Maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar natijadorligi tahlil qilindi

0
340
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14 fevral kuni maktabgacha taʼlim tizimini isloh qilish va rivojlantirish boʻyicha  koʻrilayotgan  chora-tadbirlar  natijadorligi tahliliga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.  

Davlatimiz rahbari yosh avlod tarbiyasining birinchi va muhim boʻgʻini boʻlgan maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirishg alohida eʼtibor qaratmoqda. 2017 yil 16 avgust va 19 oktyabr kunlari boʻlib oʻtgan yigʻilishlarda bu masala atroflicha muhokama qilingan edi. 2017 yil 30 sentyabrda Prezidentimiz tomonidan “Maktabgacha taʼlim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmon hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaror qabul qilindi. Davlatimiz rahbarininghududlarga tashriflari chogʻida oʻtkazilgan majlislarda ham bu boradakoʻplab vazifalar belgilab berildi.

Yigʻilishda joylardagi maktabgacha taʼlim muassasalarining ahvoli, sohadagi ishlarni jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bu tizimni chuqur tahlil qilib, shu paytgacha nazardan chetda boʻlgan eng kichik jihatlarigacha eʼtibor qaratdi. 

Dastlab bu masalada Andijon, Namangan, Samarqand, Fargʻona va Jizzax viloyatlarida oʻtkazilgan oʻrganishlar natijalariga eʼtibor qaratildi. Masalan, Andijon viloyatidagi 87 ta mahallada bironta ham bolalar bogʻchasi yoʻqligi, 84 ta bogʻcha filialini mustaqil muassasaga aylantirish yoki davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat bogʻchalarini tashkil etish boʻyicha tuman hokimliklari tomonidan aniq choralar belgilanmagani tanqid qilindi.

Viloyatda mavjud 451 ta maktabgacha taʼlim muassasasidan 200 tasida oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash uchun maxsus ombor yoʻq, sovutkich, shkaf va stol-stullar yetishmaydi. Shuningdek, hanuzgacha 123 ta bogʻchaga ichimlik suvi tashib keltiriladi, 71 tasining atrofi oʻralmagan, 134 tasida musiqa xonalari jihozlanmagan, 420 tasida kichik kutubxonalar tashkil etilmagan.

Shunday kamchiliklar Namangan, Samarqand, Fargʻona va Jizzax viloyatlarida ham kuzatilgan.

Barcha hududlarda uchraydigan bu kabi kamchiliklarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, maktabgacha taʼlim muassasalarini yaxshilash maqsadida davlatimiz tomonidan katta mablagʻ va resurslar yoʻnaltirilmoqda. 2018 yil uchun tasdiqlangan Investitsiya loyihalari roʻyxatiga muvofiq, 771 milliard soʻm byudjet mablagʻlari hisobidan 60 ta bogʻcha yangidan quriladi, 295 tasi rekonstruksiya qilinadi va 176 tasi mukammal taʼmirlanadi.

Yigʻilishda joriy yilda davlat maktabgacha taʼlim muassasalari qurish, taʼmirlash va jihozlash boʻyicha manzilli roʻyxatni tasdiqlash, bolalar bogʻchalarining moddiy-texnik holatini oʻrganib, mebel, oshxona jihozlari, oʻyin maydonchalari va sport inventarlariga boʻlgan talabni aniqlash hamda yaqin 2 yilda mamlakatimizdagi barcha bogʻchalarni jihozlash boʻyicha hujjatlarni tayyorlash zarurligi taʼkidlandi.

Yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan bogʻchalarning loyiha-smeta hujjatlarini sifatsiz tayyorlash, qurilish va taʼmirlash ishlarini oxiriga yetkazmaslik, baʼzilarini taʼmirlamasdan qoldirib ketish holatlari koʻp uchrayotgani tanqid ostiga olindi.

Masalan, oʻtgan yili Xorazm viloyati Urganch shahridagi 14-bogʻchada qurilish-taʼmirlash ishlari sifatsiz bajarilgan, muhandislik tarmoqlariga toʻliq ulanmagan, jihozlar toʻliq yetkazib berilmagan. Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanidagi 3-, Nishon tumanidagi 20-, Koson tumanidagi 32-bogʻchada taʼmirlash ishlari nihoyasiga yetkazilmagan. Buxoro shahridagi 3-, Buxoro tumanidagi 19-, Romitan tumanidagi 11-, Qorakoʻl tumanidagi 7-bogʻchalarda pardozlash ishlari sifatsiz bajarilgan, jihozlarning 50 foizi yetkazib berilmagan. Koʻplab loyihalarda nazarda tutilmagani sababli bogʻchalar hududini obodonlashtirish, atrofini oʻrash, tashqi kommunikatsiya tarmoqlariga ulash ishlari bajarilmay qolmoqda.

Bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish uchun hokimliklar, Maktabgacha taʼlim vazirligi hamda Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasiga tegishli topshiriqlar berildi. Maktabgacha taʼlim muassasalarining loyiha-smeta hujjatlarida yordamchi binolarni ham taʼmirlash va jihozlashni nazarda tutish, ularni aholi uchun qulay va muhandislik-kommunikatsiya tarmogʻi mavjud hududlarga joylashtirish zarurligi qayd etildi. Namunaviy loyihalarni qayta koʻrib chiqib, yangi quriladigan bogʻchalar uchun sarflanadigan xarajatlarni arzonlashtirish vazifasi qoʻyildi.

Navbatdagi muhim masala, dedi Shavkat Mirziyoyev, davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat bogʻchalar tarmogʻini kengaytirishdir. Hududlarga biriktirilgan tijorat banklari va tadbirkorlar tomonidan 2018 yilda jami 222 ming nafar bolaga moʻljallangan 3 mingdan ziyod nodavlat bolalar bogʻchasini tashkil etish rejalashtirilgan. Shundan 1 ming 200 tasi yangi quriladigan binoda, 1 ming 360 tasi mavjud binolarda va 470 tasi uy bogʻchasi sifatida tashkil etiladi.

Joylarda bu borada qator ishlar boshlangani, lekin Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm va Navoiy viloyatlarida sust borayotgani qayd etildi. Ayrim rahbarlarning uzoqni koʻra olmasligi va davlat siyosatini tushunmasligi oqibatida ishlab turgan davlat bogʻchalarini xususiylashtirish va tadbirkorlarga berib yuborishga urinish holatlari kuzatilmoqda. Bu esa aholining oʻrinli va jiddiy eʼtiroziga sabab boʻlmoqda.

Shu bois tadbirkorlarga ishlamay turgan bogʻchalarni berish, binoni taʼmirlab va jihozlab ishlatish vazifasini qoʻyish zarurligi taʼkidlandi.

Xususiy bogʻcha uchun yaxshi joydan yer, bino va imtiyozli kredit olib, qurilgan yoki taʼmirlangan binodan 1-2 yildan keyin boshqa maqsadda foydalanaman, degan “xomxayol” bilan yurgan “qoʻshtirnoq ichidagi tadbirkorlar” ham bor, dedi Prezidentimiz. Shu sababli hokimliklar xususiy bogʻchalar uchun yer va bino ajratish, banklar esa kredit berish toʻgʻrisidagi oʻz qarorlarida bunday binolardan kamida 15-20 yil davomida bogʻcha sifatida foydalanish zarurligi toʻgʻrisidagi shartlarni nazarda tutishi kerak.

Davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy bogʻchalar tashkil etish boʻyicha ham qator vazifalar belgilandi.

Moliya vazirligiga Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasini tuzish, Jamgʻarma mablagʻlarini nodavlat bolalar bogʻchalari uchun bino va inshootlarni xarid qilish, yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlariga imtiyozli stavkada kredit ajratishga yoʻnaltirish topshirildi.

Maktabgacha taʼlim vazirligiga davlat-xususiy sheriklik asosida bogʻchalarni tashkil etish modellari, davlat va xususiy sherikning xuquqlari va majburiyatlari, bogʻchalarni malakali kadrlar bilan taʼminlash boʻyicha nizom loyihasini ishlab chiqishni tezlashtirish vazifasi qoʻyildi.

Hokimliklar va banklarga 2018 yilda tashkil etiladigan 3 mingdan ziyod xususiy bogʻchaning har biri boʻyicha yer, bino va kredit ajratish, bogʻchalarni ishga tushirish muddatlari aniq belgilangan jadvallarni ishlab chiqish va tasdiqlatish yuzasidan koʻrsatma berildi.

Hal etishimiz zarur boʻlgan yana bir muhim muammo, dedi davlatimiz rahbari, bogʻchalarda bolalarni belgilangan meʼyorlar asosida toʻgʻri va sifatli ovqatlantirishni tashkil etishdir.

Afsuski, bolalarga sut mahsulotlari va meva tasdiqlangan normadan kam miqdorda berilmoqda, baliq mahsulotlari esa deyarli berilmayapti.

Yigʻilishda bu borada berilgan topshiriqlarga muvofiq, bolalarni sifatli ovqatlantirish, koʻrpa, yostiq va choyshablarini belgilangan muddatlarda almashtirish, dori-darmon va yuvish vositalari uchun ajratiladigan mablagʻlar miqdori yetarli ekani aniq hisob-kitob qilinadi.

Maktabgacha taʼlim vazirligi va uning joylardagi boʻlinmalari rahbarlari bogʻchalarda bolalarning belgilangan meʼyorlar asosida sogʻlom va toʻgʻri ovqatlanishini tashkil etishga shaxsan masʼul boʻladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi bogʻchalarda taomlarni tayyorlash, oziq-ovqat mahsulotlarini qabul qilish va saqlashda sanitariya normalari va gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya etilishini nazorat qiladi.

Yigʻilishda maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyachilarining saviyasi, bilimi va koʻnikmalari masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Tizimda faoliyat yuritayotgan qariyb 60 ming tarbiyachining atigi 21 foizi oliy maʼlumotli, 79 foizi esa oʻrta maxsus maʼlumotga ega ekani qayd etildi.

Bolalar tarbiyasi jarayoniga oʻz ishini puxta biladigan, malakali va har bir bolaga individual yondasha oladigan pedagog-kadrlarni jalb qilgan holda, ularni goʻdakligidan ongi va tafakkurini toʻgʻri shakllantirib bormasak, kelajakda yuksak saviya, bilim va maʼnaviyatga ega boʻlgan barkamol avlodni tarbiyalash qiyin boʻladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu boradagi oʻrganishlar natijasida kelgusi 3 yilda maktabgacha taʼlim tizimida 47 ming 300 dan ziyod oliy maʼlumotli pedagog kadrlar, jumladan, 28 ming 300 nafar tarbiyachi, defektolog, psixolog, musiqa rahbariga ehtiyoj paydo boʻlishi aniqlangan. Shu bois, 2018-2019 oʻquv yilidan boshlab, oliy taʼlim muassasalarida “Maktabgacha taʼlim” yoʻnalishida kunduzgi shaklda 3 yillik bakalavrlar tayyorlash tizimi joriy etiladi. Bunda ilgʻor xorijiy tajriba, jumladan, Janubiy Koreyaning yetakchi universitetlari tajribasi asosida yangi oʻquv rejasi va dasturlari ishlab chiqiladi.

Shuningdek, yangi oʻquv yilidan boshlab, oliy taʼlim muassasalarida sirtqi va kechki shaklda bakalavrlar tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Joriy yil mart oyidan boshlab, viloyatlardagi universitet va pedagogika institutlari bazasida bogʻchalarning pedagog va nomutaxassis kadrlari uchun yarim yillik oʻquv dasturlari asosida qayta tayyorlash kurslari tashkil etiladi.

Bu haqda soʻz yuritar ekan, Prezidentimiz Janubiy Koreyaning Puchon universiteti bilan hamkorlikda Toshkent shahrida Maktabgacha taʼlim universitetini tashkil etish zarurligini taʼkidladi.

Yigʻilishda yuqori malakali, oliy maʼlumotli kadrlarni ragʻbatlantirish,  maktabgacha taʼlim muassasalari pedagog xodimlarining oylik ish haqini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Imkoniyati cheklangan va jismoniy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalarga moʻljallangan bogʻchalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ishlariga ham eʼtibor qaratildi.

Muhokama qilingan masalalar boʻyicha mutasaddi rahbar va hokimlarning axborotlari tinglandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.