Maktabdagi  “Kichik akademiya” – toʻgaraklar ishining sultoni

0
230
marta koʻrilgan.

Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi 300-davlat ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim (DIU) maktabida “Toʻgarakda shakllansin isteʼdodlar, yetishsin ijodkorlar!” shiori ostida Ochiq eshiklar kuni oʻtkazildi.

Tadbirga Sergeli tumani hokimi Elbek Shukurov, sektor rahbarlari, xalq qabulxonasi xodimlari, Mudofaa vazirligi faxriylar kengashi aʼzolari va boshqa tashkilot-muassasalar vakillari tashrif buyurdilar. Ular jamoatchilik asosida tashkil etilgan “Sahna yulduzlari”, “Yosh jurnalist”, “Yosh dasturchi”, “Al-Xorazmiy izdoshlari”,  “Dizayner”, “Qoʻgʻirchoq teatri”, “Mohir usta”, “Sehrli qoʻllar”, “Nafosat”, “Yosh iqtisodchi”, “Zulfiyaxonim qizlari” toʻgaraklari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Tabiiyki, bunday toʻgaraklarni ochish va turli tadbirlar uyushtirish zamirida ezgu maqsadlar mujassamlashgan. Avvalo, oʻquvchilarning nazariy bilimlarini oshirish va amaliy koʻnikmalar hosil qilib, barchasini ijodiy izlanishlarga undash, ikkinchidan, yoshlar qalbida kasb-hunarga havas uygʻotish, ularni mustaqil fikrlay oladigan, ijodkor va ixtirochi qilib tarbiyalash koʻzda tutilgan. Har xil toʻgaraklarda olib boriladigan mashgʻulotlar esa oʻgʻil-qizlarimizning milliy anʼanalarimizga, umrboqiy qadriyatlarimizga, xalq hunarmandchiligiga qiziqishlarini yanada oshirishda va ularda qoʻl mehnati bilan shugʻullanish malakasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Qolaversa, XXI asr tom maʼnoda texnologiyalar asriga aylandi, bugunga kelib axborot-kommunikatsiya vositalari barcha sohalarni keng qamrab oldi. Shunga mutanosib ravishda oʻgʻil-qizlarimizning dunyoqarashi va fikrlash doirasi ham ancha kengaydi. Yoshlarimizning aksariyati yon-atrofda roʻy berayotgan voqea-hodisalarga va jamiyat hayotidagi oʻzgarishlarga nihoyatda qiziquvchan va ziyrak boʻlib, bir xillilikni yoqtirmaydi. Binobarin, ularga faqatgina darsliklar asosida saboq berish yetarli boʻlmaydi, aksincha, har birining oʻziga xos layoqati va iqtidorini ilgʻab olish, intellektual salohiyatini aniq maqsadlar sari toʻgʻri yoʻnaltira bilish lozim.

Gap shu haqda ketganda, maktabimizda 2005 yili ochilgan “Kichik akademiya” samarali faoliyat yuritib kelayotganini mamnuniyat ila eslatib oʻtish joiz. U aslida ixtiyoriy-ijodiy uyushma maqomida boʻlib, zimmasiga oʻquvchilar salohiyatini imkon qadar ertaroq aniqlash, ularning ilmiy yoki ijodiy ishlar bilan shugʻullanib, bu boradagi mahoratlarini namoyon etishlari, zarur adabiyotlardan oqilona foydalanishni oʻrganishlari, kasb tanlashlari va orzu-niyatlariga erishishlari uchun koʻmaklashishdek masʼuliyatli vazifalar yuklatilgan. Shunga koʻra, “Kichik akademiya”ning boʻlgʻusi aʼzolari har yangi oʻquv yili boshida alohida test sinovlari asosida saralab olinadilar. Soʻngra saboqlardan boʻsh vaqtlarida badiiy ijod, ilmiy tadqiqot, sport va madaniyat yoʻnalishlaridan biri boʻyicha izlanish olib boradilar. Uyushma rahbari Malika Abdullayeva ana shularni nazarda tutib, pedagoglarni oʻz ustilarida uzluksiz ishlashga chorlaydi, iqtidorli oʻquvchilarga fikrlash, mushohada yuritish va ixtiro-kashfiyotlarga dadil qoʻl urishga undovchi bilimlar berish zarurligini uqtiradi.

Mehmonlar tadbirda “Kichik akademiya”da amalga oshirilgan ishlarni hamda u erishgan va erishayotgan yutuqlarni yuqori baholadilar. Pirovardida maktab pedagogik jamoasining kelgusi faoliyatiga, jumladan, mavjud toʻgaraklar ishini rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlariga muvaffaqiyatlar tiladilar.

Biz maktab oʻqituvchilari “Kichik akademiya”ning aʼzolarini sevib parvarishlagan sari chiroy ochadigan, koʻngillarni yayratadigan bahoriy gullarga qiyoslaymiz.  Biz ularni kelajakda Vatanimiz tayannchi, suyanchi boʻlishi uchun  saʼy-harakatlarimizni yanada kuchaytiraveramiz.

Goʻzal ALIYEVA, Sergeli tumanidagi 300-davlat ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim  maktabi oʻqituvchisi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.