Mahalliylashtirish va eksport boʻyicha vazifalar qoʻyildi

0
23
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 dekabr kuni avtomobil sanoatida 2025 yil uchun ustuvor vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Bu masala oʻtgan oyda muhokama qilingan, mutasaddilarga rejalarni tanqidiy koʻrib chiqish topshirilgan edi. Bu galgi taqdimotda Prezident koʻrsatmalari asosida takomillashtirilgan chora-tadbirlar bayon qilindi.

Avvalo, ishlab chiqarish hajmi va sifatiga eʼtibor qaratiladi. Hozir yiliga 400 mingdan ziyod avtomobil sotilayapti. Aholi jon boshiga daromad oshayotgani bois bu tendensiya keyingi yillarda ham saqlanib qoladi. Bundan foydalanib, talabga yarasha mahsulot ishlab chiqariladi.

Qolaversa, Oʻzbekiston Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi kutilmoqda. U holda, bozorda mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun raqobat yanada kuchayadi. Shuning uchun sifat ustida ishlash, mahalliylashtirish darajasini oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Xususan, 2025 yilda “BYD” avtomobillarining 60 ta detalini mahalliylashtirish hisobiga elektromobil tannarxini pasaytirish mumkin. Ushbu kompaniya rahbariyati ham yurtimizdagi tarmoq korxonalari salohiyatini yuqori baholagan. Shu bois Mahalliylashtirishga koʻmaklashish markazi imkoniyatlarini ishga solib, hududiy korxonalar bilan kooperatsiya hajmini 2 karra oshirish vazifasi qoʻyildi.

Yana bir muhim masala – eksport. Soʻnggi yillarda qoʻshni davlatlarda ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgani natijasida 40 mingdan ortiq avtokomplekt sotilgan. Kelgusi yil eksportni 700 million dollardan oshirish maqsad qilingan. Shu bilan birga, Samarqanddagi avtobus va yuk transporti korxonalarini ham tashqi bozorlarga olib chiqish kerakligi koʻrsatib oʻtildi.

Davlatimiz rahbari tarmoqning iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatiga alohida toʻxtaldi. Zamon talablariga moslashib, ishlab chiqarishni barqaror qilish, marketing va sifat boʻyicha har kuni izlanish zarurligi taʼkidlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.