Davlatimiz rahbari joriy yilning 31 may kuni Chirchiq daryosi boʻyini obodonlashtirishga oid loyiha taqdimoti bilan tanishgan edi.
Daryoning Toshkent shahridan oʻtgan qismi 16 kilometrni tashkil etadi. Ushbu masofada oʻzanni qisqartirib, turli infratuzilma obyektlari barpo etish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda Ohangaron va Bektemir koʻchalari oraligʻidagi 5 kilometr tartibga keltirilmoqda.
Prezident bu yerdagi qurilish jarayonini koʻzdan kechirdi. Bu qismdagi ishlar 2021-2022 yillarda amalga oshiriladi. Natijada 34 gektardan ziyod maydon hosil boʻladi.
Loyiha toʻrt bosqichdan iborat. Ikkinchi bosqichda yana 5 kilometr, uchinchisi va toʻrtinchi bosqichlarda 3 kilometrdan daryo oʻzani tartibga keltiriladi.
Umuman, bu ishlar natijasida 210 gektar qoʻshimcha yer ochiladi. Bu hudud koʻkalamzorlashtirilib, dam olish maskanlari, sayr yoʻlaklari va mahalliy avtomobil yoʻllari barpo etiladi. Shuningdek, zamonaviy uy-joylar, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish inshootlari qurilishi rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari bu hudud shahar ekologiyasi uchun muhimligini taʼkidlab, koʻproq daraxtlar ekish, aholini uchun rekratsion joylarni koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Shu yerda Toshkent shahri va tumanlari hokimlari, sektor rahbarlari, mahalla raislari bilan yigʻilish boʻldi.
Ajratilgan mablagʻlarni toʻgʻri yoʻnaltirib, tadbirkorlikni rivojlantirish, ish oʻrinlarini koʻpaytirish choralari belgilandi. Mahallalarda xizmat koʻrsatish obyektlarini tashkil qilish boʻyicha ishlab chiqilgan 5 ming 400 ta kichik loyihani amalga oshirish orqali 181 mingta yangi ish oʻrni yaratish imkoni borligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda ijtimoiy masalalarga ham alohida eʼtibor qaratildi. Joriy yilning oʻtgan davrida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 24 ming nafar yoshlardan 19,5 ming nafarining bandligi taʼminlangan. Poytaxtda “Ayollar daftari”ga kiritilgan 16 ming nafardan ziyod xotin-qizlarning barchasiga amaliy yordam berilgan.
Davlatimiz rahbari nuroniylar va faollarning takliflari asosida mahallalarni obodonlashtirish, yoʻl va suv tarmoqlarini taʼmirlash, tibbiy xizmatlarni yaxshilash boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi. Yoshlarni kasbga yoʻnaltirish, sport musobaqalari va toʻgaraklarga jalb etish muhimligi taʼkidlandi.
— Bu yil jonajon Oʻzbekistonimiz mustaqilligining 30 yilligini nishonlaymiz. Bu bayramni koʻtarinki ruh bilan, ulkan natijalar bilan kutib olishimiz kerak. Xalqimizni rozi qilish uchun yangi qirralarni, yangi imkoniyatlarni topishimiz zarur, — dedi Prezident.