Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 may kuni maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi tizimini rivojlantirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning birinchi moddasida Oʻzbekiston ijtimoiy davlat ekani belgilab qoʻyildi. Bu boradagi eng katta sohalardan biri taʼlimdir. Uni izchil rivojlantirish maqsadida, maʼmuriy islohotlar doirasida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tashkil etildi. Tizimni tarkibiy maqbullashtirish, zamonaviy dasturlarni joriy qilish, xodimlarni ragʻbatlantirish choralari koʻrilmoqda.
Taqdimotda shu boradagi rejalar muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, boshlangʻich sinflarda xorijiy tajriba asosida yangi oʻquv dasturi joriy qilinadi. Yuqori sinflarda oʻqitiladigan fanlar 16 tadan 11 taga kamaytirilib, dasturlarning fanlararo va sinflararo integratsiyasi taʼminlanadi. Bunda 11 ta majburiy va 2 ta tanlov fani tatbiq etiladi. Yangi oʻquv yilidan informatika fani 1-sinfdan oʻrgatiladi.
Hozirda mavzularning 70 foizi kundalik hayot bilan bogʻlanmagan. Endi fanlarning amaliy mashgʻulotlar ulushi 40 foizdan 60 foizgacha oshiriladi. Bunda mavzular aniq muammoni hal qilish orqali oʻrgatiladi, amaliyot darslari esa loyihani bajarish shaklida oʻtkaziladi.
Maktablarni malakali kadrlar bilan taʼminlash maqsadida pedagoglarni sertifikatlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Yaʼni, ishga kirayotgan pedagog 1 yil davomida oʻqituvchi-stajyor sifatida faoliyat yuritib, shu muddatda sertifikat olishi kerak boʻladi.
Oʻqituvchilarga malaka toifasini berish boʻyicha sinovlar 2 bosqichda tashkil etiladi. Birinchi bosqichda talabgorning mutaxassislik fani boʻyicha bilimi, ikkinchisida pedagogik mahorati baholanadi. Malaka sertifikati olgan pedagoglarning oylik maoshiga 70 foizgacha miqdorida ustama toʻlanishi mumkin.
Shuningdek, bogʻchalarga malakali tarbiyachilarni jalb qilish uchun 2024 yil 1 iyundan ularning ish haqi stavkalari maktab oʻqituvchilarinikiga tenglashtiriladi.
Umumtaʼlim maktablariga byudjetdan tashqari mablagʻlardan erkin foydalanish huquqi berilgani ularning moddiy ahvolini yaxshilash hamda oʻqituvchilarga qoʻshimcha haq toʻlash imkonini bermoqda. Endi bu tartibni bogʻcha va ixtisoslashgan maktablar uchun ham qoʻllash moʻljallanmoqda.
Malakali rahbarlar muhitini shakllantirish maqsadida hududlarda eng tajribali direktorlardan iborat “Direktorlar kengashi” tashkil etiladi. Endi maktab direktorlari lavozimga mazkur kengash tavsiyasi bilan ochiq tanlov asosida tayinlanadi.
Shuningdek, vazirlikning tuman (shahar) boʻlimlarining maktablar faoliyatini tekshirish va taʼlim sifatini baholash vakolatlari tugatiladi. Xususiy maktablarni tashkil qilishda qoʻyilgan talablar yengillashtiriladi.
Yigʻilishda bolalarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, xususiy sektorni jalb qilgan holda masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.
Davlatimiz rahbari bu takliflarni maʼqullab, tizim faoliyatini transformatsiya qilish, oʻqituvchilarning malakasi va ragʻbatini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.