Mahallalarda aholi daromadini oshirish masalalari koʻrib chiqildi

0
88
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 7 mart kuni mahallalarda aholi daromadini oshirish va kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimizda ishsizlikni kamaytirish maqsadida koʻplab iqtisodiy dasturlar amalga oshirilmoqda. Kichik biznes va tadbirkorlik qoʻllab-quvvatlanib, hududlarda korxonalar ochilmoqda. Professional taʼlim muassasalari va “Ishga marhamat” monomarkazlarida aholiga zamonaviy kasb-hunarlar hamda xorijiy tillar oʻrgatilmoqda.

Bu yil 5 million aholining bandligini taʼminlash, 2 million kishini tadbirkorlikka jalb etish maqsad qilingan. Buning uchun davlat tomonidan barcha tashkiliy va moliyaviy imkoniyatlar yaratilgan.

Xususan, bu maqsadlarga 16 trillion soʻm ajratildi. Shuningdek, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Mahallabay ishlash agentligi, Fermerlar kengashi jamgʻarmalari tomonidan 1,4 trillion soʻm yoʻnaltiriladi.

Endi asosiy vazifa – bu imkoniyatlarni joylarda samarali ishlatib, aholiga daromad manbai yaratib berishdir.

Prezident topshirigʻiga muvofiq, Jizzax viloyatining Gʻallaorol va Sharof Rashidov tumanlari misolida bu borada tez natija beradigan yangi mexanizmlar ishlab chiqilmoqda. Kelgusida bu tizim barcha hududlarda joriy etiladi.

Yigʻilishda Bosh vazir oʻrinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri J.Qoʻchqorov mazkur tumanlardagi yangi imkoniyatlar va ularni ishga solish boʻyicha takliflarni bayon etdi.

Unga koʻra, har bir mahallaga iqtisodiy kompleks tashkilotlari rahbarlari biriktiriladi. Ular oʻzi masʼul boʻlgan mahalladagi kambagʻal oilalar bilan manzilli ishlab, odamlarning daromadini oshirishga koʻmaklashadi. Arzon kreditlar, subsidiya va imtiyozli resurslar, eng avvalo, aholini kambagʻallikdan chiqarishga yoʻnaltiriladi. Yashirin biznes qonuniylashtirilib, rasmiy ish oʻrni koʻpaytiriladi.

Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi ham, mahallaga masʼullar bilan birga, aholi xonadonlarida serdaromad ekin ekishni tashkil qiladi.

Yangi uskunalar va bozor talablarini mahallalarga yetkazish orqali aholiga daromadni oshirishni oʻrgatish zarurligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda vazirlar va hokimlarning ham fikrlari eshitildi. Viloyat hokimlariga rivojlanishdan orqada qolayotgan tumanlarda shu kabi ishlarni tashkil etib, namuna qilish, har bir mahalla kesimida ishsizlikni kamaytirish choralarini koʻrish topshirildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.