Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

0
176
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mahallalarda yoshlar oʻrtasida ommaviy sport musobaqalarini tizimli tashkil etish orqali sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish, ularni ommaviy sportga jalb etishni yangi bosqichga olib chiqish hamda 2022-2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi 67-maqsadida belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlash uchun:

1. Quyidagilar ommaviy sportni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

mahallalarda yoshlarning ommaviy sport bilan shugʻullanishlari uchun moddiy-texnik bazani mustahkamlash va sport inshootlarini zamonaviy sport jihozlari bilan taʼminlash, shuningdek, imkoniyati cheklangan yoshlar uchun tegishli sport infratuzilmasini yaratish;

aholining keng qatlamlari, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, ular oʻrtasida ommaviy sport musobaqalarini tashkil etish orqali yoshlarning ommaviy sportdagi ulushini oshirish;

ommaviy sport bilan muntazam shugʻullanuvchi oilalarga mahallalar va istirohat bogʻlarida sharoit yaratish va oilaviy sportni ragʻbatlantirish mexanizmlarini joriy etish;

ommaviy sport tadbirlari davomida oʻquvchilari gʻolib va sovrindor boʻlgan umumiy oʻrta taʼlim maktablarining jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari va sport-taʼlim muassasalarining trenerlari mehnatini munosib ragʻbatlantirish va ularning faoliyat olib borishi uchun sharoit yaratish.

2. Mahallalarda yoshlar oʻrtasida ommaviy sportni yanada rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xalq salomatligi milliy kengashi (A.N. Aripov):

yoshlarni jismoniy tarbiya va ommaviy sportga keng jalb qilish, shu jumladan, mazkur Dasturda belgilangan vazifalarning toʻliq va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan masʼul vazirlik, idora va mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirsin;

mahallalarda ommaviy sport musobaqalarini oʻtkazish boʻyicha ishchi guruhlar faoliyatini samarali tashkil etsin, ularga uslubiy koʻmaklashsin va musobaqalar samaradorligini baholash reyting tizimini joriy qilsin;

ommaviy sport musobaqalari tashkil qilinadigan olimpiya, noolimpiya va milliy sport turlari roʻyxatini tasdiqlasin;

yoshlarni ommaviy sportga jalb qilish boʻyicha belgilangan vazifalarning ijrosini va har yili ikki mavsumda ommaviy sport musobaqalari oʻtkazilishini taʼminlasin hamda barcha bosqich natijalarini tahlil qilsin va tizimli monitoringini olib borsin;

ommaviy sport musobaqalarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha tegishli qarorlarni qabul qilsin, yoʻl xaritalari, dasturlarni tasdiqlasin hamda bajarilishi ustidan nazorat oʻrnatsin.

4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

a) 2022 yildan boshlab har yili anʼanaviy tarzda 30 iyun  Oʻzbekiston Respublikasi yoshlari kuni hamda dekabr oyida oʻtkaziladigan “Yoshlar forumi” doirasida sportning futbolminifutbolvoleybolengil atletikashaxmatshashkastol tennisistritbolvorkaut turlari boʻyicha besh bosqichli ommaviy sport musobaqalarini oʻtkazish tizimi joriy etiladi:

birinchi bosqichda – koʻchalararo mahalla musobaqalari;

ikkinchi bosqichda – mahallalararo sektor musobaqalari;

uchinchi bosqichda – sektor musobaqalarida gʻolib boʻlgan mahalla jamoalari oʻrtasida tuman (shahar) musobaqalari;

toʻrtinchi bosqichda – tuman (shahar) musobaqalari gʻolib mahalla jamoalari oʻrtasida viloyat musobaqalari;

beshinchi bosqichda – viloyat musobaqalarida gʻolib boʻlgan mahalla jamoalari oʻrtasida respublika (final) musobaqalari.

Bunda, mazkur kichik bandda koʻrsatilgan ommaviy sport musobaqalari mahallalarda yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, kitobxonlik, madaniyat va sanʼat, intellektual oʻyinlar, axborot texnologiyalari hamda sport turlari boʻyicha tashkil etilayotgan besh bosqichli “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida oʻtkaziladi;

b) 2023 yil 1 martdan boshlab olimpiya, noolimpiya va milliy sport turlari boʻyicha uch bosqichli umumrespublika sport musobaqalarini oʻtkazish tizimi joriy qilinadi:

birinchi bosqichda – tuman (shahar) musobaqalari;

ikkinchi bosqichda – viloyat musobaqalari;

uchinchi bosqichda – respublika (final) musobaqalari.

Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov) olimpiya, noolimpiya va milliy sport turlari boʻyicha sport musobaqalarini oʻtkazish dasturining ishlab chiqilishi, sport musobaqalari oʻtkaziladigan sport obyektlari infratuzilmasining yaxshilanishi va zarur sport inventarlari bilan jihozlanishi, sport musobaqalarining yuqori darajada tashkil etilishi hamda gʻolib va sovrindorlarning munosib ragʻbatlantirilishini taʼminlasin.

5. Belgilansinki:

a) “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi sport musobaqalarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish:

mahalla bosqichida – Xalq taʼlimi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va Sportni rivojlantirish vazirligi;

sektor bosqichida – sektor rahbarlari;

tuman (shahar) bosqichida – tuman (shahar) hokimlari;

viloyat bosqichida – Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari;

respublika (final) bosqichida – Sportni rivojlantirish vazirligi va Yoshlar ishlari agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

Bunda, musobaqalarning har bir bosqichida gʻolib boʻlgan yoshlar ushbu kichik bandga masʼul davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ragʻbatlantiriladi;

b) olimpiya, noolimpiya va milliy sport turlari boʻyicha uch bosqichli umumrespublika sport musobaqalarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish:

tuman bosqichida – tuman (shahar) hokimlari, Xalq taʼlimi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va Sportni rivojlantirish vazirligining tuman (shahar) boʻlimlari rahbarlari;

viloyat bosqichida – Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, Xalq taʼlimi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va Sportni rivojlantirish vazirligi hududiy boʻlinmalarining rahbarlari, oliy taʼlim muassasalari rektorlari;

respublika (final) bosqichida – Sportni rivojlantirish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

Bunda, musobaqalarning har bir bosqichida gʻolib boʻlgan yoshlar ushbu kichik bandga masʼul davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ragʻbatlantiriladi.

6. Quyidagilar “Besh tashabbus olimpiadasi” hamda olimpiya, noolimpiya va milliy sport turlari boʻyicha uch bosqichli umumrespublika sport musobaqalarini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi sport musobaqalarini tizimli tashkil etish va oʻtkazish uchun Sportni rivojlantirish vazirligiga Davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan 2022 yildan boshlab har yili 50 milliard soʻm miqdordagi mablagʻlar;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari mablagʻlari;

jamgʻarmalar, sport federatsiya (assotsiatsiya)lari, klublari, xorijiy investorlar, jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari mablagʻlari;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

7. Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov):

Moliya vazirligi (T.Ishmetov) bilan birgalikda uch oy muddatda hududlarda yoshlarni ommaviy sportga keng jalb qilish maqsadida bolalar-oʻsmirlar sport maktablarining yoʻriqchi-uslubchi shtat birliklari hisobiga bolalar-oʻsmirlar sport maktabi direktorining ommaviy sportni rivojlantirish va seleksiya boʻyicha oʻrinbosari lavozimini joriy etsin;

Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi (O.Kasimov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda sport turlari boʻyicha tuman (shahar)larning terma va sektor jamoalarini shakllantirsin va sport-taʼlim muassasalariga iqtidorli yoshlarni saralab olish boʻyicha masʼul etib belgilansin.

8. Shunday amaliyot joriy qilinsinki, unga muvofiq “Besh tashabbus olimpiadasi” hamda olimpiya, noolimpiya va milliy sport turlari boʻyicha uch bosqichli umumrespublika sport musobaqalari davomida gʻolib va sovrindorlarni (1-3 oʻrin) tayyorlagan umumiy oʻrta taʼlim maktablarining jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari va sport-taʼlim muassasalarining trenerlari malaka attestatsiyasiga jalb etilmaydi va ularga quyidagi malaka toifalari toʻgʻridan-toʻgʻri beriladi:

tuman (shahar) bosqichi musobaqalarida gʻolib va sovrindorlarni tayyorlagani uchun – ikkinchi malaka toifasi;

viloyat bosqichi musobaqalarida gʻolib va sovrindorlarni tayyorlagani uchun – birinchi malaka toifasi;

respublika (final) bosqichida gʻolib va sovrindorlarni tayyorlagani uchun – oliy malaka toifasi.

9. Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov):

a) sport federatsiya (assotsiatsiya)lari bilan birgalikda ikki oy muddatda:

mahallalarda ommaviy sport musobaqalarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha har bir masʼulning ish faoliyatini toʻliq baholashga qaratilgan reyting tizimini joriy etsin;

yoshlar oʻrtasida ommaviy sport musobaqalarini ommalashtirish va ularning qiziqishlarini kuchaytirish maqsadida tajribali va taniqli sportchilar ishtirokida motivatsion uchrashuvlar tashkil etish tizimini yoʻlga qoʻysin;

b) Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda 2022 yil yakuniga qadar 6 million nafar yoshlarning ommaviy sport tadbirlari bilan qamrab olinishini taʼminlasin.

10. Yoshlar ishlari agentligi (A.Saʼdullayev):

uch oy muddatda yoshlar orasida “Besh tashabbus olimpiadasi”, ommaviy sportni targʻib qiluvchi materiallarni (buklet, banner va boshqalar) kreativ vositalardan foydalangan holda tayyorlasin va mahallalarga tarqatish choralarini koʻrsin;

ijtimoiy tarmoqlarda yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ular oʻrtasida ommaviy sport musobaqalarini ommalashtirishga qaratilgan motivatsion roliklar tayyorlasin;

Sportni rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda ommaviy sport musobaqalarini namunali tashkil etgan yoshlar yetakchilari va boshqa masʼul shaxslar uchun oʻquv seminarlari tashkil etsin va maxsus sertifikat berish tizimini yoʻlga qoʻysin;

mahallalarda musobaqalarni namunaviy tashkil etgan yoshlar yetakchilarini ragʻbatlantirish choralarini koʻrsin.

11. Xalq taʼlimi vazirligi (B.Saidov):

2022/2023 oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta taʼlim maktablarida oʻquvchilarning qiziqishlari, talab va istaklaridan kelib chiqqan holda, jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari hamda taniqli va faxriy sportchilar tomonidan kamida 1 ta sport turi boʻyicha toʻgaraklar faoliyatini tashkil etsin;

toʻgaraklar faoliyatini keng yoritish va ularga oʻquvchilarni qamrab olish maqsadida barcha umumiy oʻrta taʼlim maktablarida toʻgarak jadvali boʻlishini taʼminlasin;

har bir umumiy oʻrta taʼlim maktabida futbolbasketbolvoleybolgandbol va boshqa jamoaviy oʻyin turlari boʻyicha jamoalar tuzsin hamda muntazam ravishda maktab jamoalari oʻrtasida musobaqalar oʻtkazsin;

Sportni rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda bolalar-oʻsmirlar sport maktablarining yoʻriqchi-uslubchilari tomonidan har chorakda bir marta umumiy oʻrta taʼlim maktablarining jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilariga metodik yordam koʻrsatilishini tashkil etsin.

12. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A.Toshkulov):

2022 yil 1 mayga qadar talabalar sportini yanada rivojlantirish uchun oliy taʼlim muassasalarida tashkil etilgan sport klublari oʻrtasida musobaqalarni oʻtkazsin;

ikki oy muddatda oliy taʼlim muassasalarini sport turlariga ixtisoslashtirish roʻyxatini talabalarning xohish va istaklarini inobatga olgan holda qayta koʻrib chiqsin;

amalga oshirilgan ishlar yuzasidan har chorak yakuni boʻyicha Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xalq salomatligi milliy kengashiga axborot kiritib borsin.

13. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har yili 1 fevralga qadar ommaviy sport musobaqalarini oʻtkazish yuzasidan quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin:

sport musobaqalarining respublika (final) bosqichlari boʻlib oʻtadigan hududlar va u yerda joylashgan sport infratuzilmasi obyektlarini homiylik xayriyalari hamda byudjetdan tashqari mablagʻlarni jalb etgan holda talab darajasida tayyorlash;

ommaviy sport musobaqalarini yuqori saviyada oʻtkazish uchun sport inshootlarini sport jihozlari bilan taʼminlash;

ommaviy sport musobaqalarining mahalla bosqichidan viloyat bosqichiga qadar oʻtkazilgan musobaqalarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan ishtirokchilarni 1, 2 va 3-darajali diplom, medal, kubok, esdalik sovgʻalari bilan taqdirlash;

hududlarda tashkil etiladigan boshqa sport musobaqalari tuman (shahar) va viloyat bosqichi gʻoliblari uchun hokim sovrinini taʼsis etish;

sport musobaqalari davomida har bir ishtirokchining qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy gʻurur va iftixor tuygʻularini qaror toptirish, ularning buyuk ajdodlarimizning mardlik va jasurlik anʼanalarini munosib davom ettirishga qodir insonlar boʻlib yetishishiga xizmat qiladigan madaniy-maʼrifiy tadbirlar dasturini amalga oshirish.

14. Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov), Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A.Koʻchimov) hamda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjayev) ikki hafta muddatda mazkur qaror asosida amalga oshirilayotgan ishlarni ommalashtirishga qaratilgan maqolalar, tematik telekoʻrsatuvlar tashkil etish hamda quyidagilarni nazarda tutuvchi ommaviy sport musobaqalarini keng targʻib qilish boʻyicha media-reja ishlab chiqsin va amalga oshirsin:

ommaviy sport musobaqalarining oʻtkazilishi toʻgʻrisida maxsus roliklar tayyorlash va efirga joylashtirish;

ommaviy sport musobaqalarini yanada ommalashtirish boʻyicha faxriy ustozlar va nufuzli musobaqalar gʻoliblari ishtirokida turkum koʻrsatuvlarni tashkil etish;

ommaviy sport musobaqalarida yoshlar tomonidan erishilgan yutuqlar, shuningdek, ommaviy sport musobaqalarining oʻtkazilish jarayonlarini keng yoritish va targʻib qilish ishlarini muntazam amalga oshirish.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bir oy muddatda hududiy telekanallar, ommaviy axborot vositalarida mazkur qarorning maqsad va vazifalari, ommaviy sport musobaqalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni keng yoritib borish boʻyicha media-reja ishlab chiqsin va amalga oshirsin.

15. Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov) ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Ushbu qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sportni rivojlantirish vaziri A.I.Ikramov, sportni rivojlantirish vaziri oʻrinbosari A.U.Aslonov, Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Z.Saʼdullayev, xalq taʼlimi vaziri B.O.Saidov, oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.X.Toshkulov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har yarim yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti             Sh.MIRZIYOYEV

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.