Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 27 iyun kuni “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish, aholi punktlarini obod maskanlarga aylantirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 29 martdagi farmoniga muvofiq qabul qilingan “Obod qishloq” dasturi doirasida joriy yilda 159 ta tumandagi 386 ta qishloqda qurilish-obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Ushbu qishloqlarda 142 mingta yakka tartibdagi uy va mingdan ziyod koʻp qavatli uy, 3 ming kilometr yoʻllarni taʼmirlash, 2,5 ming kilometr elektr energiyasi, 2 ming kilometr ichimlik suv tarmoqlarini qurish va qayta tiklash, 2 ming 400 ta bozor va boshqa infratuzilma obyektlari qurish belgilab olingan.
Bundan tashqari, 388 ta umumtaʼlim maktabi, 313 ta bogʻcha, 168 ta tibbiyot muassasasi, 38 ta mahalla binosi va boshqa ijtimoiy soha obyekti qurish va taʼmirlash rejalashtirilgan.
Yigʻilishda bu borada bajarilgan ishlar tahlil qilinib, galdagi muhim vazifalar belgilab berildi.
Hududlarga qurilish materiallarini uzluksiz va yetarli miqdorda yetkazib berish, qishloqlarda shunday mahsulotlar doʻkonlarini tashkil etish zarurligi taʼkidlandi. Bu belgilangan tadbirlarning sifatli va muddatida bajarilishini taʼminlab, qurilish ishlari narxi oshib ketishining oldini oladi.
Dasturga qoʻshimcha ravishda kiritilgan qishloqlarning bosh rejasini ishlab chiqish, zarur mablagʻlarni shakllantirish, qishloqlarga investitsiyalar jalb qilish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Bunday tarmoqlarni qurish va taʼmirlashni jadallashtirish, shuningdek, yoʻllar, elektr va tabiiy gaz tizimlarini taʼmirlash zarurligi taʼkidlandi.
Qishloqlarda taʼlim va tibbiyot muassasalari, savdo va maishiy xizmat obyektlari qurish, kichik sexlar tashkil etish boʻyicha ham vazifalar belgilandi.
Maʼlumki, Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil 4 iyun kuni Chilonzor tumanidagi “Xirmontepa” va “Tirsakobod” mahallalarida boʻlganida “Obod mahalla” dasturi loyihasini shakllantirish boʻyicha topshiriq bergan edi.
Bugungi kunda tajriba sifatida Toshkent shahrining 11 ta tumani va yurtimizdagi 30 ta shaharda 1 tadan mahalla hududida obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Oʻtgan qisqa vaqtda ushbu 41 ta mahallada 72 milliard soʻmlik ishlar bajarilgan.
Bu boradagi ijobiy tajribani va aholi xohish-istaklarini inobatga olib, “Obod mahalla” dasturi qabul qilindi.
Ushbu dasturga muvofiq joriy yilda har bir shaharda kamida 2 tadan va 2022 yilgacha har yili kamida 3 tadan mahalla qiyofasi tubdan yangilanadi. Ichimlik suvi, elektr va tabiiy gaz, kanalizatsiya tarmoqlarida qurilish-taʼmirlash, sizot suvlari sathini pasaytirish ishlari olib boriladi. Shuningdek, 5 ming 607 kilometr ichki yoʻllar, 369 ta ijtimoiy soha obyektini taʼmirlash, 969 ta bozor infratuzilmasi obyekti va servis shoxobchalari barpo etish moʻljallangan. Buning uchun mahalliy hokimliklar huzurida “Obod mahalla” jamgʻarmalari tuziladi.
– “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish islohotlarimiz orasida eng muhim oʻrinlardan birini egallaydi. Chunki xalqimiz oldida ularning muammolarini hal etish, turmush kechirish sharoiti va hayoti sifatini yaxshilash boʻyicha majburiyat olganmiz, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident mazkur dasturlar doirasidagi qurilish va obodonlashtirish ishlarini tizimli tashkil etish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.