Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov qishki sport turining akrobatika yoʻnalishi boʻyicha Lillexammer-1994 Olimpiadasi chempioni Lina Cheryazovaga murabbiylik qilgan mutaxassis Dmitriy Kavunov bilan uchrashdi.
Suhbatning bosh mavzusi yurtimizda qishki sport turlari, xususan, fristayl yoʻnalishlarini (sportning erkin turlari)qayta rivojlantirish masalasi boʻldi. Unda Rossiya fristayl federatsiyasi vitse-prezidenti Mixail Borodyanskiy hamda Xalqaro changʻi sporti turlari federatsiyasining eksperti Andrea Rinaldi ham ishtirok etdi.
D.Kavunov faoliyati davomida Rossiya va Kanada terma jamoalarida ham murabbiylik qildi. Bugungi suhbat davomida mutaxassisning tajribasidan foydalangan holda mamlakatimizda sportning fristayl turlarini (erkin harakatli sport) rivojlantirish boʻyicha dastlabki rejalar muhokama qilindi. Dmitriy Kavunov avvalo, iqtidorli sportchilarni saralab olish, ularning shugʻullanishlari uchun sharoit yaratish muhimligini taʼkidladi.
MOQ raisi oʻrinbosari davlatimizda qishki sport turlari rivojini yangi bosqichga olib chiqish borasidagi rejalar, “Humo arena” va “Alpomish” muz saroylarini qurish orqali dastavval ommaviy sport targʻiboti kuchaytirilayotgani haqida gapirib berdi. Suhbat davomida fristaylning nafaqat akrobatika, balki mogul yoʻnalishini (togʻli joylarda qiyoliklardan, tepaliklardan epchillik bilan oʻta olish) rivojlantirish, Toshkent viloyatining togʻli hududlarida musobaqa va oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini tashkil etish boʻyicha ham oʻaro fikr almashildi.
gujum.uz