Mahalladagi “oʻsish nuqtasi” sanoat zonasiga aylandi

0
34
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyati Uychi tumanidagi “Qumtepa” yoshlar kichik sanoat zonasida boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mahallalarda shakllangan kasb-hunarlarni rivojlantirib, drayverga aylantirish, shu orqali aholi bandligi va daromadlarini oshirish davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Uychi tumanidagi Qumtepa, Dehqon, Balandariq va Jiydakapa mahallalarida temirchilik shunday yoʻnalish. 

2021 yilda bu yerda temirchilikka ixtisoslashgan sanoat zonasi tashkil etilib, xonadonlardagi usta-hunarmandlarga zarur sharoitlar yaratib berildi. Uch gektar maydonni egallagan majmua yoʻl, energiya, ichimlik va oqova suv kabi barcha infratuzilma bilan taʼminlandi. Shu bilan birga, energiya tejamkor usullar joriy etilib, quyosh panellaridan samarali foydalanilmoqda.

Davlatimiz rahbari bu yerda ishlab chiqarish jarayonini koʻzdan kechirdi, temirchi hunarmandlar bilan suhbatlashdi.

Sanoat zonasida birinchi bosqichda 52 ta loyiha amalga oshirilib, 1 ming 500 dan ortiq ish oʻrni yaratilgan. Ustalar xomashyoni “Aziya metall prof” korxonasi va Toshkent metallurgiya zavodidan olib, temirdan darvoza, eshik, soʻri, panjara va boshqa metall buyumlar ishlab chiqarmoqda.

Joylarda bu mahsulotlarga talab yuqori. Shu bois tadbirkorlar barcha viloyatlarda oʻz savdo uylari va ishlab chiqarish filiallarini ochgan. Bundan tashqari,  qoʻshni davlatlarga 1,2 million dollarlik mahsulot eksport qilingan.  

Ikkinchi bosqichda yana 45 ta loyihani amalga oshirish, 1 ming 330 ta qoʻshimcha ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz mutasaddilarga sanoat zonasi maydonidan samarali foydalanish, yoshlarni va ishsiz fuqarolarni hunarga jalb etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Shu yerda mahallabay ishlash orqali ishsizlikni kamaytirish boʻyicha vazifalar muhokama qilindi.

Sayxunobod tajribasi asosida 14 ta tumandagi 788 ta mahallaga iqtisodiy idoralarning rahbar va masʼul xodimlari biriktirilgan. Ular “mahalla yettiligi” bilan birga 557 ming xonadondagi imkoniyatlarni oʻrgangan. 

— Men Sayxunobodda “bu yil iqtisodiyotimizda hayotiy uygʻonish va yuksalish yili boʻladi” dedim. Maqsad — inson salohiyatiga kapital yoʻnaltirish, uni harakatga undash, dunyoqarashni oʻzgartirish. Uychi tumani ham iqtisodiyoti ogʻir hudud. Ushbu tizim asosida ishsizlarga tomorqadan daromad topish, oʻz ishini ochish, qobiliyatini yuzaga chiqarishga koʻmaklashish kerak, — dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari Qumtepa mahallasi markazida ham boʻlib, aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. 

Mazkur mahallada 5 ming 200 nafarga yaqin aholi yashaydi. Xonadonlar metalni qayta ishlash, dehqonchilik va xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan. 

Bu yil mahalla qiyofasi yaxshilandi. Mahalla idorasi uchun yangi bino qurildi. Barcha xonadonlar ichimlik suvi taʼminotiga ulandi. Ichki yoʻllar, elektr tarmoqlari taʼmirlandi. “Yashil makon” dasturi doirasida yoʻl boʻylariga mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekildi.

Mahallada tikuvchilik sexi, goʻzallik saloni, sport maydonchalari, tibbiyot punkti, kutubxona, oziq-ovqat doʻkonlari hamda dorixonalar aholiga xizmat koʻrsatmoqda.

Yangi mahalla binosida Tadbirkorlarga koʻmaklashish markazi ham tashkil etildi. Bu yerda aholi va tadbirkorlar ayrim davlat xizmatlaridan foydalanishi mumkin. Prezident buni maʼqullab, davlat idoralari bilan bogʻliq masalalarni iloji boricha mahallalarning oʻzida hal etish zarurligini taʼkidladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.