Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda epidemiologik surishtiruv hamda koronavirus infeksiyasining tarqalib ketmasligi uchun barcha profilaktik chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.
Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, ayni paytda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar 8 nafarga yetdi.
Shu yilning 15 mart kuni Virusologiya ilmiy tekshirish instituti laboratoriyasida Fransiyada boʻlib qaytgan bir nafar Oʻzbekiston fuqarosida, shuningdek, uning oʻgʻli va qizi, turmush oʻrtogʻi va nabirasida koronavirus infeksiyasi aniqlanganini xabar qilgan edik.
Olib borilgan tahlil natijalariga koʻra, ushbu bemor bilan muloqotda boʻlgan qarindoshida ham koronavirus infeksiyasi qayd etilgan.
Bundan tashqari, joriy yilning 14 mart kuni “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasiga qarashli London–Toshkent yoʻnalishidagi 201- reys bilan kelgan yurtimiz fuqarosida koronavirus infeksiyasi aniqlangan.
Eslatib oʻtamiz, shu yilning 15 mart kuni soat 05:15 da “Oʻzbekiston havo yoʻllari” avia kompaniyasiga qarashli Istanbul–Toshkent yoʻnalishidagi 274-reys bilan kelgan Oʻzbekiston fuqarosida ham ushbu infeksiya qayd etilgan edi.
Bemorlar bilan muloqotda boʻlganlarning roʻyxati olinib, ularning salomatligi ustidan ham tibbiy nazorat oʻrnatildi.
Hozirda shifokorlar va mutaxassislar tomonidan belgilangan standartlar boʻyicha davolash va epidemiologik surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.
Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.