Mahallalarda bandlikni taʼminlash va mehnat migratsiyasini tartibli tashkil etish choralari muhokama qilindi

0
62
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida mahallalarda bandlikni taʼminlash va mehnat migratsiyasini tartibli tashkil etish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Bandlik va aholi daromadini oshirish – davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishi. Shu maqsadda koʻplab iqtisodiy-ijtimoiy dasturlar amalga oshirilmoqda. Yangi-yangi loyihalar ishga tushirilmoqda. Tadbirkorlik va oʻzini oʻzi band qilishga keng yoʻl ochilgan.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan, barcha hududlarda Sayxunobod tajribasi amalga oshirilayotir. Mutasaddilar bu boradagi ishlarning tuman va mahallalar kesimidagi ijrosi yuzasidan axborot berdi.

Qayd etilganidek, har bir mahallaga iqtisodiy kompleks tashkilotlari rahbarlari biriktirilgan. Ular u yerdagi kambagʻal oilalar bilan manzilli ishlab, odamlarning daromadini oshirishga koʻmaklashmoqda. Buning uchun arzon kreditlar, subsidiya va imtiyozlar yoʻnaltirilayapti. Agrosanoat mutaxassislari bilan birga, aholi tomorqalarida serdaromad ekinlar ekilayapti.

Prezidentimiz ishlar hamma joyda ham birdek tashkil qilinmayotganini koʻrsatib oʻtdi. Bugungi murakkab vaziyatda odamlarni ishli va daromadli qilishning yagona yoʻli ichki imkoniyatlarni toʻla safarbar etish ekanini taʼkidladi.

Fuqarolarni chet elda ishlashga tartibli va xavfsiz joʻnatish, yurtimizga qaytganlarning bandligini taʼminlash ham muhim vazifalardan. Shu bois Bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faoliyati isloh qilinmoqda. Barcha hududlarda “Xorijga ish – mahalladan” tamoyili yoʻlga qoʻyilmoqda.

Yetarli malakasi boʻlmagan fuqarolar kasb-hunarga qoʻshimcha oʻqitiladi, xorijlik ish beruvchilar talabiga qarab maqsadli tayyorlanadi. Shu asosida yaqin muddatlarda 150 ming kishi daromadi yuqori mamlakatlarga yuborilishi moʻljallangan.

Mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Sayxunobod tajribasi asosida ularga tomorqada mahsulot yetishtirish, tadbirkorligini ochishga tashkiliy-moliyaviy koʻmak beriladi.

Davlatimiz rahbari fuqarolarga sifatli xizmat koʻrsatish, bandlikni taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha koʻrsatmalar berdi.

Migratsiya boʻyicha yagona axborot platformasini yaratib, “mahalla yettiligi” tizimi bilan integratsiya qilish, xorijda qiyin vaziyatga tushib qolgan yurtdoshlarimizga koʻmaklashish zarurligi taʼkidlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.