Mahalliy byudjetlarga tushumlarni koʻpaytirish va narx-navo barqarorligini taʼminlash masalalari muhokama qilindi

0
123
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 5 iyun kuni hududlarda byudjetga qoʻshimcha tushumlar va mahsulot ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish orqali narxlar barqarorligini taʼminlash, inflyasiyaning oldini olishda mahalliy ijro hokimiyati organlari, soliq va moliya idoralari rahbarlarining shaxsiy masʼuliyati va javobgarligini oshirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz saytida.

Majlisda Bosh vazir va uning oʻrinbosarlari, vazirlik va idoralar, kompaniyalar, xoʻjalik birlashmalari, banklar rahbarlari, videokonferensiya orqali Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 iyunda qabul qilingan “Mahalliy byudjetlarni shakllantirishda joylardagi davlat hokimiyati organlarining vakolatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish imkonini bermoqda.

Joriy yilning oʻtgan 5 oyida byudjetga prognozga nisbatan 2,7 trillion soʻm yoki 16 foiz koʻp tushum tushirilgani shu boradagi ishlar natijasidir.

Yigʻilishda byudjetga qoʻshimcha tushumlarni koʻpaytirish va inflyasiya darajasi barqarorligini taʼminlash boʻyicha ishlarning mavjud holati tanqidiy tahlil qilinib, bu boradagi eng muhim vazifalar belgilab olindi.

Tahlillarga koʻra, mahalliy hokimliklar, moliya-soliq organlari tomonidan byudjetga qoʻshimcha soliq tushirish borasidagi rezervlar hali ham toʻliq ishga solinmayapti.

Joriy yilning oʻtgan 5 oyi davomida soliqlarning 60 foizini ilgarigidek 171 ta yirik korxona taʼminlab bergani buni yaqqol tasdiqlab turibdi. Masalan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida jami soliq tushumining 50 foizi “OʻzKorgaz” va “Ustyurtgaz” korxonalari, Navoiy viloyatida esa 75 foizi Navoiy kon-metallurgiya kombinati hisobidan qoplangan. 

Yigʻilishda Toshkent shahri va Namangan viloyatida bu boradagi ishlar mutlaqo talabga javob bermasligi qattiq tanqid qilindi. Misol uchun, bozordagi savdo-sotiqlar orqali tushadigan mablagʻlar koʻrsatkichi Toshkent shahrining Olmazor tumanida 30 foizga, Sergelida 7 foizga, Yakkasaroyda 4 foizga, Yunusobodda 3 foizga kamayib ketgan. 

Avtomobillarni saqlash joylarida tushum boʻyicha yetarli nazoratning yoʻqligi kuzatilmoqda. Buning oqibatida mahalliy byudjetlarga 18 milliard soʻm tushmasdan qolgan.
Namangan viloyatining Norin va Namangan tumanlarida oʻtgan 5 oy mobaynida savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari hisobidan toʻlanadigan soliqlar miqdori kamayib ketgan. Viloyatda soliq hisobotlari toʻliq tahlil qilinmagani va shu asosda tegishli chora-tadbirlar koʻrilmagani tufayli qariyb 20 milliard soʻm soliq undirilmagan.
“Oʻrganish va hisob-kitoblar barcha hududlarda ishga solinmayotgan bunday rezervlar koʻpligini koʻrsatmoqda. Agar adolatni joyiga qoʻysak, mahalliy byudjetlarga tushum koʻp tushadi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Joriy yilda prognozga qoʻshimcha ravishda 8,1 trillion soʻm soliq tushirib, byudjetga jami soliq tushumini 50,2 trillion soʻmga yetkazish imkoni borligi taʼkidlandi. Mutasaddi vazirlik va idoralarga bu sohada yoʻl qoʻyilayotgan kamchilik va nuqsonlarni tezda bartaraf etish, qoʻshimcha ravishda 8,1 trillion soʻm soliq tushirish yuzasidan aniq koʻrsatmalar berildi. Har bir viloyat, shahar va tumanda bu boradagi ishlarni samarali yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi.

Videoselektor yigʻilishida asosiy isteʼmol tovarlari narxi barqarorligini taʼminlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.  Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari zaxirasini yaratish, fermerlar bilan takroriy ekinlardan olinadigan mahsulotlar boʻyicha shartnomalar tuzish, avans mablagʻlarini oʻz vaqtida ajratish zarurligi taʼkidlandi. 

Ozuqabop ekinlar ekish, parvarishlash va yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmasdan yigʻib olish, gʻalladan boʻshagan yerlarga peshma-pesh takroriy ekinlar ekishni uyushqoqlik bilan tashkil etish borasida tegishli vazifalar belgilandi. 

Majlisda tegishli rahbar va mutasaddilarga 2018-2021 yillarda chorvachilik, parrandachilik va baliqchilikni rivojlantirish, ushbu tarmoqda ratsional ozuqa bazasini shakllantirish dasturlarini ishlab chiqish, har bir hudud boʻyicha asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talabni aniqlab, tegishli tashkiliy ishlarni amalga oshirish, bozorlarda narx-navo barqarorligini taʼminlash boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti tinglandi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.