Maktablarni bitiruvchi oʻgʻil-qizlarimizga

0
229
marta koʻrilgan.

Qadrli maktab bitiruvchilari!

Sizlarni maktab taʼlimini muvaffaqiyatli tugatib, mustaqil hayotga – umringizning yanada goʻzal va masʼuliyatli bosqichiga qadam qoʻyayotganingiz bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Mamlakatimizdagi barcha umumtaʼlim dargohlarida “soʻnggi qoʻngʻiroq”lar yangrab, qadrdon maktabingiz, mehribon ustozlaringiz bilan xayrlashuv tadbirlari oʻtkazilayotgan ushbu quvonchli va gʻoyat hayajonli damlarda hammangizga kelgusi hayotda ulkan yutuq va omadlar tilayman.

Umid va ishonch ramzi boʻlgan yetuklik shahodatnomalari barchangizga muborak boʻlsin!

Aziz bolalarim!

Bu yil respublikamizda 390 ming nafardan ziyod oʻquvchi-yoshlar umumtaʼlim maktablarini bitirmoqda. Hech shubhasiz, oʻz bilim va isteʼdodini Vatanimiz va xalqimizga munosib farzand boʻlishdek olijanob maqsadlarga sarflashga chogʻlanib turgan sizdek tirishqoq va intiluvchan farzandlarimiz – bizning ishonchimiz va tayanchimiz, Yangi Oʻzbekistonning oltin fondi, bebaho xazinasidir.

Albatta, bugun yurtimizda maktab bitiruvchilari bilan birga ularning ota-onalari, ustoz-murabbiylar uchun ham unutilmas kundir. Ushbu quvonchli ayyomda ularni ham chin dildan qutlab, barchasiga ezgu tilaklarimizni izhor etamiz.

Soʻnggi yillarda maktabgacha taʼlim, oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimi sifat jihatidan keskin oʻzgardi. Ayniqsa, maktab taʼlimini rivojlantirish umumxalq harakatiga aylanib, bu borada tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Hozirgi vaqtda yurtimizda 10 mingdan ziyod davlat umumtaʼlim maktablari bilan birga koʻplab nodavlat, davlat-xususiy sheriklik shaklidagi maktablar, Prezident, ixtisoslashtirilgan va ijod maktablari faoliyat yuritayotgani ushbu tizimda qisqa muddatda chuqur tarkibiy va sifat oʻzgarishlari yuz berganini koʻrsatadi.

Birgina oʻtgan yilda 3,3 trillion soʻm mablagʻ hisobidan 789 ta maktabda qurilish va taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Xalqaro fan olimpiadalarida oʻquvchilarimiz qoʻlga kiritgan medallar soni 3 barobar, mintaqaviy olimpiadalarda esa qariyb 2 barobar koʻpaygani, “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 900 mingdan ziyod oʻquvchi dasturlash asoslarini oʻrganib, sertifikatga ega boʻlgani barchamizni xursand qiladi.

Butun hayotini yosh avlod tarbiyasiga bagʻishlagan jonkuyar oʻqituvchilar, ustoz-murabbiylar mehnatini munosib ragʻbatlantirish, ularning ish va turmush sharoitini yaxshilash, jamiyatdagi obroʻ-eʼtiborini oshirishga muhim ahamiyat qaratilmoqda.

Taraqqiy topgan davlatlar tajribasi asosida maktab taʼlimi uchun oʻquv dasturi va darsliklar yangilanmoqda. Ayniqsa, umumtaʼlim maktablari uchun 326 nomda oʻquv-metodik majmualar, oʻqituvchilar kitobi hamda mashq daftarlari yaratilgani muhim qadam boʻldi.

Yurtimizdagi barcha maktablar yuqori tezlikdagi optik tolali internet tarmogʻiga ulanib, lokal tarmoq hamda Wi-Fi uskunalari oʻrnatildi.

Shuningdek, hozirgi notinch zamonda farzandlarimizni yuksak maʼnaviyat egalari, chinakam vatanparvar insonlar etib tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratmoqdamiz. Keng koʻlamdagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar amalga oshirilmoqda, yoshlarimiz oʻrtasida kitobxonlikni kuchaytirish, ularni adabiyot, sanʼat va sport toʻgaraklariga yanada faol jalb etish boʻyicha izchil ishlar olib borilmoqda.

Aziz farzandlarim!

Keyingi paytda xalqimiz, ayniqsa, unib-oʻsib kelayotgan siz kabi yoshlarimiz uchun Oʻzbekiston ulkan imkoniyatlar mamlakatiga aylanib bormoqda. Respublikamizda faoliyat koʻrsatayotgan 162 ta oliy oʻquv yurti, koʻplab kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlar kelgusida sizlarning oʻzingiz tanlagan sohalar boʻyicha yetuk kadr va malakali mutaxassis boʻlishingiz uchun xizmat qiladi.

Shuningdek, 78 ta oliy taʼlim muassasasida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oʻqib, oliy maʼlumot olish hamda masofaviy taʼlim shaklida kadrlar tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Bitiruvchi yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 2016 yildagi 9 foizdan bu yil 38 foizga yetkazildi.

Yurtimizda yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan oʻquvchilar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari, nogiron bolalar uchun professional taʼlim tizimida alohida imkoniyatlar yaratilmoqda.

Bu haqda soʻz yuritganda, 2020-2021 oʻquv yilida kollej va texnikumlarga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilingan 1157 nafar, 2021-2022 oʻquv yilida esa 1433 nafar oʻquvchi qabul parametrlaridan tashqari qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinganini taʼkidlash lozim.

Aminman, sizlar ana shunday imkoniyatlar asosida yetuk mutaxassislar boʻlib, kelgusida yurtimizdagi zamonaviy klasterlar, fermer xoʻjaliklari, ishlab chiqarish korxonalari, katta-katta qurilishlar, firma va kompaniyalar, davlat va nodavlat tashkilotlar, madaniy va ijodiy jamoalarda ish boshlaysiz va Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini oshirishga albatta munosib hissa qoʻshasiz.

Muxtasar aytganda, maktabni bitirib chiqayotgan yigit-qizlarimizning har biri el-yurtimizning mehri va eʼtiborida boʻladi. Bu borada joylarda viloyat, shahar va tuman hokimliklari, sektor rahbarlari, mahalla jamoatchiligi ota-onalar va ustozlaringiz bilan birgalikda sizlarga yaqin koʻmakchi va maslahatchi boʻladi.

Mana shunday shukuhli onlarda siz, aziz farzandlarimni maktab taʼlimini muvaffaqiyatli tamomlab, hayotingizda dastlabki muhim dovondan oshganingiz bilan yana bir bor tabriklayman.

Hech qachon unutmang, kelajakda sizni yanada ulkan va masʼuliyatli marralar kutmoqda. Oldingizga aniq maqsad qoʻyib, bor kuch-gʻayratingiz, bilim va salohiyatingiz bilan harakat qilsangiz, koʻzlagan choʻqqilarga albatta erishasiz.

Barchangizga ishda va oʻqishda, shaxsiy hayotda katta yutuq va omadlar tilayman.

Doimo sogʻ-omon boʻling!

Intilib, izlanib yashashdan aslo toʻxtamang!

Baxt va omad hamisha hamrohingiz boʻlsin, aziz oʻgʻil-qizlarim!

Shavkat MIRZIYOYEV,    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.