Mahalliylashtirish dasturi va importni qisqartirish rejasi tahlil qilindi

0
111
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 fevral kuni import hajmini qisqartirish va mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarishni koʻpaytirish ishlarini tahlil qilish, bu boradagi eng muhim vazifalarni belgilab olishga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.  

Maʼlumki, 2017 yil 19 aprel kuni shu masalada videoselektor oʻtkazilgan, mahalliylashtirishni kengaytirish hisobidan import hajmi va turlarini maqbullashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilab berilgan edi. Shunga muvofiq oʻtgan yili muayyan ishlar amalga oshirildi. Xususan, Mahalliylashtirish dasturi doirasida 9,9 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilgan. 512 million dollarlik yoki 2016 yilga nisbatan 20 foiz koʻp mahalliylashtirilgan mahsulot eksport qilingan. 100 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish oʻzlashtirilgani, bazaviy tarmoqlarda import 353 million dollarga qisqartirilgani ham bu boradagi ishlarning natijalari boʻldi.

Davlatimiz rahbari Mahalliylashtirish dasturi va importni qisqartirish rejasi ijrosini chuqur tahlil qilib, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni tanqidiy baholadi.  2017 yilda 948 ta mahalliylashtirish loyihasidan 176 tasi boʻyicha ishlab chiqarish boshlanmagani, 218 tasi boʻyicha esa ishlab chiqarish prognozi bajarilmagani koʻrsatib oʻtildi.

Masalan, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining 77 ta loyihasi boʻyicha 206 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilmagan. “Oʻzbekoziqovqatxolding”da 12 ta, “Oʻzavtosanoat”da 17 ta, Toshkent shahrida 65 ta, Toshkent viloyatida 65 ta loyiha yetarli darajada bajarilmagan.

Importni qisqartirish rejasi 88 foizga bajarilgani tanqidiy tahlil qilindi.

Yigʻilishda bir qator xoʻjalik birlashmalari tomonidan oʻz faoliyatiga mos boʻlmagan yoki mamlakatimizda ishlab chiqarish oʻzlashtirilgan tovarlarni import qilish holatlari kamayish oʻrniga koʻpayayotgani qayd etildi. 2017 yilda 185 million dollarlik, joriy yil yanvar oyida esa 65 million dollarlik shunday mahsulotlar import qilingan.

Masalan, oʻtgan yili “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan 9 million dollarlik svetodiod chiroqlar, projektorlar va boshqa tovarlar, “Oʻzbekneftegaz” tizimiga 2 million dollarlik poʻlat quvur, kabel, isitish qozoni, elektrodlar, “Oʻzbekenergo” tomonidan 800 ming dollarga poʻlat sim va yengil avtomobil olib kelingan.

Yigʻilishda shu va boshqa sanoat tarmoqlarida uskuna va butlovchi qismlarni mahalliylashtirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar muhokama etildi.

Tarmoqlar uchun zarur uskunalar va tez ishdan chiquvchi butlovchi qismlarni mamlakatimizda ishlab chiqarishni tashkil qilish toʻgʻrisida 10-15 yildan buyon gapiramiz. Lekin, tashabbus va amaliy harakat yoʻq. Bir qator soha rahbarlari mahalliylashtirishni oʻylamayapti, zarur mahsulotni osongina chetdan olib kelib qoʻyayapti. Bunga hozirgi raqobat sharoitida mashaqqat bilan topilayotgan, iqtisodiyotning asosi boʻlgan valyuta mablagʻlari sarf boʻlib ketmoqda, dedi davlatimiz rahbari. 

Mahalliylashtirishni ragʻbatlantirish uchun berilgan soliq va bojxona imtiyozlarining natijadorligi ham tahlil qilindi.

Ayrim tovarlar boʻyicha bojxona toʻlovlari asossiz tayinlangani natijasida yurtimizda ishlab chiqarilgan baʼzi tovarlar narxi import qilinganiga nisbatan yuqori boʻlmoqda. Masalan, toʻqimachilik sanoati uchun import qilinadigan tayyor uskunalar barcha bojxona toʻlovlaridan ozod etilgan. Ammo, shu uskunani ishlab chiqarish uchun butlovchi qism import qilinadigan boʻlsa, 20 foizlik qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlanadi.

Soliq imtiyozlarida ham shu kabi boʻshliqlar bor. Shu bois 2018 yil 1 apreldan boshlab, mahalliylashtirish loyihalari boʻyicha imtiyozlar toʻxtatiladi. Har xil nopok korxonalarning Mahalliylashtirish dasturiga kirib olib, soliq toʻlashdan qochishi uchun endi imkoniyat boʻlmaydi. Mahalliylashtirish dasturiga iqtisodiyot uchun haqiqatda zarur boʻlgan loyihalar kiritilib, qatʼiy nazoratga olinadi.

Yigʻilishda Prezident sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish, mahalliylashtirishni rivojlantirish boʻyicha dolzarb vazifalarni belgilab berdi. 

Iqtisodiyot va Tashqi savdo vazirliklariga pishiq-puxta ishlangan, yangi Mahalliylashtirish dasturini shakllanitirish boʻyicha topshiriq berildi. Mahsulot ishlab chiqarish uchun olib kelinadigan, raqobatbardosh narxda mahalliylashtirish imkoni boʻlmagan ayrim butlovchi qismlarni import qilishda bojxona toʻlovlarini bekor qilish yuzasidan aniq takliflar kiritish zarurligi taʼkidlandi. 

Yirik korxonalar va kichik biznes uchun uskunalar, tez ishdan chiquvchi qismlar, shtamplangan mahsulotlar, kichik gidrogeneratorlar ishlab chiqarishni tashkil etish yuzasidan koʻrsatma berildi.

Tashqi savdo vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Markaziy bank va xoʻjalik birlashmalari rahbar va masʼul xodimlaridan iborat tarkibda Import hajmi va tarkibini tizimli ravishda tahlil qilish asosida yangi mahalliylashtirish quvvatlari tashkil etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish boʻyicha idoralararo ishchi guruhi tuzish vazifasi qoʻyildi.  

Mahalliy korxonalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida ayrim tovarlar boʻyicha bojxona toʻlovlari stavkalarini optimallashtirish boʻyicha topshiriq berildi.

Asosiy maqsadimiz mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini taʼminlash, dedi Shavkat Mirziyoyev. Buning uchun, avvalo, iqtisodiyotimiz raqobatbardosh boʻlishi, mahsulotlar yurtimizda ishlab chiqarilishi zarur. Barcha rahbarlar shundan qatʼiy xulosa qilib, zimmasidagi vazifalarga munosabatini tubdan oʻzgartirishi va masʼuliyatni oshirishi kerak.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.