Mahalla tizimini yanada kuchaytirish masalalari muhokama qilindi

0
77
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 26 sentyabr kuni mahallabay ishlash tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimizda barcha ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar aholi talabidan kelib chiqib, joylarda amalga oshirilmoqda. Buning uchun mahallalarga koʻplab vakolatlar, tashkiliy va moliyaviy imkoniyatlar berildi. Mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektoridan iborat “beshlik tizimi” tashkil etildi. 

Lekin ularning oʻzaro muvofiq ishlashida kamchiliklar, juda koʻp takrorlanishlar bor. Ijtimoiy maqsaddagi mablagʻlar baʼzan samarasiz yoʻnaltirilayapti. Ehtiyojmand aholining masalasini hal qilish viloyat va respublika idorasiga bogʻlanib qolgan. Mahalla xodimlari faoliyatini baholash mezoni yoʻq. Ularning koʻp vaqti “qogʻoz toʻldirish” va majlislarga ketayapti.

Yigʻilishda shu kabi kamchiliklar tahlil qilinib, tizimni takomillashtirish va samaradorligini oshirish boʻyicha yangi yondashuvlar belgilandi.

Unga koʻra, endi mahalla boshqaruviga soliqchi va ijtimoiy xizmat xodimi ham qoʻshilib, “mahalla yettiligi” boʻladi.

Ehtiyojmand aholini roʻyxatga kiritish, moddiy yordam, subsidiya va kredit ajratish kabi 70 dan ortiq masalalar, tuman va viloyat idoralariga chiqmasdan, mahallaning oʻzida jamoaviy hal qilinadi. Shuningdek, Bandlik, Tadbirkorlik va Kasanachilik jamgʻarmalari mablagʻlari har bir mahallaga taqsimlab beriladi. 

Mahallada qulay va elektron ish yuritish yoʻlga qoʻyiladi. Amaldagi uchta platforma – “Onlayn mahalla”, “Xotin-qizlar”, “Yoshlar portali” oʻzaro integratsiya qilinib, yagona tizimda mujassamlashtiriladi. 

“Mahalla yettiligi” ishini muvofiqlashtirishda mahalla raislarining vakolatlari kengaytiriladi. Jumladan, ular hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, soliqchi va ijtimoiy xodimni ragʻbatlantirish yoki intizomiy jazo qoʻllash boʻyicha taqdimnoma kiritish vakolatiga ega boʻladi.

Shulardan kelib chiqib, mutasaddilarga “mahalla yettiligi”ning vazifalarini aniq belgilash va faoliyatini toʻgʻri yoʻnaltirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Ijtimoiy loyihalarga ilmiy va nodavlat tashkilotlarni ham jalb qilish muhimligi aytildi. 

Yigʻilishda mahalla tizimini takomillashtirishning tashkiliy choralari ham belgilandi. Xususan, mahallalarni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha respublika, viloyat va tuman (shahar) kengashlari joriy etiladi. Respublika kengashiga – Bosh vazir, hududiy kengashlarga esa hokimlar rahbarlik qiladi. Kengashlar “mahalla yettiligi” qoʻygan masalalarga yechim topadi, moliyaviy manbalarini hal qilib beradi.

Masʼullarga muhokamada bildirilgan barcha takliflarni inobatga olgan holda, sohaning tashkiliy tuzilmasi, vakolatlari va moliyalashtirish manbalari koʻrsatilgan hujjat loyihasi ishlab chiqish topshirildi.

– Biz faoliyatimizning birinchi kunlaridan hamma ishni mahallada, xalqimiz bilan birgalikda tashkil qilib kelayapmiz. Bu tizimni bosqichma-bosqich rivojlantirdik. Endi yana qoʻshimcha kuch, imkoniyatlar berilyapti. Bu ham vakolat, ham masʼuliyat degani. Mahallalar – davlatimizning eng katta zamini, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yigʻilish soʻngida vazirlar va hokimlar, joylardan mahalla raislari ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar va yangi topshiriqlardan kelib chiqib kelgusidagi ish rejalari boʻyicha axborot berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.