Xalqaro bolalar kitobi kuni

0
401
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida Xalqaro bolalar kitobi kuni munosabati bilan davra suhbati oʻtkazildi. Hudoyberdi Toʻxtaboyev, Anvar Obidjon, Dilshod Rajabov, Xamidulla Akbarov, Neʼmatjon Dushayev, Shukur Abdullayev kabi bolalarning sevimli shoirlari va yozuvchilari ishtirok etdi.

Choʻlpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi muharriri Davron Ulugʻmurodov tadbir ishtirokchilarini qutladi, ularga Xalqaro bolalar kunini nishonlanish tarixi haqida soʻzlab berdi va Oʻzbekiston Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning 2017 yilning 13 sentyabrdagi «Kitob mahsulotlarini nashr qilish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida»gi PQ-3271-son Qarorining ijrosini taʼminlash yoʻlida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida Choʻlpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan chop etilayotgan yangi nashrlar bilan tanishtirdi. Shuningdek, u nashrga tayyorlanayotgan bolalar adabiyotining «Oltin toʻplam» seriyasi haqida maʼlumot berdi va tez kunlarda bolajonlar qoʻllariga tegishini aytdi.

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Hudoyberdi Toʻxtaboyev bolajonlarni ajoyib bayram – Xalqaro bolalar kuni bilan qutlar ekan, ularga ertaklar, ertaklardagi hikmatlar, ularning bolalar tarbiyasidagi koʻrinmas kuchi haqida soʻzlab berdi. Shuningdek adib, Choʻlpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida chop etilayotgan kitoblar, nashrlarning adadi, respublikamizning uzoq hududlariga yetib borishi va ularning narxi bilan bogʻliq muammolar ustida alohida toʻxtaldi.

Bolallarning sevimli shoiri Anvar Obidjon bola tarbiyasida kitobning oʻrnini eʼtirof etib, bolalarni koʻproq mutolaa qilishga chaqirdi. «Kitoblardagi voqealar, ibratli hikoyalar, ezgu ertaklar orqali inson shakllanadi. Kitoblarda maʼno koʻp, fikr koʻp boʻladi. Ertak – bu insonlarni ezgulikka chorlovchi, yomonlikdan qaytaruvchi, ayyorlik, yolgʻonchilikdan ehtiyot boʻlishga chaqiruvchi kichik hayotiy hikoyadir», — dedi va oʻz qalamiga mansub sheʼrlardan namunalar oʻqib berdi.

Bolalarning sevimli shoirlari Dilshod Rajabov, Xamidulla Akbarov, Neʼmatjon Dushayev, Shukur Abdullayevlar ham bolalarni kitobni sevishga, uni asrab, avaylab, sevib mutolaa etishga chaqirdilar va oʻz ijodlaridan sheʼrlar oʻqib berdilar. Chilonzor tumanidagi 138-umumtaʼlim maktabi 6-sinf oʻquvchisi Dinara Narzillayeva ham oʻz qalamiga mansub sheʼrlardan oʻqib, otaxon-shoirlar olqishlariga sazovor boʻldi.

Yunusobod tumani 51-umumtaʼlim maktabi qoshidagi «Gʻuncha» raqs jamoasi tadbir ishtirokchilariga dunyo xalqlari raqslaridan guldasta armugʻon etdi.

Manba: Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.