Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 23 avgust kuni xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Davlatimiz rahbari prezidentlik faoliyatining dastlabki kunlaridan boshlab yurtimizda innovatsion va kreativ fikrlaydigan, zamonaviy kadrlar tayyorlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida, yuksak maʼnaviyat egalari etib tarbiyalash, shu maqsadda taʼlim tizimini takomillashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratib kelmoqda.
Prezidentimiz yigʻilishda maktab taʼlimi tizimini isloh qilish boʻyicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, bu borada oldimizda turgan dolzarb vazifalar haqida fikr yuritar ekan, ulugʻ maʼrifatparvar bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiyning “Dunyo imoratlari ichida eng ulugʻi maktabdir” degan fikrini alohida taʼkidlab, bu masalaning mohiyati va ahamiyatiga atroflicha toʻxtalib oʻtdi.
Haqiqatan ham, jahondagi rivojlangan davlatlar tarixiga nazar tashlaydigan boʻlsak, ularda jamiyat hayotini oʻzgartirishga qaratilgan islohotlar avvalo taʼlim tizimidan, bogʻcha, maktab, tarbiya masalasidan boshlanganini koʻramiz. Chunki maktabni oʻzgartirmasdan turib, odamni, jamiyatni oʻzgartirib boʻlmaydi. Taʼlim va tarbiyaning asosi, poydevori bu – maktab. Maktabni maktab qiladigan kuch esa oʻqituvchilardir.
Maʼlumki, murakkab oʻtish yillarida maktablardagi maʼnaviy-maʼrifiy muhit, oʻqituvchi kasbining obroʻyi, nufuzi pasayib ketgani, yangi davr pedagoglarini tarbiyalash, pedagogika fanini rivojlantirish, innovatsion taʼlim texnologiyalarini joriy etishga yetarli eʼtibor berilmagani sohada bir qator jiddiy muammolarni keltirib chiqardi.
Keyingi yillarda ana shu muammolarni samarali hal etish, kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha mamlakatimizda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz tomonidan xalq taʼlimi tizimiga oid 6 ta farmon va qaror, Vazirlar Mahkamasining 21 ta qarori qabul qilinib, bu sohadagi islohotlarning huquqiy-meʼyoriy asoslari mustahkamlandi.
Ota-onalar, jamoatchilikning istaklari inobatga olinib, yurtimizda 11 yillik maktab taʼlimi tizimi tiklandi. Soʻnggi uch yilda yurtimizda 157 ta umumtaʼlim maktabi yangidan qurildi.
Ulugʻ allomalarimiz – Mirzo Ulugʻbek va Muhammad Xorazmiy nomidagi iqtidorli bolalar maktablari, Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibroyim Yusupov, Isʼhoqxon Ibrat, Muhammad Yusuf, Halima Xudoyberdiyeva nomlari bilan atalgan ijod maktablari, “Temurbeklar maktabi”, Prezident maktablari, xususiy maktablar singari yangi va zamonaviy namunadagi taʼlim dargohlari tashkil etilgani yurtimiz farzandlari uchun taʼlim-tarbiya olish borasida yangi imkoniyatlar ochib bermoqda.
Taʼlim-tarbiya ishlarini samarali olib borishda erkak oʻqituvchilarning alohida oʻrni va taʼsiri borligi hisobga olinib, koʻrilgan aniq chora-tadbirlar natijasida xalq taʼlimi tizimiga 12 ming 871 nafar erkak oʻqituvchi qaytdi.
Pedagog xodimlar mehnatini ragʻbatlantirish boʻyicha katta ishlar qilinmoqda. Oxirgi 3 yilda oʻqituvchilarning ish haqi oʻrtacha 2,5 barobar oshirildi. Uzoq tumanlarga borib ishlayotgan pedagog kadrlar mehnatini ragʻbatlantirish boʻyicha aniq mezonlar belgilandi. Ularga 50 foizgacha qoʻshimcha oylik ustamalar toʻlanmoqda. Bu olis hududlarda yetishmayotgan mingdan ziyod oʻqituvchini jalb etish imkonini berdi. Nafaqa yoshida faoliyatini davom ettirayotgan oʻqituvchilarga pensiyasi toʻliq miqdorda berilmoqda.
“Hurmatli muallimlarimiz, jonkuyar maktab direktorlarini, soha faxriylarini el-yurtimizning tayanchi va suyanchi, deb bilamiz, – dedi Prezidentimiz. – Maktablar tizimini rivojlantirish uchun bundan buyon ham mablagʻni, imkoniyatni aslo ayamaymiz. Kelajak avlodimiz taqdiri, butun millatimiz, xalqimiz, davlatimiz taqdiri muhtaram muallimlarga bogʻliq”.
Ammo amalga oshirilayotgan ijobiy oʻzgarishlarga qaramasdan, taʼlim tizimida hamon tizimli muammolar borligi, maktablarning moddiy-texnik bazasi, ayrim pedagog xodimlarning bilim va malakasi bugungi zamon talablariga javob bermasligi yigʻilishda tanqid qilib oʻtildi.
Taʼlim-tarbiya sohasida zamonaviy va oqilona tizim yaratish, oʻqitish metodlari, taʼlim standartlari, darslik va oʻquv qoʻllanmalarini yangilash zarurligi, bilim berishda chet eldagi ilgʻor tajribalardan foydalanish, tarbiyada esa milliy anʼana va qadriyatlarga suyanish muhimligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan tamoyilga asoslangan holda, milliy gʻoya va uning mafkuraviy negizlarini puxta ishlab chiqish, yosh avlodni bolalikdan milliy gʻurur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash dolzarb ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.
Maktablardagi kamchiliklarni tuzatish, taʼlim sifatini nazorat qilish uchun ota-onalar, keng jamoatchilikning ishtiroki zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.
“Maktab bu hayot-mamot masalasi, kelajak masalasi. Uni davlat, hukumat va hokimlarning oʻzi hal qilolmaydi. Bu butun jamiyatning ishi, burchiga aylanishi kerak», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Videoselektorda xalq taʼlimi tizimini tubdan takomillashtirish, muammolarni kompleks hal etish masalalari chuqur tahlil qilinib, kelgusidagi vazifalar muhokama etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 29 apreldagi farmoniga muvofiq, Xalq taʼlimi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Unda 48 ta maqsadli koʻrsatkichlarga erishish boʻyicha aniq mexanizmlar belgilandi.
Masalan, 2030 yilga borib oʻquvchilar bilimini baholash boʻyicha PISA xalqaro dasturi reytingida Oʻzbekistonning jahondagi yetakchi 30 ta mamlakat qatoridan joy egallashi maqsad qilib qoʻyilgan.
Davlatimiz rahbari oʻqituvchining maqomi va nufuzini oshirish, huquqlari va imtiyozlarini kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.
“Maktab oʻqituvchisini moddiy ragʻbatlantirmasak, uning hayot sifati darajasini oshirmasak, islohot, natija haqida gapira olmaymiz”, dedi Prezident.
Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasi, Moliya va Xalq taʼlimi vazirliklariga 2020 yilda xalq taʼlimi xodimlari oylik ish haqini oshirish yuzasidan koʻrsatmalar berildi. Uzoq qishloqlardagi maktablarga oʻqituvchilarni jalb etishni yanada ragʻbatlantirish uchun ularga uy-joylar, avtotransport uchun kreditlar berish ham koʻzda tutilgan.
Bu ishlar davlatimiz tomonidan izchil davom ettiriladi. Lekin bu – masalaning bir tomoni. Ikkinchi tomondan, oʻqituvchi va murabbiylarning oʻzi ham bilim va saviyasini oshirish, jamoat ishlarida faol ishtirok etish, halol mehnati va tashabbuskorligi bilan bu kasbning obroʻsini oshirishi kerakligiga urgʻu berildi.
Nizomiy nomidagi universitet, hududlarda 6 ta pedagogika institutlari mavjud. Respublika taʼlim markazi, Abdulla Avloniy nomidagi xalq taʼlimi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, viloyatlarda ham shunday institutlar bor. Lekin oʻquv-tarbiya jarayonini takomillashtirish, oʻqituvchilarning bilim va saviyasini yuksaltirishda, afsusuki, ularning oʻrni sezilmayapti.
Yigʻilishda pedagogika yoʻnalishidagi oliy oʻquv yurtlari faoliyatini tanqidiy oʻrganib, takomillashtirish, ularni eng nufuzli taʼlim muassasalariga aylantirish, pedagoglikka moyilligi boʻlgan yoshlarni maqsadli tarbiyalab borish boʻyicha vazifalar belgilandi.
Prezident maktablari va ijod maktablari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning samaradorligini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzurida alohida tuzilma tashkil etilishi maʼlum qilindi.
Maktablardagi maʼnaviy-tarbiyaviy ishlarni yangicha asosda tashkil etish, “Milliy gʻoya”, “Odobnoma”, “Dinlar tarixi”, “Vatan tuygʻusi” kabi fanlarni birlashtirgan holda, yagona “Tarbiya” fanini joriy qilish zarurligi qayd etildi. Maktablarga buyuk allomalar, davlat va siyosat arboblari, mashhur sarkarda ajdodlarimizning nomlarini berish muhimligi taʼkidlandi.
Oiladagi taʼlim-tarbiya muhiti, ota-onalarning masʼuliyati va oʻqituvchilar bilan hamkorligi masalalariga ham eʼtibor qaratildi.
Maktab hayoti, fidoyi oʻqituvchilar haqida badiiy va hujjatli filmlar, spektakl va videoroliklar yaratish boʻyicha tavsiyalar berildi.
“Moddiy va maʼnaviy hayotni uygʻun rivojlantirishimiz kerak. Maktab bu borada asosiy boʻgʻin boʻlishi lozim. Maktab taʼlimini rivojlantirish biz uchun buyuk umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylanishi zarur”, deb uqtirib oʻtdi davlatimiz rahbari.
Yigʻilishda ishtirok etgan rahbar va mutasaddilar, taʼlim sohasida faoliyat yuritayotgan tajribali va fidoyi muallimlar, ziyolilar, mahalla faollari muhokama qilingan masalalar yuzasidan oʻz fikr va takliflarini bildirdilar.