Mahallalarda ish oʻrinlari yaratish va oilalar daromadini koʻpaytirish yangi tizimning asosiy mezoni boʻladi

0
174
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 yanvar kuni mahallabay ishlashning yangi tizimini yoʻlga qoʻyish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha 2022 yildagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Faol islohotlar, tadbirkorlikni rivojlantirish va mahallabay ishlash natijasida oʻtgan yili mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot 7,4 foizga oʻsdi. Hududlarda 100 mingta yangi tadbirkor ish boshladi. Oʻzini oʻzi band qilganlar soni 700 mingga koʻpayib, 1,2 millionga yetdi.

– 2022 yilni Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili, deb eʼlon qildik. Shu bois bu yil barcha mahallalarda tub oʻzgarishlar boʻlishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Yangi yildan 9 ming 309 nafar “hokim yordamchilari” ish boshladi. Ushbu tizimga masʼul boʻlgan Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi faoliyati tashkil etilib, barcha masalalar hal qilib berildi.

Yigʻilishda mahallabay ishlash tizimini tashkil etish uchun amalga oshirilishi lozim boʻlgan navbatdagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Xususan, mutasaddilar mahallada hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etib, kambagʻallikni qisqartirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga shaxsan masʼul boʻlishi koʻrsatib oʻtildi.

Hokim yordamchilari “temir”, “ayollar” va “yoshlar” daftarlari doirasida oʻz mahallalarida oʻrganishlar oʻtkazib, ijtimoiy reestrni qaytadan yangilashi lozimligi taʼkidlandi.

Bunda, eng avvalo, ishlash imkoniyati va xohishi bor, lekin sharoiti ogʻir oilalarni oʻqitish va oʻz ishini boshlashi uchun imtiyozli kredit, subsidiya yoki dehqon xoʻjaligi uchun ularga yer maydonlari ajratish yoʻlga qoʻyiladi.

– Aholini oʻqitish va tadbirkorlikka jalb qilishga katta hajmda kredit va subsidiyalar ajratilmoqda. Lekin, joylarda aksariyat odamlar ulardan bexabar desak, bu ham haqiqat, – dedi Prezident. – Shuning uchun hokim yordamchilari aholi bilan har kuni ishlab, ularga mavjud sharoitlarni yetkazishi, tadbirkorlik va dehqonchilikka oʻrgatish orqali kambagʻallikdan chiqarishi lozim.

Ushbu maqsadlar uchun joriy yilda 10 trillion soʻm imtiyozli kredit va 2,5 trillion soʻm subsidiya (har bir mahallaga oʻrtacha 1,3 milliard soʻm) ajratilishi maʼlum qilindi.

Bu borada mahallada tadbirkorlik va dehqonchilikni rivojlantirish uchun oilalarni zarur asbob-uskunalar va ish qurollari bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratish zarurligi qayd etildi.

Joriy yil dehqonchilik uchun ajratilayotgan 80 ming gektar ekin maydoni ham birinchi navbatda yuqorida qayd etilgan toifadagi oilalarga beriladi. Shu orqali 500 ming aholini doimiy daromad manbai bilan taʼminlash mumkin.

Mutasaddilar oldiga ekin yerlarini ajratish ishlarini tanqidiy muhokama qilib borish, aholini parrandachilik, qoʻy-echkichilik, quyonchilik, baliqchilik, asalarichilik bilan band qilish uchun yetakchi tadbirkorlarni jalb etish, mavjud imkoniyatlarni oʻrganib, tadbirkorlar ishtirokida mahallalarni inkubator bilan taʼminlash, yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini kafolatli sotib olish tizimini tashkil etish vazifasi qoʻyildi.

– Bir narsani hamma aniq tushunib olishi zarur. Hokim yordamchilari – Prezidentning mahalladagi vakillari hisoblanadi. Ularning asosiy vazifasi – oʻz mahallasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ish oʻrni yaratish,  kambagʻallikni qisqartirish va oilalar daromadini koʻpaytirishdan iborat.

Buning uchun hokim yordamchilari har qanday byurokratiyadan xoli boʻlishi, hech qaysi hokim yoki rahbar ularni majlislarga chaqirmasligi, turli hisobotlar bilan “koʻmib tashlamasligi” lozim. Ular uchun faqat sharoit yaratib berishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yigʻilishda aholi murojaatlari orqali joylardagi vaziyat oʻrganilib, mahallalar qiyofasi va ijtimoiy muhitini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratish lozimligi koʻrsatib oʻtildi.

Bu ishlar, avvalo, iqtisodiy va ijtimoiy ahvoli nisbatan ogʻir boʻlgan mahallalardan boshlanadi.

Shu munosabat bilan ushbu mahallalarda infratuzilmani yaxshilash, ichimlik suvi tarmoqlarini, bogʻcha, maktab, tibbiyot muassasalari, madaniyat markazlarini taʼmirlash va qurish, bir soʻz bilan aytganda, odamlarni rozi qilishga ustuvor ahamiyat berish lozimligi qayd etildi.

Yigʻilishda tarmoq va hududlar rahbarlari yangicha tizimda ishlash yuzasidan rejalarini bayon qildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.