Mahallaning yangi qiyofasi koʻzdan kechirildi

0
79
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi Dilbogʻ mahallasida boʻlib, aholi turmush sharoiti bilan yaqindan tanishdi.

Mahallada 5 ming 200 nafardan ortiq aholi yashaydi. 26 ta koʻp qavatli uy, maktab va bogʻchalar, savdo shoxobchalari  atrofi obod qilingan.

Yurtimizda har bir mahalla ixtisoslashuvidan kelib chiqib rivojlantirilmoqda. Dilbogʻliklar asosan tadbirkorlik va hunarmandlik bilan shugʻullanadi. 15 ta savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchasi, bitta ishlab chiqarish korxonasi, taʼlim muassasalarida aholi doimiy ish bilan band.

Oʻtgan yili aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun 13 ta loyihaga kredit ajratilgan. 300 ga yaqin fuqaro yangi ishga joylashtirilgan. Yoshlarni kasbga oʻrgatish uchun monomarkaz tashkil etilgan.

Davlatimiz rahbari mahalladagi qurilish va obodonlashtirish ishlarini koʻzdan kechirdi.

Oʻzbekiston Futbol assotsiatsiyasi huzuridagi Toshkent shahar futbol akademiyasi shu mahallada joylashgan. Zamonaviy majmuada yopiq va ochiq sport maydonlari, nazariy mashgʻulot xonalari, yotoqxona, oshxona va kutubxona mavjud. Hozir bu yerda 12 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan 154 nafar bola saboq olmoqda. Mashgʻulotlarga chet ellik mutaxassislar ham jalb qilingan. Stadionlar yoritish va tasvirga olish qurilmalari bilan jihozlangan.

Prezident akademiya tarbiyalanuvchilari va sport sohasi masʼullari bilan suhbatlashdi.

– Futbol boʻyicha qarorlarimiz, iqtidorli bolalarga eʼtibor berganimiz tufayli oʻzbek futboli ham jahonga chiqa boshladi. Yevropa jamoalarida legionerlarimiz koʻpayyapti. Yoshlarimiz Olimpiadaga yoʻllanma oldi. Bu davomiy boʻlishi uchun endi mahallalarda futbolni rivojlantirish kerak. Qoʻshimcha stadionlar qurib, uning ommaviyligini qoʻllab-quvvatlash zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu mahalladagi suv sporti saroyining taʼmiri ham koʻzdan kechirildi. Uni davlat-xususiy sheriklik asosida barqaror ishlatish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.