Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!
Hurmatli madaniyat va sanʼat namoyandalari!
Bugun yurtimizda katta shodiyona – sanʼat va madaniyat bayrami. Azim Toshkent shahrining qoq markazida xalqimizning ardoqli farzandi, Oʻzbekiston xalq artisti Botir Zokirov xotirasiga bagʻishlab muazzam haykal ochilmoqda.
Mana shu quvonchli voqea munosabati bilan siz, azizlarni, rahmatli Botir Zokirovning yaqinlari, shogird va muxlislarini, butun xalqimizni chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Muhtaram doʻstlar!
Muqaddas yurtimiz zaminidan asrlar davomida ne-ne buyuk alloma va shoirlar, adib va meʼmorlar, muhandis va rassomlar, hofiz va bastakorlar yetishib chiqqanini yaxshi bilamiz. XX asrda ana shunday ulugʻ zotlarning munosib davomchisi boʻlib Botir Zokirov sanʼat maydoniga chiqdi.
Barchamizga maʼlumki, u Oʻzbekiston xalq artisti Karim Zokirov va xonanda Shohista Saidova oilasida, ziyoli bir muhitda tugʻilib, voyaga yetgan edi.
Taqdir Botir Zokirovning zimmasiga oʻzbek estrada sanʼatining asoschisi boʻlishdek ulugʻvor bir vazifani yukladi va bu vazifani u sharaf bilan ado etdi.
U sanʼat olamiga qadam qoʻyganida respublika va sobiq ittifoq sahnalarida biri biridan buyuk va betakror xonandalar shuhrat choʻqqisiga koʻtarilib ulgurgan edi. Ana shunday mashhur sanʼat dargʻalari orasida munosib oʻrin egallash oson emas edi.
Ammo, Alloh taoloning oʻzi Botir Zokirovga ato etgan benazir isteʼdod va insoniy fazilatlar tufayli u sanʼat olamida chinakam moʻjizalar yaratdi.
Bunday yuksak darajaga erishish uchun u avvalo xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyatiga, mumtoz musiqa merosimiz, milliy va umumbashariy qadriyatlarga tayandi.
Botir Zokirov hayot mashaqqatlaridan qoʻrqmaydigan, har qanday sharoitda ham faqat ezgu maqsad sari intiladigan beqiyos iroda va matonat sohibi edi.
Xonanda 1955 yilda, ayni kuchga toʻlgan paytida ogʻir dardga yoʻliqdi. Xastalik tufayli bir necha marta gʻoyat murakkab tibbiy operatsiyalarni boshidan oʻtkazdi. Shifokorlar hofizning hayotini saqlab qolish uchun unga qoʻshiq aytishni taqiqlashga majbur boʻldilar.
Ammo “Kuylamoq – yashamoq demakdir” degan eʼtiqodni hayot mazmuni deb bilgan, ismi jismiga mos oʻzbek oʻgʻloni qoʻshiq aytishdan toʻxtamadi. Qalbidagi ezgu tuygʻularni yanada toʻlib-toshib kuyladi. Hech shubhasiz, bunday jasorat, sanʼatga bunday fidoyilik cheksiz hayrat va tahsinga loyiqdir.
Aziz yurtdoshlar!
Botir Zokirov yashab ijod qilgan murakkab zamonda uning isteʼdodi, shon-shuhratiga gʻarazli koʻz bilan qaraydigan kimsalar ham, afsuski, yoʻq emasdi. Lekin hayotni kurash maydoni deb bilgan bu matonatli inson barcha toʻsiqlarni mardona yengib oʻtdi.
Betakror hofizning billurdek tiniq ovozida xalqimizning asriy orzu-armonlari, yorugʻ kunlarga ishonchi baralla yangradi. U qisqa muddatda sobiq shoʻro makonida millionlab ixlosmandlarga ega boʻlgan sevimli sanʼatkorga aylandi. Botir Zokirov SSSRdagi barcha yirik shaharlar, dunyoning manaman degan madaniyat poytaxtlarida oʻzbek sanʼatini zoʻr muvaffaqiyat bilan namoyish etdi.
Xonandaning ijodiy repertuari uning goʻzal va hassos qalbi singari keng edi. Uni hindlar – hind deb, fransuzlar – fransuz, arablar – arab qoʻshiqchisi deb qabul qilishar edi.
Ayniqsa, 1966 yili Parijga qilgan ijodiy safari Botir Zokirovga olamshumul shuhrat keltirdi. Ushbu shahardagi mashhur “Olimpiya” teatri sahnasiga koʻtarilib, ikki marta kuylash – eʼtibor bering, ikki marta kuylash – dunyoda kamdan-kam ijrochiga nasib etgan. Noyob isteʼdodi bilan jahonni zabt etgan bunday afsonaviy sanʼatkorimiz bilan har qancha faxrlansak, gʻururlansak arziydi.
Qadrli marosim qatnashchilari!
Botir Zokirov juda qisqa – bor-yoʻgʻi 49 yil umr koʻrdi. 29 yoshida Oʻzbekiston xalq artisti unvoniga sazovor boʻldi. Salkam 30 yillik faoliyati davomida oʻzidan rang-barang va boy ijodiy meros qoldirdi. Oʻlmas hofizimizning sehrli ovozi yurtimizdagi har bir xonadonga kirib borib, sanʼatimiz oltin fondidan, xalqimiz qalbidan mustahkam oʻrin egalladi.
U umr boʻyi yangilikka intilib yashagan, izlanishdan charchamaydigan, odamlarga mehribon, olijanob bir inson edi. Sharq folklori va zamonaviy estrada sanʼatini uygʻunlashtirib, “Myuzik-xoll” ijodiy jamoasini tashkil etgani, xonanda va kompozitor sifatida koʻplab isteʼdodli yoshlarga mehr koʻrsatib ustozlik qilganini alohida taʼkidlash lozim.
Xususan, respublikamizda xizmat koʻrsatgan “Yalla” ansamblining tashkil topishida Botir Zokirovning xizmatlari beqiyosdir. Mana, 50 yildirki, ushbu musiqiy jamoa va uning rahbari, 6 ta mamlakatning “Xalq artisti” degan sharafli unvonga sazovor boʻlgan mashhur xonandamiz Farrux Zokirov jonajon Oʻzbekistonimiz shuhratini butun dunyoga tarannum etib kelmoqda.
Bugungi davramizda Oʻzbekiston xalq artisti Gavhar Zokirovani, Ravshan va Bahodir Zokirovlarni, Zokirovlar sulolasining boshqa koʻplab vakillarini koʻrib turganimdan xursandman. Ayniqsa, Gavhar Zokirovaning maʼnaviyatimiz fidoyisi sifatida koʻplab shahar-qishloqlarimizni kezib amalga oshirayotgan ezgu ishlari, yosh avlod tarbiyasi yoʻlidagi katta xizmatlari uchun chin qalbimdan tashakkur bildiraman.
Muhtaram doʻstlar!
Botir Zokirov tom maʼnoda vatanparvar inson edi. Ona Oʻzbekistonimizni, azim Toshkentni cheksiz farzandlik mehri bilan sevar, mahoratli rassom, talantli adib va aktyor sifatidagi faoliyatida ham Vatanga muhabbat tuygʻusi joʻsh urib turar edi.
U oʻtgan asrning 70-yillarida xalq qahramoni Spitamen haqida “Soʻgʻd elining qoploni” opera librettosini yaratgan va bu asar Alisher Navoiy nomidagi akademik katta teatrda muvaffaqiyat bilan namoyish etilgan edi.
Bularning barchasi Botir Zokirovning olmosdek serqirra isteʼdod egasi boʻlganini tasdiqlaydi.
Hurmatli yurtdoshlar!
Inson qadrini ulugʻlash – Yangi Oʻzbekiston siyosatining ustuvor yoʻnalishidir. Ayni shu maqsadda buyuk sanʼatkorimiz Botir Zokirovning soʻnmas xotirasini eʼzozlash, uning ijodiy merosini oʻrganish boʻyicha mamlakatimizda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2021 yili alohida qaror qabul qilinib, xonandaning 85 yillik tavallud ayyomi keng nishonlandi.
Botir Zokirov tahsil olgan Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi joylashgan mana shu goʻzal va obod koʻchaga u kishining tabarruk nomi berildi. Ulugʻ hofizimiz nomidagi milliy mukofot taʼsis etildi, estrada ijrochilarining respublika koʻrik-tanlovi muntazam oʻtkazib kelinmoqda. Botir Zokirov haqida ilmiy va badiiy asarlar, hujjatli film va spektakllar yaratilmoqda, ilmiy anjumanlar, ijodiy uchrashuv va kechalar oʻtkazilmoqda.
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi huzurida, koʻrib turganingizdek, Botir Zokirov nomidagi milliy estrada sanʼati instituti barpo etildi. Ushbu oliygohda tahsil olayotgan navqiron yoshlarimiz orasidan Botir Zokirov kabi ulugʻ sanʼatkorlar albatta yetishib chiqadi, deb ishonamiz va ularning barchasiga omad va zafarlar tilaymiz.
Yaqinda Botir Zokirovning xotira kechasi mamlakatimiz jamoatchiligi hamda xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan, u kishining doʻstlari boʻlmish atoqli sanʼatkorlar ishtirokida katta shodiyona sifatida oʻtkazildi.
Ushbu musiqiy anjuman xalqimizning oʻz ardoqli farzandiga boʻlgan yuksak ehtiromining yana bir yorqin namoyoni boʻldi.
Muhtaram doʻstlar!
Albatta, bugun sizlarning ishtirokingizda ochilayotgan ushbu muhtasham haykal Botir Zokirov xotirasiga oʻrnatilgan ramziy bir timsoldir.
Ayni paytda Yangi Oʻzbekistonda madaniyat va sanʼatni ravnaq toptirish yoʻlida olib borayotgan barcha islohotlarimiz va ularning amaliy natijalari bu ulugʻ ijodkorga eng munosib yodgorlik boʻladi, desam, oʻylaymanki, sizlar ham bu fikrga qoʻshilasiz.
Hozirgi kunda yurtimizdagi yuzlab musiqa va sanʼat maktablarida, texnikum va kollejlar, madaniyat yoʻnalishidagi institutlarimizda, konservatoriyamizda minglab isteʼdodli yoshlarimiz bilim va tarbiya olmoqda. Biz ana shunday iqtidorli oʻgʻil-qizlarimizni milliy sanʼatimiz vorislari, barkamol, vatanparvar insonlar etib voyaga yetkazsak, atoqli sanʼatkorimizning ruhi albatta shod boʻladi.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, Botir Zokirov ijodiy fenomeni milliy sanʼatimiz tarixida butun boshli bir davrni tashkil etadi.
Ulugʻ sanʼatkorimizning xotirasini abadiylashtirish, boy merosini chuqur oʻrganish va jahon miqyosida targʻib qilish boʻyicha boshlagan ishlarimizni davom ettirish maqsadida Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda ushbu masala boʻyicha yangi qaror loyihasini tayyorlash topshiriladi.
Qarorda, jumladan, Toshkent shahrida Botir Zokirov memorial muzeyini barpo etish, estrada sanʼati boʻyicha Botir Zokirov nomidagi xalqaro koʻrik-tanlov tashkil qilish, madaniyat va sanʼat oliy oʻquv yurtlarining talabalari uchun Botir Zokirov nomidagi davlat stipendiyasini joriy etish, “Botir Zokirov” badiiy filmini yaratish, Botir Zokirov nomidagi jamgʻarma va Milliy estrada simfonik orkestri faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash kabi vazifalar koʻzda tutilishi lozim.
Fursatdan foydalanib, ushbu hududni obod etishga munosib hissa qoʻshgan barcha yurtdoshlarimizga, qoʻli gul quruvchi va muhandislar, haykaltarosh va meʼmorlarga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Barchangizni bugungi shodiyona kun bilan yana bir bor tabriklayman. Bu joy poytaxtimiz aholisi va mehmonlari uchun qutlugʻ ziyoratgohga aylanadi, deb ishonaman.
Dunyoga Botir Zokirovdek buyuk zotlarni bergan xalqimiz omon boʻlsin!
Milliy sanʼatimiz doimo gullab-yashnasin!