Mahalliy mahsulotlarni birja savdolariga chiqarish tartibi soddalashtiriladi

0
187
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 17 may kuni tovar-xomashyo birjasida savdolarni va unda mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Birja bu – bozor iqtisodiyotining alifbosi. Undagi savdolar erkin raqobatni shakllantiradi, tadbirkorlar uchun yangi bozorlarni ochadi, “yashirin iqtisodiyot” va korrupsiyani keskin kamaytiradi.

Shu boradagi islohotlar natijasida soʻnggi uch yilda yurtimizda birja savdo aylanmasi 2 baravarga oʻsib, 90 trillion soʻmga yetgan, sotiladigan tovarlar soni esa 3 baravarga koʻpaygan.

Bundan tashqari, xorijiy davlatlarda Oʻzbekiston tovar-xomashyo birjasining 20 ta savdo maydonchasi tashkil etilib, joriy yilning 4 oyida ular orqali 170 million dollarlik mahsulot sotilgan. Shuningdek, 1 ming 200 dan ortiq xorijiy kompaniyalar yurtimiz birjasiga katta hajmda mahsulot qoʻyishni boshladi.

Ilgari savdolarda “oʻrtakash”lar koʻp boʻlgani sir emas. Oʻtgan yili esa yirik korxonalar birjadagi ochiq-oshkora savdolar hisobiga 8 trillion soʻm qoʻshimcha daromad qilgan.

Shu bilan birga, birja savdolarini tashkil etish, mahalliy tadbirkorlarning ishtirokini kengaytirish borasida hali ham ayrim kamchiliklar bor.

Misol uchun, birja savdolarining 85 foizini 45 turdagi yuqori likvidli tovarlar tashkil etmoqda. Toʻqimachilik, ipak, charm va kabel mahsulotlari, hududlardan Sirdaryo, Andijon va Surxondaryo viloyatlari korxonalarining birja savdolaridagi ishtiroki past boʻlib turibdi.

Shu bois davlatimiz rahbari mahalliy mahsulotlarni birjaga qoʻyishda tumanlarni faollashtirish zarurligini taʼkidladi.

Misol uchun, 1 iyuldan 500 ming tonna gʻallani birja orqali sotish yoʻlga qoʻyiladi. Yigʻilishda bu jarayonni tashkil etish, fermer va yuk tashuvchilarni roʻyxatdan oʻtkazib, ularga qulaylik yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. 

Jumladan, fermerlar bugʻdoyni birjaga qoʻyganda, ulardan garov talab etilmaydi. Sotilgan mahsulotga birja tomonidan bir kunda toʻlov amalga oshiriladi. Fermerga toʻlovlar oʻz vaqtida va toʻliq kelib tushishini birja kafolatlaydi.

– Bu tumanlarning birjadagi ishtirokini kengaytirish uchun yaxshi imkoniyat, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bugungi kunda 45 mingdan ziyod mahalliy sanoat korxonalaridan bor-yoʻgʻi 3 ming 600 tasi birjaga oʻz mahsulotini chiqarmoqda. Albatta, bu juda kam.

Shu bois, mahalliy mahsulotlarni birja savdolariga chiqarish tartibi soddalashtiriladigan boʻldi.

Jumladan, 1 iyuldan birjada alohida istiqbolli tovarlar seksiyasi tashkil etilib, mahalliy tadbirkorlarning oʻz mahsulotini ortiqcha hujjatlarsiz sotishi yoʻlga qoʻyiladi. Eng yaxshi sotilgan tovarlar, keyinchalik, birjaning asosiy savdo maydonlariga joylashtiriladi. Tadbirkorlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishda, bir vaqtning oʻzida, birjada ham hisobga olish tartibi joriy etiladi.

Yana bir qulayligi – mahalliy tadbirkorlarning mahsulotlari uchun birja toʻlovlari 2 baravarga qisqartiriladi. Soliq nazoratida tadbirkorlarning birja orqali sotgan yoki xarid qilgan tovarlari boʻyicha qoʻshimcha oʻrganishlar oʻtkazilmaydi.

Bunday imkoniyatlardan foydalanib, birjadagi tovar aylanmasini 2 baravarga oshirish mumkinligi taʼkidlandi. Xususan, kimyo, neft-gaz, metallurgiya, toʻqimachilik va oziq-ovqat sanoatidagi ulkan zaxiralar koʻrsatib oʻtildi. 

Birjada eksport-import mahsulotlari savdosi hajmini oshirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Bu boradagi tartib-taomillarni ham yengillashtirish choralari belgilandi.

Yigʻilishda birja savdolarida qatnashish istagidagi tadbirkorlarga koʻmaklashish, bu sohada mutaxassislar tayyorlash boʻyicha qator topshiriqlar berildi.

Tarmoq va hudud rahbarlari birja savdolarini kengaytirish rejalari boʻyicha axborot berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.