Mamlakatimiz maktablarini bitiruvchi oʻgʻil-qizlarimizga

0
74
marta koʻrilgan.

Qadrli farzandlarim!

Bugun oʻz bilim va isteʼdodi, kuch-gʻayratini Yangi Oʻzbekiston bunyodkori, jonajon yurtimizga munosib farzand boʻlishdek ezgu maqsadga baxsh etishga bel bogʻlagan sizlar kabi navqiron yoshlarni maktab taʼlimini muvaffaqiyatli tugatayotganingiz bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Mehribon ustozlaringiz va ota-onalaringiz sizlarga oq yoʻl tilab turgan mana shu qutlugʻ kunda mamlakatimizdagi barcha maktablarda “soʻnggi qoʻngʻiroq”lar jaranglab, siz kabi minglab yoshlarimiz katta hayotga yoʻllanma olmoqdalar.

Haqiqatan ham, bugun sizlar ulkan imkoniyatlar taqdim etadigan butunlay yangi hayot ostonasida turibsiz. Bu yoʻlda tinimsiz izlanib, yangi marralar sari talpinish, dadillik va oʻzingizga qatʼiy ishonch hissi doimo hamrohingiz boʻlishi lozim.

Hamisha yodingizda tuting, har biringiz oʻziga xos isteʼdod sohibisiz, ularni roʻyobga chiqarish esa avvalo oʻzingizga, tinimsiz intilish va izlanishlaringizga bogʻliq.

Shu oʻrinda, sizning safingizda oʻqishni oltin va kumush medallar bilan tamomlayotgan yuzlab oʻgʻil-qizlarimiz borligini taʼkidlash oʻrinlidir.

Keyingi yillarda Yangi Oʻzbekiston yoshlari turli fanlar, sport, sanʼat va adabiyot sohalarida oʻzining chuqur bilim va qobiliyatini yaqqol namoyon qilishmoqda.

Hayotda yuksak marralarni koʻzlab turgan bunday sergʻayrat va bilimdon farzandlarimizni yurtimizdagi millionlab oʻgʻil-qizlarimizga oʻrnak qilib koʻrsatsak, arziydi.

Mamlakatimizda navqiron avlod vakillarini har tomonlama barkamol insonlar etib tarbiyalash, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash, qobiliyat va salohiyatini roʻyobga chiqarishga juda katta eʼtibor qaratilmoqda.  

Chunki jonajon Vatanimizning kelajagi, uning taqdiri va taraqqiyoti bugun shinam sinfxona va auditoriyalarda qunt bilan taʼlim olayotgan yoshlarning qoʻlida. Ular ertaga Oʻzbekistonni yanada kuchli, rivojlangan va baxtli davlatga aylantirish uchun oʻzlarining bor bilimi, iqtidori va kuch-gʻayratini safarbar qilsa, koʻzlagan maqsadlarimizga albatta erishamiz.

Ayni paytda mamlakatimizdagi koʻplab zamonaviy oliygohlar, kasb-hunar maktablari va texnikumlar bitiruvchilarni oʻz bagʻriga chorlamoqda. Bu maskanlarda ularning taʼlimni davom ettirib, yanada chuqurroq bilim olishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. 

Aziz oʻgʻil-qizlarim!

Sizlar jonajon Vatanimiz shonli tarixining bir qismi, oʻz madaniyati va anʼanalarini asrlar davomida asrab-avaylab kelayotgan buyuk xalqning dilbandlari, Yangi Oʻzbekistonning umidi va tayanchi hisoblanasiz. Yana bir bor taʼkidlab aytmoqchiman, davlatimizning ertangi taqdiri, uning ravnaqi va taraqqiyoti sizlarning qoʻlingizda.

Hech qachon orzu qilishdan toʻxtamang, katta maqsadlar yoʻlida imkoniyatlaringizni sinab koʻrishdan, bu yoʻlda xato qilish va ulardan saboq olishdan qoʻrqmang. Chunki xalqimiz sizlarga katta umid va ishonch bilan qaramoqda.

Sizlarning yangi gʻoya va tashabbuslaringiz, ishtiyoqingiz va kuchingiz nafaqat Oʻzbekistonni, balki butun dunyoni oʻzgartirishi mumkin. Shuning uchun har qanday holatda ham oʻz oldingizga qoʻygan ezgu maqsadingizdan ortga chekinmang.

Har biringiz ustozlaringiz va ota-onangiz qalbingizga singdirgan qadriyatlarga hamisha sodiq boʻlib, xalqimizning bebaho merosini yanada boyitishga, yurtimizning yorugʻ kelajagiga hissa qoʻshishga intiling.

Biz jahonga ilm-maʼrifat, maʼnaviy boylik yetkazib bergan ne-ne ulugʻ zotlarning avlodimiz. Ularga xos boʻlgan noyob xususiyatlar, ular yaratgan anʼanalar bugun har birimizning qalbimizda, ongimizda va hayotimizda yashamoqda.

Endilikda biz ana shu buyuk ajdodlarimizning chinakam davomchilari boʻlgan qalbi qaynoq yoshlarimizning yuksak maʼnaviy va intellektual salohiyati, ularning dunyoni lol qoldiruvchi yutuqlari bilan ham faxrlanishga haqlimiz.

Hech shubhasiz, hayotda yuksak natijalarga erishish uchun tinimsiz harakat, shijoat va jasorat talab etiladi. Sizlarning chuqur bilim olish, zamonaviy kasb-hunarlarni oʻrganish orqali Vatanimizga munosib farzandlar boʻlib yetishishingiz va uning taqdiri uchun masʼuliyatni zimmangizga olishingizga ishonaman.

Bu sharafli yoʻlda barchangizga baxt va omad doimo yor boʻlishini tilayman.

Shavkat Mirziyoyev,  Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.