Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 28 avgust kuni maktablarda taʼlim sifatini oshirish, oʻquvchi oʻrnini koʻpaytirish va oʻqituvchilarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
“Yangi Oʻzbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi”, degan ezgu gʻoya asosida bu sohada katta ishlar amalga oshirilmoqda. Soʻnggi yillarda yuzlab zamonaviy maktablar barpo etildi. Prezident maktablari, ijod maktablari hayotimizga kirib keldi, ixtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻi kengaytirildi. Yangi darsliklar va oʻquv qoʻllanmalari yaratildi.
Oʻqituvchi va murabbiylarning mehnat sharoitlarini yaxshilash, malakasini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, oʻtgan davrda muallimlarning oylik ish haqi oʻrtacha 2,5 baravar oshdi.
Jumladan, chet tili, axborot texnologiyalari, matematika, kimyo, biologiya boʻyicha milliy va xalqaro sertifikati bor oʻqituvchilarga ustama, chekka hududga borib ishlagan muallimlarga alohida toʻlov joriy etildi. Natijada 6 million soʻmdan 10 million soʻmgacha maosh oladigan oʻqituvchilar soni 23 mingga yetdi, 10 million soʻmdan yuqori oylik oluvchilar 1 mingdan oshdi.
Maktablar yuklamasini kamaytirish maqsadida 700 ming oʻquvchi oʻrni yaratildi. Bu – avvalgi yillarga nisbatan 15 baravar koʻp. Oliy taʼlimda ham qamrov 4 barobar oshirilib, yoshlar uchun imkoniyatlar kengaytirildi.
Shu bilan birga, maktab taʼlimi sohasida dolzarb masalalar hali koʻp.
Bugungi kunda boshlangʻich sinflarda 11 ta, yuqori sinflarda 16 ta fan oʻtiladi. Lekin oʻquvchilar aniq bir yoʻnalishda chuqur bilimga ega boʻlmay, maktabni bitirayapti.
Oʻtgan yili 220 ming muallimdan 86 ming nafari yoki 37 foizining bilim va koʻnikmasi “qoniqarsiz” baholangan. Bu hol, ayniqsa, hozir talab yuqori boʻlgan informatika, ingliz tili, fizika, matematika va kimyo fani oʻqituvchilarida boʻlgani tashvishli.
Oxirgi olti yarim yilda yurtimizda 320 ming xonadonli yangi uy-joylar barpo etilgan. Lekin ularga mos quvvatda maktablar qurilmagan. Yangi massiv va mahallalarda hozirning oʻzida 350 ming oʻrinli maktablarga talab bor. Mavjud maktablar infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha ham vazifalar koʻp.
Soʻnggi yillarda 70 ming oʻrinli 350 ta xususiy maktab tashkil etilgan. Ammo koʻplab viloyatlarda bu boradagi ishlar yetarli emas.
Shu kabi tahlillarni qayd etar ekan, davlatimiz rahbari maktablarni ham mazmun, ham sharoit jihatidan yaxshilash boʻyicha yangi tashabbuslarni bildirdi.
Avvalo, taʼlim sifatini oshirish maqsadida respublika boʻyicha 500 ta maktabda Prezident maktabi va ixtisoslashgan maktablar oʻquv dasturi hamda baholash tizimi joriy etiladi. Bir yilda ularning ishi baholanib, yangi tizimni samarali qoʻllagan oʻqituvchilarga 40 foizgacha ustama beriladi. Kelgusi besh yilda ushbu tizim barcha maktablarda joriy qilinadi.
Bu yil maktablarda dars berish uchun xorijdan 500 nafar “til egalari” taklif etilgan. Keyingi yillarda ular yana koʻpayadi. Shu bois hokimliklarga chet ellik oʻqituvchilarning uy-joy masalasini hal qilish topshirildi.
Yuqori sinfda oʻqitiladigan fanlar 16 tadan 11 taga qisqaradi. Bunda, 10-11 sinf oʻquvchilariga “kimyo – biologiya”, “matematika – fizika”, “matematika – chet tili”, “ona tili va adabiyot – chet tili” fanlari ularning tanlovi asosida chuqurlashtirib oʻqitiladi.
Kasb-hunar egalash istagidagi oʻquvchilarga esa, maktabning oʻzida tayyor mutaxassis boʻlib yetishish imkoniyati yaratiladi. Kelgusi oʻquv yilidan kamida 1 mingta maktab shu tizimga oʻtkaziladi.
Darslarning mazmuni ham oʻzgaradi. 1-sinfdan kompyuter savodxonligi, yuqori sinflarda moliyaviy savodxonlik darslari joriy etiladi.
Eng muhimi, oʻquv dasturlariga qoʻshimcha yangi fanlarni kiritish taqiqlanadi. Endi barcha yangi takliflar mavjud fanlarga integratsiya qilinib tayyorlanadi.
Prezident oʻqituvchilar malakasini oshirish va ularga munosib sharoit yaratish masalasiga alohida eʼtibor qaratib, muhim vazifalarni belgilab berdi.
Unga koʻra, oʻqituvchilarni ishga qabul qilish, ularning malakasini oshirish va toifa berish tizimi toʻliq oʻzgartiriladi. Jumladan, oʻqituvchilikka qabul qilish tanlov asosida boʻladi. Ilk bor kelgan nomzodlarga 1 yil oʻqituvchi-stajyor boʻlib ishlash va yil yakuni bilan kasbiy sertifikat olish talabi qoʻyiladi. Keyinchalik bu tizim barcha oʻqituvchilar uchun bosqichma-bosqich joriy qilinadi.
Oʻqituvchilar malakasi ham tabaqalashgan holda oshiriladi. Yaʼni, malaka oshirishdan oldin oʻqituvchining bilimi “diagnostikadan oʻtkaziladi” va natijasiga koʻra individual kasbiy rivojlanish yoʻnalishlari belgilanadi. Past natija olganlar boʻyicha oʻzi oʻqigan oliygohga reklamatsiya yuboriladi. Yaʼni, bu pedagogik oliygohlar faoliyatiga uchun ham baho boʻladi.
Shu bois hududiy malaka oshirish markazlari faoliyatini tanqidiy oʻrganish, ularni taʼmirlash va jihozlash boʻyicha topshiriq berildi.
Muallimlarga malaka toifasini berish ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda pedagogning bilimi dastlabki imtihonda baholanib, 70 foizdan koʻp ball toʻplaganlar ikkinchi bosqichga oʻtadi. Ikkinchi bosqichda ilgʻor pedagogik texnologiyalarni qoʻllashi, oʻquvchilar bilan ishlash metodikasi va baholashdagi yondashuvlari tekshiriladi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga ushbu tajribani oʻqituvchilarning bilim darajasi past boʻlgan 20 ta tumanda sinovdan oʻtkazish vazifasi qoʻyildi.
Pedagogika yoʻnalishidagi oliy oʻquv yurtlarini alohida yondashuv asosida rivojlantirish boʻyicha koʻrsatma berildi. Shuningdek, Toshkent va Chirchiqdagi Pedagogika universitetlarida mutaxassislar Prezident maktabi dasturi asosida tayyorlanadi. Bu muassasalar pedagogika yoʻnalishidagi institutlar uchun “tayanch oliygoh” boʻladi.
Kelgusi oʻquv yilidan kadrlar yetishmaydigan, ogʻir maktablar oldindan tanlanib, ular uchun maqsadli davlat buyurtmasi joriy qilinadi.
Maktab taʼlimida boshqaruv tizimi ham oʻzgartiriladi. Endi direktorlikka nomzodlar faqat sertifikati bor va zaxiraga kiritilgan kadrlar orasidan tanlanadi va muddatli shartnoma asosida ishga olinadi. Direktorlar va uning oʻrinbosarlari har besh yilda bir marta sertifikatsiyadan oʻtadi.
Sohadagi yana bir dolzarb masala – oʻquvchi oʻrnini koʻpaytirish.
Kelgusi yilda Investitsiya dasturi doirasida maktab qurilishiga 3 trillion soʻm ajratilishi nazarda tutilgan. Buning hisobiga 150 ming yangi oʻquvchi oʻrni yaratiladi.
Kam quvvatda ishlayotgan 61 ta kollej binosida maktablar tashkil qilinadi. Xususiy sheriklik asosida 50 ta maktab quriladi.
Xususiy sektorga qoʻshimcha sharoitlar yaratish orqali yiliga kamida 25 ming oʻquvchi oʻrni ochiladi. Buning uchun, tadbirkorlarga xususiy maktab tashkil qilish uchun kreditning 7 foiz qismi byudjetdan qoplab beriladi. Yangi maktab qurish uchun yer maydonlari maqsadli auksionga chiqariladi.
Umuman, bu ishlar orqali kelgusi yilning oʻzida 250 ming yoki oʻtgan yilga nisbatan 2 karra koʻp oʻquvchi oʻrni yaratilishi taʼkidlandi.
Mutasaddilarga ushbu chora-tadbirlarni moliyalashtirish, maktablar qurish va jihozlash, muassasalarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash boʻyicha topshiriqlar berildi.
Bitiruvchilarning bandligi masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi. Bu yil 387 ming nafar oʻquvchi maktabni tamomlagan. Shundan 138 mingtasi oliy taʼlimga oʻqishga kirgan.
Davlatimiz rahbari qolgan bitiruvchilarni professional taʼlim bilan qamrab olish, yoshlarni kam xarajat qilib, koʻp daromad oladigan zamonaviy kasblarga oʻrgatish muhimligini taʼkidladi. Oʻquvchilar bilan manzilli ishlash, bunda hokim, maktab direktori va ota-onalarning masʼuliyatini aniq belgilash vazifasi qoʻyildi.
Maʼlumki, bundan uch yil oldin 15 yoshgacha boʻlgan bolalarga yod, vitaminlar va gijjaga qarshi dorilar tarqatish amaliyoti joriy qilingan edi. Natijada bolalarning jismoniy va aqliy rivojlanishiga taʼsir koʻrsatadigan qalqonsimon bez kasalliklari kamaymoqda. Shu bois oʻquvchilarga yod preparatlarini bepul tarqatishni davom ettirish, aholi orasida yod isteʼmolining foydali xususiyatlarini keng targʻib qilish zarurligi aytildi.
Yigʻilishda Prezident barcha oʻqituvchilar, maktab direktorlari va ularning oʻrinbosarlariga murojaat qildi.
– Aziz ustozlar, maktab taʼlimi sohasidagi islohotlarimizni amalga oshirishda men sizlarni oʻzimning eng yaqin yordamchim, deb bilaman. Maktab taʼlimini yanada yaxshilash boʻyicha qabul qilayotgan chora-tadbirlarimizning pirovard natijasi avvalo sizlarga, sizlarning fidokorona mehnatingizga bogʻliq.
Men sizlarning timsolingizda oʻz hayotini dunyodagi eng ulugʻ va olijanob ishga – yangi avlod tarbiyasiga bagʻishlagan, oʻz kasbiga sodiq va fidoyi insonlarni koʻraman. Bugun sizlar taʼlim-tarbiya berayotgan, qalbini, ongini ezgulik bilan toʻldirayotgan millionlab farzandlarimiz ertaga Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari boʻlib bizning safimizga kiradi. Vatanimiz, xalqimiz sizlarning bunday olijanob xizmatlaringizni hech qachon unutmaydi. Oʻqituvchilik kasbini eʼzozlash, uning mehnatini qadrlash bundan buyon ham eʼtiborimiz markazida boʻladi. Yangilangan Konstitutsiyamizda oʻqituvchi maqomini mustahkamlab qoʻydik. Kelgusida shu asosda, albatta, koʻp ishlarni amalga oshiramiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yigʻilishda belgilangan vazifalar yuzasidan vazirlar, hokimlar va boshqa masʼullar axborot berdi.