Yoshlar kuni bayrami Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etilgan kun bilan bevosita bogʻliq. 2017 yil 30 iyunda boʻlib oʻtgan Kamolat yoshlar harakatining 4-syezdida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etilib, maqsad va vazifalari belgilab olingan edi.
Mamlakatimiz Prezidenti 2018 yil 25 avgustda “Oʻzbekiston Respublikasida Yoshlar kunini belgilash toʻgʻrisidagi” Qonunga imzo qoʻydi. Ayni kunlarda ushbu kun mamlakatimizda keng nishonlanmoqda.
Masalan, Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan davlat teatrlarida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi. Respublikamizdagi barcha davlat teatrlarida bugun soat 11da spektakllar bepul namoyish etildi. Shuningdek, barcha maydonlar, istirohat bogʻlarida koʻngil ochar tadbir, konsert va oʻyinlar tashkil etilmoqda.
Jumladan, “Humo” saroyi oldidagi maydonda harbiy texnikalar qoʻyilgan boʻlib, bolalar uchun yaxshi koʻrgazma boʻlyapti. Ulugʻvor harbiy mashinalarda oʻtirib rasmlarga tushayotgan bolalarning hayratlarini, quvonchlarini kuzatgan kishi kichkintoylarning baxtiyor damlarini mamlakat tinchligi va yurt farovonligi timsoli deydi beixtiyor.
Quyida yosh iqtidorli jurnalist Dilobar Asliddin qizi uyushtirgan suhbat orqali yetakchi ijodkorlarning yoshlar haqidagi fikr-mulohazalari bilan tanishasiz.
Dilobar Asliddin qizi: – Bugun zamon oʻzgardi deyishadi. Unga hamohang ijodning shakli, hajmi va yaratilish usullari oʻzgardi. Davrimiz jurnalistlarining ijodini kuzata turib koʻnglingizdan nimalar oʻtadi?
Erkin Malik,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist:
– Yoshlarning ijodini kuzatib boraman. Ularga aql oʻrgatishni emas, toʻgʻri yoʻl koʻrsatishni oʻzimizga burch deb bilaman. Biz bosib oʻtgan dovonlar bilan, bugungi kun jurnalistlari bosib kelayotgan yoʻllar orasida juda katta farq bor. Ilgari biror narsaning mohiyatini oʻrganmoqchi boʻlsak, albatta, uni koʻrib, u haqida toʻliqroq va batafsil maʼlumotlarga ega boʻlib, keyin yozar edik. Masalan, birgina intensiv bogʻ haqida tushunchaga ega boʻlish uchun, albatta, Botanika bogʻiga borishimiz shart edi. Aks holda u haqida hech qayerda maʼlumot topolmasdik. Paxta yoki boshqa oʻsimliklar haqida yozmoqchi boʻlsak ham dalalarga chiqishimizga toʻgʻri kelardi. Hozir esa aksincha. Internetda yoʻq narsaning oʻzi yoʻq. Birgina intensiv bogʻ haqida maʼlumotga ega boʻlish uchun olim bilan uchrashishdan oldin internetning oʻzidan javob olish mumkin. Hech qayerga bormasdan turib, koʻchatning qayerdan olib kelinishi, ekish usullari, parvarish shakllari, umuman, hammasi haqida batafsil maʼlumotlarga ega boʻlish imkoniyati bor.
Bu maʼlumot oddiy fuqaroda ham bor. Endi jurnalist nima qilishi kerak? Bugungi jurnalistdan esa maʼlumotni shu holicha oʻquvchiga yetkazish emas, joylarda bu bilan bogʻliq ishlar qay darajada amalga oshirilyapti, natija qanday boʻlayotgani haqida axborot berish kerak. Jurnalistlarimizda mulohaza va tahlil kamdek,
nazarimda. Yoshlarning internetdan maʼlumot toʻplaganlari yaxshi. Ana shu oʻqiganlarini hayot bilan uygʻunlashtirib, tahliliy, mulohazali maqolalar yaratishsa yanada maqsadga muvofiq boʻlar edi.
Dilobar Asliddin qizi: – Bugungi kun yosh teatr aktyorlari ilm darajasi, siyosiy saviyasi, savodi, kitobxonligi haqida nimalar deya olasiz?
Mirza Azizov,
Oʻzbekiston xalq artisti:
– Kitob oʻqimagan kishidan yaxshi aktyor chiqmaydi. Ayniqsa, bu teatr aktyoriga tegishli. Chunki teatr aktyori soʻzga boy boʻlishi kerak. Shuning uchun ham mendan maslahat soʻrab kelgan yosh aktyorlarning hammasiga kitobni sevishni, kitob mutolaasiga koʻngil qoʻyishni maslahat beraman. Shu oʻrinda, aytib oʻtishim kerak, ustozlarimiz ham bizga koʻp kitob oʻqishni tavsiya etar edi. Mana Allohga shukur kam boʻlganimiz yoʻq.
90 yillik tarixga ega teatrimiz yosh aktyorlari sinfi allaqachon shakllangan. Ularning hech biri oʻz kelajagiga befarq emas. Men faxr bilan ayta olaman, yoshlarimiz boʻsh vaqt topdim deguncha oʻz ustida ishlaydi. Til oʻrganadi, kitob oʻqiydi, turli tadbirlarga ishtirok etadi. Shu qatorda siyosiy jarayonlardan ham ortda emas. Gazeta va jurnallarga muntazam chiqishlar qiladi, koʻplari ilmiy izlanishlar bilan band.
Tahririyatdan: – Darhaqiqat bugungi yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlarga havas qilsa arziydi. Internet orqali jahonga chiqishayapti. Xorijda bilim olishga erishyapti. Turli tillarni oʻrganishmoqda. Fan va sport olimpiadalarida jahon ahliga hayratlar ulashmoqdalar. Biz bundan juda xursandmiz. Yoshlar — mamlakatimiz kelajagi! Gʻayratli yoshlarimizga koʻz tegmasin. Olloh har birini oʻz panohida asrasin. Yoshlar kuni munosabati bilan GUJUM.UZ sayti nomidan barchani qutlaymiz!