ishlashadi. Ayni kunda yangi bir yoʻnalishni toshga ishlov berib turli moʻnchoqlar, edalik buyumlar iyasashni yoʻlga qoʻymoqchimiz. Xalqimiz orasida isʼtedod egalari juda koʻp. Ularning faoliyatini toʻgʻri oʻzanga sola bilish kerak, faqat. Bu esa ularning oilasiga ham yurtimizga ham qut-baraka keltiradi”.-deydi u
Tadbirkor Jahongir Umarov hamkorlikda yaratgan oʻquv dasturi boʻyicha Toshkent shahridagi Olmazor yengil sanoat kasb-hunar kollejida gilamchilik mahoratidan dars berilmoqda. “Bunday koʻrgazmalar, mahorat darslari bizni tajriba almashishga va ijodkorlikka chorlaydi. – deydi u.
Tadbirning oxirgi kunida ozarbayjon yozuvchisi Yunus Oʻgʻizning oʻzbek tiliga tarjima qilingan “Malika va jodugar” tarixiy romanining taqdimoti oʻtkazildi.
Tadbir yakunida Oʻzbekiston baynalminal madaniyati markazi qoshidagi azarbayjon, koreys, rus, uygʻur palyak, tatar, qozoq madaniyat markazlarining badiiy chiqishlari boʻldi. Bularning bari osoyisha yurtga toʻylar, bayramlar yarashishini ifodalab turibdi. Eng asosiysi bu tadbirlar har yili oʻtkazilishi anʼanaga aylanganligi bilan goʻzaldir!
Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist