Oʻzbekiston xalq shoiri, Oʻzbekiston qahramoni Erkin Vohidovning «Soʻz latofati» kitobining taqdimotida Oʻzbekistonning Ozarbayjondagi elchisi Bahrom Ashrafxonov, Erkin Vohidovning oʻgʻli Xurshid Vohidov, shoirning shogirdi sifatida, shoir Rustam Mirvohid, tadqiqotchi olima Nigora Umarova ishtirok etdi.
Oʻzbekiston kunining ochilish tantanasida Oʻzbekiston va Ozarbayjon adabiy doʻstligi haqida gapirib, ushbu yangi sheʼrimni taqdim etdim.
Salom senga
Olislardan mehring tuyib kelganim bor,
Nizomiyning yurti deya takror-takror,
Navoiyning ehtiromin koʻrgan diyor,
Ozarbayjon, oʻzbegimdan salom senga,
Ozarbayjon, Xorazmdan salom senga.
Sheʼr halvosin eng totlisin sendan totib,
Fuzuliyning devoni- la tong uygʻotib,
Keldim, sogʻinch paykonlari dilga botib,
Ozarbayjon, oʻzbegimdan salom senga,
Ozarbayjon, Xorazmdan salom senga.
Bunda ishqning pok manzari qadimiy deb,
Ruhimga ham alyorlari nadimiy deb,
Haq rahmatin koʻzgusi ul Nasimiy deb,
Ozarbayjon, oʻzbegimdan salom senga,
Ozarbayjon, Xorazmdan salom senga.
Hayron xonim gʻazallarin daryosidan,
Xurshidbonu taxayyuli dunyosidan,
Afsunlanib keldim soʻzning kimyosidan,
Ozarbayjon, oʻzbegimdan salom senga,
Ozarbayjon, Xorazmdan salom senga.
Mushfiq gʻami koʻzlarimni nam etgancha,
Bunyodzoda yodi boshni xam etgancha,
Keldim, Romiz Ravshan fikrim jam etgancha,
Ozarbayjon, oʻzbegimdan salom senga,
Ozarbayjon, Xorazmdan salom senga.
Ganiradek sher qizlarning onasisan,
Soʻnmas, mangu yulduzlarning onasisan,
Jonga tutash ildizlarning onasisan,
Ozarbayjon, oʻzbegimdan salom senga,
Ozarbayjon, Xorazmdan salom senga.
Ming yillardan bir tan, bir jon boʻlgan elmiz,
Turkiy boʻston ichra xandon ikki gulmiz.
Mangu doʻstlik manziliga tutash yoʻlmiz,
Ozarbayjon, oʻzbegimdan salom senga,
Ozarbayjon, Xorazmdan salom senga.
Shoira Shams. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, Xorazm viloyati boʻlimi mutaxassisi
Suvratda: Shoira Shams oʻzbek xalqining sevimli shoiri Maqsud Shayxzodaning nevarasi Gulshan xonim bilan