MAʼNAVIYAT UFQLARINI YORITUVCHI IJOD

0
42
marta koʻrilgan.

EHTIROM:  Ibrohim Gʻafurov oʻzining beqiyos ijodiy va ijtimoiy faoliyati bilan el-yurtimizga juda katta xizmat qilgan ulugʻ zamondoshimizdir. Ishonamanki, u kishi bundan keyin ham oʻzining yangi-yangi goʻzal va barkamol asarlari bilan barchamizni, butun xalqimizni xushnud etadi.

Shavkat MIRZIYOYEV, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Nashr etila boshlaganiga 5 yil toʻlishi arafasida turgan “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining faol, kuyinchak va sadoqatli bir muallifi bor. Bu — Oʻzbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurov. Uning maqolalari, esse va suhbatlarini mushtariylarimiz kutib, sogʻinib mutolaa qiladi. Negaki yuksak tafakkur egasi boʻlmish bu zakiy insonning doim odamlarga aytadigan oʻz gapi bor. Gapki, salmoqli va zalvorli.

“Vatanparvarlik va millatparvarlik singari eʼtiqodiy hodisalarni ham faqat maʼnaviyat bilan chambarchas bogʻlagan va undan zarracha ayrilmagan holdagina tushunish, shunga yarasha saʼy-harakatda boʻlish har bir xalq uchun chin moʻjizalar yaratadi. Maʼnaviyatdan mahrum vatanparvarlik va millatparvarlik oʻz-oʻzinigina koʻr-koʻrona sevishga, dimogʻdorlikka, takabburlikka olib boradi, aslini olganda, takabburlikning jaholatdan sira farqi yoʻq. Takabburlik ham, jaholat ham, oʻzgalar haq-huquqlarini mensimaslik, bepisandlik ham maʼnaviyatsizlikdan hosil boʻladi”, deb yozadi Ibrohim Gʻafurov maqolalarining birida. Yana bir narsa bilan maqtanish mumkin.Adabiyotshunos, munaqqid, tarjimon ustoz nafaqat “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining muallifi, balki eʼlon qilinayotgan koʻplab maqolalarning qahramoni hamdir. Oʻtgan yili nashrning 4 aprel sanasidagi sonida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Ashurali Joʻrayevning “Ibrohim Gʻafurov va kitob” essesi chop etilgan edi. Ibrohim akaning hayot yoʻli, ilm zahmatlari, uni yuksak mavqega koʻtargan omillar tahliliga bagʻishlangan maqola koʻplab eʼtiroflarga sabab boʻldi. Adabiy jamoatchilik Ibrohim Gʻafurovni oʻzbek tarjimachilik maktabining munosib davomchisi, uni yanada yuksak pogʻonalarga olib chiqqan tarjimon sifatida biladi va hurmat qiladi. U Behbudiy, Fitrat, Choʻlpon, Izzat Sulton, Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qoʻshjonovning yuksak mahorat bilan yaratib ketgan ijod maktablari yonida ustozlarga ehtirom keltirib, oʻzining tafakkur va fikr sarhadini bunyod etdi.

— Men shunday kunlar kelishini kutmoqdaman: navqiron oʻzbek yigit-izlari badiiy tarjima sohasida katta-katta yutuqlarni qoʻlga kiritib, oʻkraklariga davlatimiz rahbari tashabbusi bilan taʼsis etilgan Ogahiy mukofotining sharafli nishonlarini munosib tarzda taqib, xalqaro tarjima anjumanlarida faol ishtirok etadilar, bu umuminsoniy madaniyat ravnaqiga oʻz eʼtiborli hissalarini qoʻshib boradilar, — deydi qahramon munaqqid.

Kecha Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobining tavalludiga 88 yil toʻlishi munosabati bilan boʻlib oʻtgan “Ibrohim Gʻafurov — adib, munaqqid, tarjimon” mavzusidagi ilmiy-adabiy anjumanda ishtirok etib, xayolimizdan shu gaplar oʻtdi. Adabiy kechada soʻzga chiqqan taniqli yozuvchi, shoir, munaqqidlar Ibrohim Gʻafurovning ibratli hayot va ijod yoʻli haqida, bugun ham shogird hamda safdoshlariga berib kelayotgan saboqlari borasida dil soʻzlarini izhor qildi. Uning publitsist, tarjimon, tahrirchi, muharrir, adib sifatidagi mahorati va mehnatlari eʼtirof etildi.

— Ibrohim akaning badiiy ijodi haqida koʻp aytildi, — deydi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, tarjimashunos olim Zuhriddin Isomiddinov. — Men uning gazetachilik faoliyati, maqolalari haqida toʻxtalmoqchiman. Gazetani qanday shakl-shamoyilda chiqarish, maqolani qanday yozish va tahrir qilish bobida ham u barchaga namuna. Ibrohim Gʻafurov imzosi bilan yozilgan maqolalarni maqola deyishning oʻzi yetarli emas — uning maʼnaviyatimiz ufqlarini yorituvchi maqolalari ijodiy joziba bilan yozilgan va manifest darajasiga chiqqan ijod namunalaridir.

Nodir MAHMUDOV, “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Saytimizning bugungi mehmoni – qisqa muddatda Oʻzbekiston  gazeta-jurnallari orasida oʻz oʻrniga ega boʻlgan ”Yangi Oʻzbekiston“ nashri. Ushbu maqola ”Yangi Oʻzbekiston “ gazetasining  2025 yil 23 yanvardagi 16- sonidan olindi. Shuningdek, gazetaning YUZ. UZ sayti ham faoliyat yuritadi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.