Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanidagi mehnat taʼlimiga ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabini borib koʻrdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu muassasa 1976 yilda qurilgan boʻlib, 1 ming 178 oʻringa moʻljallangan. Lekin bugungi kunda oʻquvchilar soni bunga nisbatan koʻp. Bino va jihozlar ham eskirgan.
Davlatimiz rahbari sinfxonalar, sport zali va oshxonani koʻzdan kechirdi. Maktab uchun yangi bino qurish, yoshlarga hunar oʻrgatish, amaliyot darslarini korxonalarda tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
— Hamma joyda zamonaviy korxonalar ochilayapti, investitsiya loyihalari amalga oshirilayapti. Ularni yuritadigan salohiyatli kadrlar kerak bizga. Shuning uchun ham muallim va maktablarga, taʼlim sifatini yaxshilashga alohida eʼtibor berayapmiz. Salohiyatli kadrlar raqobatni paydo qiladi. Qayerdaki raqobat boʻlsa, oʻsha joyda rivojlanish boʻladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari shu yerda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ham suhbatlashdi.
Muloqotda tibbiyot va maktab taʼlimini rivojlantirishga qaratilayotgan ustuvor eʼtibor, hokim yordamchilari faoliyatining mazmun-mohiyati, ular vaqt oʻtgach, pastdagi muammolarni oʻz boshidan oʻtkazgan, salohiyatli kadrga aylanishi, shu orqali katta kadrlar zaxirasi shakllantirilishi haqida soʻz bordi.