Mamlakatimizning olis qishlogʻida ustoz nomiga sazovor boʻlgan yosh muallima

0
329
marta koʻrilgan.

Atigi ikki yillik pedogogik stajga ega yoshgina muallima yaqinda «Xalq taʼlimi aʼlochisi» koʻkrak nishonini olib, ustoz degan ulugʻvor nomga sazovor boʻldi. Albatta, bu bejiz emas. Muallimaning talabalik davridan boshlab  tinimsiz izlanishlari va erishayogan yutuqlari oʻzligini namoyon etishga  yordam berdi.

Endigina 26 bahorni qarshilagan boʻlsada, qirqdan ziyod ilmiy risolalari va kitoblari chop qilingan. Qisqa muddat ichida xalqaro tashkilotlar tomonidan oʻtkazilgan seminar va tanlovlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritganligi yana bir omadidir, Uning ilmiy izlanishlari xalqaro miqyosda tan olinib, kitoblari Rossiya, Turkiya, Amerika davlatlarida bosilib chiqqani va  “Yilning eng yaxshi yosh olimi-2021” xalqaro tanlovi gʻolibligi uning zaxmatkashligidan darak beradi.

AJDODLARNING MUNOSIB VORISI. Ha, Oʻzbekistonning eng chekka qishlogʻi– bir yogʻi Turkmaniston, bir yogʻi Qoraqalpogʻiston bilan chegaradosh Gurlan tumani Guliston qishlogʻidagi 33-umumiy oʻrta taʼlim maktabining nemis va ingliz tili oʻqituvchisi Oʻgʻulnur Atayeva oʻzining ilmga chanqoqligi, zakovati bilan ajdodlar ruhini shod etib kelyapti, desak adashmaymiz.

Yaqinda Oʻgʻulnur Atayeva Qozogʻicton Respublikasining Nursulton shahrida MDH davlatlari oʻrtasida oʻtkazilgan «Yilning eng yaxshi yosh olimi — 2021» Xalqaro tanlovida 14 ta mamlakat ichida chet tillar yoʻnalishida birinchi oʻringa loyiq koʻrilib, oltin medal bilan taqdirlandi. Shuningdek, Misr davlatida 2-4 iyun kunlari boʻlib oʻtadigan adabiy anjumanga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

Bu uning birinchi yutugʻi emas. Shu paytga qadar yosh olima qiyosiy tilshunoslik yoʻnalishida ilmiy izlanishlar olib borib Xalqaro “Uzdik Aqin” medal sohibasi, Respublika va xalqaro miqyosda oʻtkazilgan turli ilmiy konferensiya, tanlov va musobaqalarda muntazam ishtirok etib, sovrinli oʻrinlarga sazovor boʻlgan.

Oʻqituvchilarga, yoshlarga  munosabat oʻzgargan, eʼtibor kuchaygan keyingi toʻrt yil uning faoliyatini ham ijobiy tomonga keskin oʻzgartirib yubordi. Dastlab, 2017 yil 6-14 may kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan «Deutschtage Samarkand-2017» xalqaro seminarida ishtirok etib, faol ishtiroki va teran ilmiy mushohadasi uchun Germaniyaning ONDAF imtihonida B1 toifasidagi sertifikat va «Ttilnahmbestätigung» sertifikatini qoʻlga kiritishga muyassar boʻldi. 2018 yil Ukrainada oʻtkazilgan «XXXIII Mejdunarodnoy nauchno-prakticheskoy internet- konferensii» tadbirida faol qatnashib sertifikat bilan takdirlandi. Shuningdek, 2018 yil Germaniya mamlakatining DAAD dasturi boʻyicha GRANT asosida Avgust oyida bir oylik bepul taʼlim olish imkoniyatini koʻlga kiritdi va 2018 yilning DAAD stipendianti boʻldi.

2019 yil 17 yanvarida Germaniyaning Siyegen Universitetining eʼtirofiga sazovor boʻlib, oliy oʻquv yurtining Oʻzbekistondagi vakili qilib tayinlandi.

Bunday roʻyxatni yana davom qildirish mumkin. Qisqa qilib aytsak, yosh muallima Atayeva keyingi yillarda koʻplab xorij davlatlari tomonidan tashkil qilingan yigirmaga yaqin seminar va tadbirlarda qatnashib gʻoliblikni qoʻlga kirita olgan.

ILM BILAN HAMNAFAS USTOZ. Muallima Atayeva ilmiy rahbari pedagogika fanlari doktori, K.Abrorxonova bilan birgalikda “Chet tilini oʻqitishda pedagogik metodlarni qoʻllanishi” mavzusida tadqiqot ishlarini yuritmoqda. Ushbu tadqiqot ishlarining hulosalari respublika va halqaro ilmiy jurnallarda va konferensiyalarda muhokama qilinib, hozirgi kunga kelib 30 dan ortiq ilmiy maqola va tezislarni Ӽalqaro toʻplamlarda chop ettirishga erishdi.

Ilmiy ishlari Germaniyaning Berlin shaxrida boʻlib oʻtgan «Der XVI Internationalen wissenschaftlichen und praktischen Konferenz» ilmiy konferensiyaci kitobida, Amerikaning «MATERIALS OF THE INTERNATIONAL SCIENTIFICAND PRACTICAL CONFERENCE» nomli toʻplamida, Polshaning «XVI MIḚDZYNARODOWEJ NAUKOWI-PRAKTYCZNEJ KONFERENCJI» nomli ilmiy toʻplamida va Belgiyaning Sofiya shaӽrida «XVI mejdunarodna nauchna praktichna konferensiya » nomli ilmiy toʻplamlarda chop etilgan.

2020 yil nemis tilidagi “Deutsch für ALLE“ nomli nemis tilini mustaqil oʻrganuvchilar uchun qoʻllanma va „ILM-MA’RIFAT-YORQIN KELAJAK MA’SHALI“ nomli ilmiy-uslubiy pedagoglar uchun qoʻllanma kitoblari Ӯzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi “ FAN” nashriyoti tomonidan 300 nusxada nashr qilindi.

– Oʻqituvchi deganda, portfel koʻtargan erkakni emas, koʻzoynak taqib jiddiy yuruvchi ayolni emas, balki onamni tasavvur qilaman. Bir yarim yoshimda otamdan ajraldim. Beva qolib uch nafar farzandni oʻqituvchilik qilib oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazgan mushtipar onamni. Dunyoning neki sinovlari, neki qiyinchiliklari boʻlsa barini boshidan oʻtkazib, sabr bardosh bilan yengib oʻtgan oʻqituvchi onam mening tasavvurimda buyuk ustoz sifatida muhrlanib qolgan. Ha, hayotimiz oson kechmadi. Koʻchada qolib, toʻrt tomonga qarab turgan kunlarni ham onam bilan boshdan kechirdik. Shunga qaramay bu qiyinchiliklarni matonat bilan yengib, tinimsiz mehnat qilib “Xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan mukofotlangan onamning bu medalini oʻsha paytda oʻzimning koʻksimga taqib olib yechmay yurganim hamon esimda, – deydi u.

– Hayotimning asosiy mazmuni esa sevimli oʻquvchilarimdir,-deya suhbatni davom qildirdi Atayeva. – Darsga umuman qiziqmaydigan, biri shoʻx, biri oʻyinqaroq bolalarga nimadir oʻrgatib, ularni toʻgʻri yoʻlga solayotganimdan, mehnatlarim samarasiz ketmayotganidan oʻzim ham zavqlanaman. Oʻqituvchilik bu men uchun taqdir mukofoti boʻlish bilan birga ham majburiyat, ham masʼuliyatdir. Kasbga bunday yondashish xislati menga onamdan oʻtgan.

Darhaqiqat, yosh ustozning mehnatlari besamar ketmayapti. 2020 yil Nemis tili fan olimpiadasida 9-11-sinf oʻquvchilari Qorabayeva Tursunoy, Ӯttuzova Roza  faxrli 1-oʻrinni egalladi. Xorazm viloyati Xalq talim boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan „Wettbewerb in Deutsch tanlovida esa oʻquvchisi Qadambayeva Sabrina faxrli 1-oʻrinni egalladi.

Darhaqiqat, bir vaqtlar dovrugʻ taratgan Maʼmun Akademiyasi buyuk allomalarni yetishtirib, butun dunyoga ilm-maʼrifat ziyosini ulashgan zaminda yana maʼrifat nurlari taralmoqda. Chekka-chekka qishloqlarda ham oddiy ustozlar, ismi jismiga monand xizmat qilayotganini ushbu qizning faoliyatida  yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Mirzabek JAPAQOV, huquqshunos jurnalist, Xorazm

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.