Mahallabay ishlash tizimi natijadorligi tanqidiy tahlil qilindi

0
157
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 aprel kuni mahallabay ishlash tizimi natijadorligini oshirish hamda aholi bandligini taʼminlash masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Bu vazifalar ijrosi, koʻp jihatdan, hududlardagi  iqtisodiyotga bogʻliq. Shu bois, yaqinda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 500 million dollar va 2 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ yoʻnaltirilishi belgilandi. Ayni paytda tadbirkorlarni eng bezovta qilayotgan soliq maʼmurchiligi, tekshiruvlar, ruxsatnomalar tartibi yengillashtirildi.

Yigʻilishda shu ishlarni quyi tizimda tashkil etib, mahallalarni iqtisodiy rivojlantirish, ijtimoiy muammolarni hal qilish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 dekabrdagi farmoniga muvofiq, har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi lavozimi taʼsis etilgan edi. Bu – yangi tizim. Uni toʻgʻri yoʻlga qoʻyib olish juda muhim.

Shu bois yigʻilishda hokim yordamchilari faoliyatining dastlabki natijalari koʻrib chiqildi. Qayd etilganidek, ular uch oy davomida 6 million 900 ming xonadonni xatlovdan oʻtkazib, 4 ta toifaga ajratgan. Xonadonlarning 11 foizi kam daromadli, 47 foizi qoʻshimcha daromadga ehtiyoji bor, 6 foizi ijtimoiy himoyaga muhtoj, 36 foizi oʻziga toʻq oilalar ekani aniqlangan. Shunga qarab, mahalliy rahbarlar faoliyati manzilli tashkil etilib, minglab fuqarolarning ishga joylashishi, kasb-hunar oʻrganishiga koʻmaklashilgan.

Shu uch oyda hokim yordamchilarining tashabbusi bilan 50 mingta oilaviy tadbirkorlik loyihalari uchun 1 trillion 300 milliard soʻm kredit va 20 milliard soʻm subsidiya ajratilgan. Natijada joylarda 47 mingta yangi tadbirkorlar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan, 8 mingta kichik sanoat va servis loyihalari ishga tushirilgan.

Davlatimiz rahbari eng yaxshi natija koʻrsatgan hokim yordamchilarini mukofotlashga koʻrsatma berdi.

Lekin hali natija sezilmayotgan mahallalar koʻp. Misol uchun, 450 ta mahallada ishsizlik darajasi 20 foizdan yuqori.

Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda shunday hududlar koʻrsatib oʻtildi va ularning hokimlari ogohlantirildi. Bir qator shahar va tuman hokimlarining oʻrinbosarlari, sektor boshliqlari vazifasidan ozod qilindi. 

– Odamlarni rozi qilmagan, inson qadrini tushunmagan rahbarlarga oramizda oʻrin yoʻq, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Oʻrganishlar davomida “qoniqarsiz” deb baholangan mahallalardagi holatni yaxshilash boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Buning uchun byudjet xarajatlarini optimallashtirish hisobidan 800 milliard soʻm ajratiladi.

Endi har bir mahalla ixtisoslashuvi boʻyicha qoʻllab-quvvatlanishi taʼkidlandi.

Misol uchun, 2 ming 500 ta mahalla chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilikka ixtisoslashgan. Ular qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlanib, omilkor odamlarga inkubator, xonaki tovuq, asalari uyalari yetkazib berilsa, aholi daromadi yanada oshadi.

Umuman, xonadonlarda chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik yoʻnalishlarda 140 ming nafar aholi bandligini taʼminlash mumkinligi aytildi.

Hunarmandchilik, tikuvchilik, kosibchilik, qandolatchilik kabi kichik ishlab chiqarish loyihalarini mahallaning oʻzida kengaytirsa boʻladi. Prezidentimiz shu maqsadda bunday mahallalarda mikro sanoat markazlari tashkil etish tashabbusini maʼqulladi.

Joriy yilda bu maqsadlarga 500 milliard soʻm yoʻnaltirilishi, ushbu markazlar 5 yil muddatga yer va mol-mulk soligʻidan ozod qilinishi belgilandi. 

Shuningdek, joylarda aniqlangan boʻsh bino-inshootlardan samarali foydalanish, ularni sotish yoki ijaraga berishdan tushgan mablagʻlarni oʻsha mahallaning infratuzilmasini rivojlantirishga sarflash zarurligi qayd etildi.

Xotin-qizlar va nogironligi bor shaxslarni ish bilan taʼminlashda qulay yoʻnalish bu – kasanachilik. Shu maqsadda bugun Oʻzbekiston Prezidentining kasanachilikni rivojlantirish asosida aholi bandligini taʼminlashga doir qarori imzolandi.

Endi, kasanachilar bilan ishlaydigan tadbirkorlarga oilaviy tadbirkorlik dasturidan 500 milliard soʻm yoʻnaltiriladi. Kreditlar boʻyicha Tadbirkorlik jamgʻarmasidan 75 foizlik kafillik beriladi hamda foiz xarajatlarining 10 foizdan yuqori qismi qoplab beriladi.

Shuningdek, kasanachilarga oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar kabi, faqat ijtimoiy soliq toʻlash imkoniyati yaratiladi, olis hududda ishlayotgan kasanachilarning dastlabki 1 oylik ish haqi davlat tomonidan qoplab beriladi.

Viloyat hokimlariga ushbu imkoniyatlardan foydalanib, ehtiyojmand aholi bandligini taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Yurtimizda 2 mingdan ziyod mahalla xizmatlar sohasiga ixtisoslashgan. Bunday hududlarni koʻpaytirish maqsadida, aholisi 20 mingdan oshadigan mahallalarda chakana savdo va xizmat koʻrsatish markazlari tashkil etish zarurligi taʼkidlandi. Bu markazlar ham 5 yil muddatga yer va mol-mulk soligʻidan ozod etiladi.

Videoselektor yigʻilishida hokimlar, ularning yordamchilari mahallabay ishlash va aholi bandligini taʼminlash rejalari boʻyicha axborot berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.