Maktab, yoshlar kelajagi, taʼlim, millat taqdiri Munavvarqori hayotining mazmuni edi

0
95
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida Milliy uygʻonish harakatining asoschilaridan biri boʻlgan Munavvar qori Abdurashidxonov tavalludining 145 yilligiga bagʻishlangan adabiy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Anjuman avvalida Munavvarqori Abdurashidxonov haqidagi hujjatli film namoyish etildi.  

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining oʻrinbosari Gʻayrat Majid, adabiyotshunos olim Bahodir Karimov, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti professori, tarix fanlari nomzodi Sotimboy Xolboyev, “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyi bosh ilmiy xodimi Bahrom Irzayevning “Munavvarqori va “Yosh Turkiston” jurnali”, “Munavvarqori – Oʻzbekiston Milliy universiteti asoschisi”, “Munavvarqorining pedagogik mahorati” kabi mavzudagi maʼruzalari tinglandi.  

– Mamlakatimizda Munavvarqori Abdurashidxonovning 145 yilligi keng nishonlanishi milliy adabiyotimiz, maʼnaviyatimizga qaratilayotgan ulkan eʼtiborning yana bir yorqin dalilidir, – dedi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari Gʻayrat Majid. – Prezidentimiz oʻz chiqishlarida maʼrifatparvar bobolarimiz merosi, ibratli hayoti, faoliyati haqida doim taʼkidlab keladi. Munavvarqori Abdurashidxonov nainki pedagog, balki millatni uygʻotgan buyuk siymo, yozuvchi va shoir, oʻz davrining ilgʻor kishisi edi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Munavvarqori Abdurashidxonovning ijod namunalari jamlangan kitobni nashr etdi. Garchi bunday kitob ikki-uch yil avval nashr etilgan boʻlsada, uni yana qayta nashr etdik. Negaki, Munavvarqori merosiga bugun ham ehtiyoj katta. Biz yoshlarga yuksak darajada bilim beribgina, kelgusida bobolarimiz orzu qilgan rivojlangan davlatga erishishimiz mumkin. Yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor natijasida Munavvarqori Abdurashidxonov kabi insonlar yetishib chiqishiga shubham yoʻq.  

– Xotira uygʻonsa goʻzaldir, – dedi adabiyotshunos olim Bahodir Karimov. – Munavvarqorining xotirasi uxlagan emas. U mudom uygʻoq boʻlgan. Munavvarqori Abdurashidxonovning asarlarini oʻqib, u oʻzining butun umrini millatni uygʻotishga bagʻishlaganini anglash mumkin. Afsuski, mustaqillikkacha uning ijodi, faoliyati oʻrganilmadi. Munavvarqorining dushmani jaholat, ilmsizlik edi. Munavvarqorini doim oʻqish, xotirlash kerak. Maʼrifatparvar bobomizning orzu-umidlari bugun Yangi Oʻzbekistonda oʻzining roʻyobini topmoqda, deb oʻylayman.  

– Munavvarqori Abdurashidxonov haqidagi hujjatlarni 2001 yilda topib, oʻrganib, tahlil qilgandim, – dedi olim Sotimboy Xolboyev. – Bu juda ogʻir, iztirobli jarayon edi. Munavvarqori oʻzining hibsdagi soʻnggi kunlarida “…biz oʻzimizni qurbon qilib, millatni saqlab qolishimiz kerak!» degan edi. U 1901 yilda oʻz hovlisida, keyinchalik Toshkentning turli dahalarida jadid maktablarini ochadi. Mustaqillik, oʻzlikni anglash, bu maktablarning asosiy gʻoyalari edi. Munavvarqorining eng buyuk xizmatlaridan biri – u Turkiston xalq dorilfununi, yaʼni Oʻzbekiston milliy universitetini tashkil etishga bosh-qosh boʻlgan edi.  

– Bizda ming yillik taʼlim maktabi bor edi, – dedi atoqli tarixchi olim, “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyi bosh ilmiy xodimi Bahrom Irzayev. – Asrlar osha necha-necha buyuk allomalarimiz, olimu mutafakkirlarimiz aynan shu maktabdan yetishib chiqqanlar. Munavvarqori Abdurashidxonov taʼlim tizimi, darsliklarni milliylikka asoslangan holda zamonaviylashtirish yoʻlida jonbozlik koʻrsatadi. Maktab, yoshlarning kelajagi, taʼlim-tarbiya Munavvarqori Abdurashidxonov hayotining mazmuni boʻlgan edi.  

Darhaqiqat, tadbirda taʼkidlanganidek, Munavvarqori Abdurashidxonov taʼlim-tarbiya, adabiyot, jurnalistika yoʻnalishlarida samarali faoliyat koʻrsatishi bilan birga milliy taʼlim tizimi, milliy taʼlim dasturini yaratgan, maktablar ochgan, oʻz xalqini maʼrifatli, yuksak bilimli, ziyoli boʻlishiga umrini bagʻishlagan inson edi.  

2020 yili 1 oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni arafasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Vatanimiz istiqloli, xalqimizning ozodligi va erkinligi, obod va farovon hayotini taʼminlash yoʻlida fidokorlik koʻrsatib, milliy taʼlim va tarbiya tizimini yaratishga beqiyos hissa qoʻshgan Abdulla Avloniy, Mahmudxoʻja Behbudiy va Munavvarqori Abdurashidxonov “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangani ajdodlar merosiga boʻlgan eʼtiborning amaliy namunasidir. Zero, yangilanayotgan Oʻzbekistonimizda Uchinchi Renessans poydevori aynan Munavvarqori Abdurashidxonovdek fidoyi maʼrifatparvar bobolarimiz merosiga vobasta yaratilmoqda.  

Xotira tadbirida maʼrifatparvar bobomiz hayoti, ibratli faoliyati xususida batafsil soʻz yuritildi. Jadidlar harakatiga doir filmlardan lavhalar namoyish etildi. Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi hamda Yunus Rajabiy nomli “Maqom” ansamblining badiiy chiqishlari ishtirokchilar eʼtiboriga havola etildi.  

Nazokat Usmonova, Oybek Pardayev (suratlar),  OʻzA  

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.