Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 oktyabr kuni maktabgacha taʼlim tizimini tubdan takomillashtirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi, deya xabar bermoqda Prezident.uz saytida.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Prezidentning Davlat maslahatchilari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda milliy genofondni mustahkamlash, yosh avlodni yetuk kadrlar etib tarbiyalash masalalariga doimiy eʼtibor qaratib kelinmoqda. 2017 yil 16 avgust kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda taʼlim tizimini rivojlantirishning koʻplab yoʻnalishlari belgilab berildi. Xususan, maktabgacha taʼlim tizimini tarkibiy jihatdan tubdan isloh qilish, mazkur muassasalarga bolalarni toʻla qamrab olish boʻyicha muhim vazifalar qoʻyilgan edi.
Prezidentimizning joriy yil 30 sentyabrdagi “Maktabgacha taʼlim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq bu sohada yangi tizim yaratildi.
Yangi vazirlik oldiga maktabgacha taʼlim sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, maktabgacha taʼlim muassasalari davlat va nodavlat tarmogʻini kengaytirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni malakali pedagog kadrlar bilan taʼminlash, maktabgacha taʼlim muassasalariga bolalarni qamrab olishni keskin oshirish, taʼlim-tarbiya jarayonlariga zamonaviy taʼlim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etish orqali bolalarni har tomonlama intellektual, maʼnaviy-estetik, jismoniy rivojlantirish hamda ularni maktabga tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash vazifalari qoʻyildi.
Yigʻilishda shu borada amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Hayotimizda hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan taʼlim-tarbiya tizimi haqida gapirganda, Abdulla Avloniy bobomizning dono fikrlarini takror va takror aytishga toʻgʻri keladi: taʼlim-tarbiya – biz uchun hayot-mamot masalasidir, dedi Prezidentimiz. Qaysi sohani olmaylik, biz zamonaviy yetuk kadrlarni tarbiyalamasdan turib biron-bir oʻzgarishga, farovon hayotga erisha olmaymiz. Bunday kadrlarni, millatning sogʻlom genofondini tayyorlash, avvalo, maktabgacha taʼlim tizimidan boshlanadi.
Maktabgacha taʼlim tizimi uzluksiz taʼlimning birlamchi, eng asosiy boʻgʻini hisoblanadi. Mutaxassis va pedagoglarning ilmiy xulosalariga koʻra, inson oʻz umri davomida oladigan barcha axborot va maʼlumotning 70 foizini 5 yoshgacha boʻlgan davrda oladi. Ana shu dalilning oʻzi bolalarimizning yetuk va barkamol shaxs boʻlib voyaga yetishida bogʻcha tarbiyasi qanchalik katta ahamiyatga ega ekanini yaqqol koʻrsatib turibdi.
Bunga qoʻshimcha isbot qidirib uzoqqa borishning hojati yoʻq. Bogʻcha tarbiyasini olgan bola bilan bogʻchaga bormagan bolani solishtirganda, ularning fikrlash darajasi oʻrtasida yer bilan osmoncha farq borligini sezish qiyin emas.
Shuning uchun ham biz maktabgacha taʼlim tizimini qayta koʻrib chiqish masalasini davlat siyosati darajasiga koʻtarib, bu borada katta ishlarni boshladik. Agar shu ishni har tomonlama puxta oʻylab amalga oshirmasak, butun taʼlim tizimida sifat oʻzgarishiga erishishimiz, taʼlimning uzluksizligini taʼminlashimiz qiyin boʻladi, deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.
Bugungi kunda maktabgacha taʼlim muassasalari tarmogʻini kengaytirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yangi bogʻchalar qurish boʻyicha davlat dasturi qabul qilinib, amalga oshirilmoqda. Rivojlangan davlatlar tajribasi hisobga olinib, nodavlat taʼlim muassasalari, jumladan, nodavlat bogʻchalar tarmogʻini kengaytirishga ham katta ahamiyat qaratilmoqda. Bu esa tizimda sogʻlom raqobatni shakllantirish hamda taʼlim xizmatlari turini koʻpaytirishga xizmat qiladi.
Maktabgacha taʼlim sohasiga ixtisoslashgan kadrlar tayyorlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Biz qabul qilayotgan barcha-barcha qarorlarni amalga oshiradigan, farzandlarimizga bilim asoslarini, eng zarur hayotiy tushuncha va koʻnikmalarni oʻrgatadiganlar yuqori malakali tarbiyachi va murabbiylardir, deya taʼkidlandi yigʻilishda.
Bu sohada zamonaviy talablarga javob beradigan ilgʻor pedagogik usul va uslublarni ishlab chiqish, oʻquv va oʻquv-metodik adabiyotlarning yangi avlodini yaratish va nashr etish ham gʻoyat dolzarb vazifadir.
Yana bir muhim masala – bu maktabgacha taʼlim muassasalarida malakali tibbiy xizmatni tashkil etish, sanitariya meʼyorlari va gigiyena qoidalariga toʻla javob beradigan sogʻlom ovqatlanish tizimini yoʻlga qoʻyish zarur.
Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Maktabgacha taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari va boshqa tegishli idoralarga har bir masala yuzasidan aniq muddatlari koʻrsatilgan holda muhim topshiriq va vazifalar berildi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, Toshkent shahar, viloyatlar maktabgacha taʼlim boshqarmalari hamda tumanlar (shaharlar) maktabgacha taʼlim boʻlimlarini binolar va yuqori malakali kadrlar bilan taʼminlash zarurligi qayd etildi.
Ilgʻor xorijiy tajribalar asosida maktabgacha taʼlim tizimidagi pedagog kadrlar malakasini oshirish boʻyicha oʻquv-reja va dasturlarni takomillashtirish, oliy taʼlim muassasalari maxsus sirtqi boʻlimlarining “Maktabgacha taʼlim” yoʻnalishi boʻyicha 2018-2023 yillar uchun kvotalar ajratish masalasiga eʼtibor qaratildi.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida “Bolalarni davlat maktabgacha taʼlim muassasalariga qabul qilish va navbatga qoʻyish boʻyicha elektron dastur”ni joriy etish boʻyicha topshiriq berildi. Shuningdek, davlat maktabgacha taʼlim muassasalarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan taʼminlanganlik va internet tarmogʻiga ulanganlik holati tanqidiy oʻrganilib, ularni bosqichma-bosqich zamonaviy kompyuter texnikasi bilan taʼminlash va internet tarmogʻiga ulash boʻyicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi.
Maktabgacha taʼlim muassasalariga shifokorlar ajratish, tibbiyot hamshiralarining malakasini oshirish, tez tibbiy yordam koʻrsatish uchun dori-darmon, sanitariya-gigiyena vositalari bilan toʻliq taʼminlash, bolalarning ovqatlanishini belgilangan meʼyorlar darajasida tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.
Maktabgacha taʼlim muassasalariga moʻljallangan oʻquv-metodik va didaktik adabiyotlarni nashr etishga doir standartlarni qayta koʻrib chiqish va tasdiqlash masalasiga ham eʼtibor qaratildi.
Bir soʻz bilan aytganda, biz maktabgacha taʼlim sohasida har jihatdan zamonaviy tizim yaratishimiz kerak, dedi davlatimiz rahbari. Kelgusi 3-4 yilda 5-6 yoshdagi barcha bolalarni maktabgacha taʼlimga toʻliq qamrab olishga erishmogʻimiz shart. Bu ertangi kunimizni hal qiladigan masala va biz buni albatta amalga oshiramiz.
Yigʻilishda soha oldida turgan dolzarb vazifalar belgilab berildi.