Mahallalar obodligini taʼminlash tizimi taqdimot qilindi

0
43
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 iyun kuni mahallalar obodligini taʼminlash boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimizda barcha dasturlar mahallalarda amalga oshirilmoqda. Bu tizimga katta vakolat va imkoniyatlar berilmoqda. Ulardagi obodlik, muhit ham shunga yarasha boʻlishi kerak.

Bugungi kunda yurtimizda 10 mingga yaqin mahalla bor. Shundan qariyb 3 mingtasi koʻp qavatli uylardan iborat boʻlib, ularga 821 ta boshqaruv servis kompaniyasi xizmat koʻrsatmoqda. Hovli uylar joylashgan 6 ming 400 dan ziyod mahallada esa obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari, asosan, hashar bilan qilinadi.

Shu bois bunday joylarda “Mahalla servis kompaniyasi” tashkil qilish taklif etilmoqda. Unga koʻra, bu tashkilotlar mahallalarni obodonlashtirish bilan shugʻullanadi, koʻchalar va ariqlar tozaligini taʼminlaydi, koʻchatlar ekib, parvarishlaydi. Shartnoma asosida kommunal tarmoqlarni taʼmirlash, chiqindilarni saralash va tashish xizmatlarini ham koʻrsatadi.

Servis kompaniyasi mahalla fuqarolar yigʻini kengashining qarori asosida salohiyatli tadbirkorlar orasidan tanlab olinadi. Obodonchilik ishlari mahallaning buyurtmasi va nazorati asosida amalga oshiriladi. Servis kompaniyalari xizmatlariga toʻlovlar qilish uchun mahalla fuqarolar yigʻinlariga har oyda 20 million soʻmdan mablagʻ ajratiladi. Shuningdek, ular aholiga 20 dan ortiq ijtimoiy pulli xizmatlar koʻrsatishi ham mumkin boʻladi.

Umuman, bu tizim natijasida mahallalarga fayz kiradi, odamlarda ozodalik va daxldorlik madaniyati kuchayadi. Mahallada yashovchi ustalar va vaqtincha ishsiz kishilarning bandligi taʼminlanadi.

Taqdimotda servis kompaniyalari avval tajriba tariqasida 208 ta mahallada tashkil etilishi belgilandi. Ushbu tajriba natijasi boʻyicha keyinchalik barcha mahallalarda joriy qilish taklifi bildirildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.