Mamlakatimiz qurilish sohasi xodimlariga

0
127
marta koʻrilgan.

Hurmatli quruvchi bunyodkorlar!

Muhtaram faxriylar!

Avvalo, siz, azizlarni mamlakatimizda keng nishonlanayotgan qutlugʻ kasb bayramingiz – Qurilish sohasi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etib, barchangizga yuksak hurmat-ehtirom va samimiy tilaklarimni bildiraman.

Maʼlumki, mamlakatimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini taʼminlashda mazkur soha xodimlari – mohir quruvchi va meʼmorlar, mexanik va murakkab texnikalarni boshqarayotgan insonlar, loyihachi va dizaynerlar, qurilish sanoati vakillari va pudratchilarning mehnati hamisha muhim oʻrin tutib keladi.

Ayniqsa, hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida katta qurilish va obodonlashtirish ishlari jadal olib borilayotgan, mamlakatimiz ulkan qurilish maydoniga aylangan hozirgi kunda sizlarning masʼuliyatli va sharafli mehnatingiz koʻlami hamda ahamiyati tobora ortib bormoqda, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Sizlarning timsolingizda shahar va qishloqlarimizda, butun yurtimizda yangi-yangi ishlab chiqarish korxonalari, muhim ijtimoiy obyektlar, zamonaviy uy-joylar, yoʻl va koʻpriklar barpo etib, hayotimizni yanada goʻzal va obod qilishga beqiyos hissa qoʻshib kelayotgan olijanob kasb egalarini koʻramiz.

Ushbu quvonchli ayyomda sizlarni Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari sifatida eʼzozlab, shaʼningizga eng yuksak taʼrif va tilaklarimizni izhor etamiz, fidokorona mehnatingiz uchun chin dildan tashakkurlar aytamiz.

Qadrli doʻstlar!

Bugungi kunda Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida barcha islohotlarimiz markaziga inson qadri, uning hayotiy manfaatlarini taʼminlash bosh maqsad qilib qoʻyilayotgani sizlarga yaxshi maʼlum, albatta.

Ana shunday ulugʻvor vazifani amalga oshirishda boshqa sohalar qatori qurilish sohasi, uning ulkan imkoniyatlari hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Sohada olib borilayotgan tizimli islohotlar natijasida aholi punktlarini qurishga kompleks yondashuv, uy-joy, turli bino va inshootlar bilan birga ijtimoiy infratuzilma obyektlari, savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari, taʼlim, tibbiyot va madaniyat muassasalari, istirohat bogʻlari va xiyobonlar, favvoralar, bolalar maydonchalari va sport maskanlari bunyod etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Buning amaliy tasdigʻi sifatida 2022 yilgi Investitsiya dasturi boʻyicha 1 ming 868 ta ijtimoiy obyektda keng koʻlamli qurilish, rekonstruksiya va kapital taʼmirlash ishlari olib borilayotganini taʼkidlash oʻrinlidir.  

Bu haqda soʻz yuritganda, loyihalari joylardagi aholimiz bilan bamaslahat ishlab chiqilgan “Yangi Oʻzbekiston” massivlari haqida alohida toʻxtalish lozim, deb oʻylayman. Ushbu nomdagi jami 29 ta massivda 21 ming 312 xonadonga moʻljallangan 619 ta zamonaviy uy-joy, shuningdek, oʻnlab yangi maktabgacha taʼlim tashkilotlari hamda umumtaʼlim maktablari, tibbiyot muassasalari barpo etilayotganini misol qilib keltirish mumkin.

Bu borada koʻp qavatli uylar hamda muhandislik-transport kommunikatsiyalari, ijtimoiy soha, ishlab chiqarish, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari kompleks tarzda qurilayotgani, kelgusi besh yilda 250 mingdan ziyod oila zamonaviy qulayliklarga ega boʻlgan uy-joylar bilan taʼminlanishi albatta barchamizni xursand qiladi.

Ayniqsa, aholini arzon va sifatli turar-joy bilan taʼminlash dasturlari doirasida namunali koʻp qavatli uylar atrofida madaniyat va sanʼat markazlari, sport inshootlari, tibbiyot muassasalari va boshqa maskanlar barpo etilayotgani, “Obod qishloq” dasturi boʻyicha 413 ta mahallaning bosh rejasi ishlab chiqilayotgani inson haqidagi eʼtibor va gʻamxoʻrlikning amaliy namunasidir.

Hozirgi vaqtda mamlakatimizda qurilish materiallari sanoati ham jadal rivojlanib bormoqda. Masalan, uy-joylar uchun qurilish materiallarining 95 foizi oʻzimizda ishlab chiqarilmoqda. Bu esa yangi turar joylarning sifatli va mustahkam, tannarxi arzon boʻlishini taʼminlaydi, yangi ish oʻrinlari yaratishga xizmat qiladi.

Muhtaram yurtdoshlar!

Bugun zamonning oʻzi qurilish sohasida ham yanada muhim va dolzarb vazifalarni oldimizga qoʻymoqda. Xususan, aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, qishloqlarni tuman markazlari bilan bogʻlaydigan zamonaviy yoʻllar qurish, namunaviy loyihalar asosida yangi bogʻcha va maktablar, oilaviy poliklinikalar barpo etish, bozor infratuzilmasi obyektlari va servis shoxobchalarini koʻpaytirish, aholi va pudrat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlarini qurilish materiallari bilan markazlashgan holda taʼminlash boʻyicha samarali tizim yaratish, qurilish bozorini yangi innovatsion xizmatlar bilan toʻldirib borish, soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasida hali koʻp ish qilishimiz kerak.

Ishonchim komil, oʻz ishining chinakam ustasi boʻlgan mohir quruvchilar va mutaxassislar, sohada mehnat qilayotgan barcha insonlar oʻzlarining bor kuch-gʻayrati, bilim va tajribasini ana shunday ulkan vazifalarni muvaffaqiyatli ado etishga safarbar etib, bundan buyon ham el-yurtimizga sidqidildan xizmat qiladilar.

Oʻz navbatida davlatimiz sizlarning yanada samarali faoliyat koʻrsatishingiz, mamlakatimiz qurilish sohasi salohiyatini oshirish uchun kelgusida ham zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratib beradi.

Siz, azizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt va xonadonlaringizga qut-baraka tilayman.

Qoʻlingiz hech qachon dard koʻrmasin, mehnatingizning rohatini koʻring, aziz bunyodkorlar!

 

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.