Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu kunning oʻzida Samarqand shahrida oʻtkazilayotgan Navroʻz shodiyonalarida ham ishtirok etdi.
Alisher Navoiy nomidagi markaziy madaniyat va istirohat bogʻida viloyatning salohiyati, shahar va tumanlarning koʻrgazmalari, sahna koʻrinishlari namoyish etildi.
Davlatimiz rahbari viloyat jamoatchiligi, nuroniylar, faollar, yoshlar bilan suhbatlashib, barchani bayram bilan yana bir bor tabrikladi. Samimiy muloqot chogʻida mamlakatimizdagi islohotlar, odamlar hayotidagi oʻzgarishlar haqida soʻz bordi.
Shavkat Mirziyoyev mazkur bogʻda oʻrnatilgan Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haykallari poyiga gul qoʻydi.
Oʻzbek va tojik adabiyotining buyuk namoyandalari boʻlgan ushbu shoirlar zamondosh, hamfikr boʻlgan. Ularning adabiy merosi bugungi kunda Oʻzbekiston va Tojikiston xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik va qardoshlik aloqalarini mustahkamlashda muhim manba boʻlib xizmat qilmoqda.
Samarqanddagi bayram shodiyonalarida tojikistonlik mehmonlar ham qatnashdi. Prezidentimiz ular bilan suhbatda ajdodlarimizning maʼnaviy merosi xalqlarimizning umumiy boyligi ekani, uni oʻrganish azaliy doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlashini taʼkidladi.