QUYIDAGI maqolaga soʻzboshi oʻrnida: Yaqinda Oʻzbekiston Davlat jahon tillari universiteti xalqaro ishlar boʻyicha prorektori Abduraxim Abdumutalipovich bilan seminarda uchrashib qoldik. Mendan Erkin aka Zaripovning singlisi emasmisiz deb soʻrab qoldilar. Akam bilan vvzirlikda birga ishlaganligi, ustozlarga xos salohiyatga ega boʻlgan samimiy insonligini taʼkidlab, hurmat bilan tilga oldi.
Akam rahmatlik tuproqqa bosh qoʻyganiga deyarli uch yil boʻldi. Olimlar davrasiga kirsam hamon ezgu soʻzlar eshitaman. Ana shunday ezgu maqolalardan biri saytimizga ham keldi.
Ilm – igna bilan quduq qazish, deyiladi halq hikmatlarida. Akam mikrobiologiya ilmiy tekshirish institutida suv oʻtlarining foydali xususiyatlarini oʻrgangan boʻlib, sholichilik dalalarida, parandachilik fabrikalarida tajriba oʻtkazgan va uning natijalari orqali samaradorligini isbotlagan edilar. Men oʻsha paytda Urganch tumanidagi parandachilik fabrikasiga va Oʻrta Chirchiq tumanidagi sholichilik tajriba maydonlariga borgan edim. Yoqlash arafasida esa Moskvaga taklif etishdi. Amalga oshirgan tajribasini u yerda ham oʻrgatdi va u yerda ham tajriba oʻtkazib isbotlab berdi. U paytlarda suv oʻtlarini foydali xususiyatlarini oʻrganish fan olami uchun yangilik edi. Bundan toʻrt yil burun Sochiga borsam dengiz suv oʻtlaridan tayyorlangan malhamlar yod yetishmovchilik kasalliklarida foydalanish uchun sotilayotganining guvohi boʻldim. Beixtiyor akamning fan olamiga ulugʻvor hissa qoʻshganini angladim. Sotib oldim va akamga olib keldim. Bir qarashda ha haqiqiy suv oʻtlari, deya javob berdi.
Bu maqolamni hali davom qildiraman…
Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist
***** ***** ***** ***** *****
Doʻstlar, yaxshilarni avaylab asrang,
Salom degan soʻzning salmogʻin saqlang!
Oʻlganda yuz soat yigʻlab turguncha,
Uni tiriklikda bir soat yoʻqlang!
Maqsud Shayxzoda
Shunday insonlar borki, ular bilan bir-ikki muloqotda boʻlganingdan soʻng, hayotga boʻlgan munosabating, dunyoqarashing, fikrlash va tafakkuring ham tubdan oʻzgaradi. Dunyoda samimiyat sarchashmasidan bahramandligi yuz-koʻzidan sezilib, butun vujudidan ufurib turadigan yaxshi inson, Olim, biologiya fanlari nomzodi, dotsent, OʻzR “Xalq taʼlimi aʼlochisi” Erkin Zaripov ana shunday insonlardan biridir. Men bu inson bilan taxminan 1998 yil may oylarida tanishganman. Shu yili, yaʼni 1998 yil 11 martda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat test markazi tarkibida «Kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlar va taʼlim muassasalari attestatsiyasi boshqarmasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 109-sonli Qarori qabul qilindi. Beshta boʻlimdan iborat ushbu Boshqarmaga salohiyatli, ilmiy daraja va unvonlarga ega boʻlgan kadrlarni tanlash uchun taxminan 10 kishidan iborat komissiya tashkil etilgan edi. Unga juda koʻpchilik kadrlardan tashkil topgan nomzodlar hujjat topshirgan edi. Shular qatorida Erkin aka va men ham bor edim. Erkin aka komissiya suhbatidan yaxshi oʻtib, Boshqarmaning “Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini attestatsiya qilish” boʻlimining bosh eksperti lavozimiga qabul qilindi. Meni esa “Pedagog, professor-oʻqituvchi va rahbar kadrlarni attestatsiya qilish” boʻlimining yetakchi eksperti lavozimiga qabul qilishgan edi. Shundan keyin, Erkin aka bilan bir tashkilotda koʻp yillar ishlab, juda qadrdon boʻlib ketdik. Bir-birimizni koʻrmasak sogʻinib qolar edik, koʻpincha telefon orqali ham bogʻlanib, u-bu joyda choyxoʻrlik qilib, dildan uzoq vaqt suhbatlashib oʻtirar edik…
Erkin aka bosh ekspert lavozimida faoliyat yuritib, Respublikada uzluksiz taʼlim tizimini isloh qilish va rivojlantirishda, «Taʼlim toʻgʻrisida»gi qonun, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»da belgilangan vazifalarning joylarda ijrosini taʼminlash va nazorat qilish, “Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasalari”ni va ularda faoliyat yuritayotgan rahbarlari, pedagog-oʻqituvchilarini, kadrlarni Davlat attestatsiyasidan oʻtkazish ishlarida hamda attestatsiya jarayoniga tegishli boʻlgan koʻplab meʼyoriy-hujjatlarni tayyorlashda faol ishtirok etib, bu toʻgʻrisida Prezident Devoni, Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirliklarga maʼlumotlar berib kelgan. U kishi oʻsha yillarda ham asosiy ishidan tashqari, ilmiy ishni pedagogik faoliyat bilan birga olib borib, hozirgi TDPU, TDAU va boshqalarda ham oʻrindosh va soatbay asosida dotsent, katta oʻqituvchi lavozimlarida faoliyat yuritib kelgan.
Ushbu yillarda respublikada faoliyat yuritayotgan barcha akademik litsey va kasb-hunar kollejlari rahbarlari, oʻrinbosarlari, injener-pedagoglarini oʻz yoʻnalishlari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazish jarayonlarida komissiya raisi, kotibi va aʼzosi sifatida faol qatnashib kelgan.
Respublikamizning barcha Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga oʻzimizning “Elxolding” IICHB va boshqalarda ishlab chiqarilgan hamda chet ellar (Yaponiya, Janubiy Koreya, Germaniya mamlakatlari)dan keltirilgan zamonaviy oʻquv-laboratoriya jihozlari, apparatura va qurilmalar, mashina va mexanizmlarning joylarda samarali foydalanilayotganligi, ularning oʻquv va amaliy mashgʻulotlarda qay tarzda ishlatilayotganligini oʻrganish va nazorat qilish, oʻquv-amaliy mashgʻulotlar oʻtkazish boʻyicha ularga foydali metodik tavsiya va yoʻriqnomalar berib kelgan. Ulardan toʻgʻri va samarali foydalanish boʻyicha hududlar kesimida seminar-treninglar tashkil etish jarayonlarida ham faol qatnashgan.
Erkin Zaripov chet el taʼlim tizimini oʻrganish va oʻzimizda joriy etish maqsadida Turkiya, Janubiy Koreya, Germaniya, Rossiya kabi davlatlarida ham malaka oshirib kelganligini bilaman.
Erkin aka oʻziga va boshqalarga nisbatan talabchan, kamtar, barchaga birdek xushmuomala, odilona va adolatli edi. Shu jihatlari bilan u kishi insonlar orasida va jamoada katta obroʻ-eʼtiborga ega boʻlib kelgan.
Taʼlim sohasining malakali mutaxassisi Erkin Zaripov koʻplab shogird va izdoshlar orttirgan.
U kishining muallifligida 200 ga yaqin ilmiy, ilmiy-uslubiy maqola va risolalari Xorijiy, MDH va Respublika ilmiy jurnallarida, ikkita monografiyasi OʻzR FA ning «Fan» nashriyotida chop etilgan, 20 dan ortiq oʻquv-uslubiy adabiyotlar va ilmiy risolalar yaratilganligini yaxshi bilaman.
Domla 3 nafar farzandlarning ibratli otasi, va 10 nafar nevaralarning suyukli bobosi sifatida, ularning ham taʼlim-tarbiyasiga alohida masʼuliyat hissi bilan yondoshganligining guvohi boʻlganman. Farzandlarining barchasi respublikamizning nufuzli oliy oʻquv yurtlarini tamomlagan va ular hozirgi kunda davlat tashkilotlarida masʼuliyatli lavozimlarda samarali faoliyat yuritib kelmoqdalar.
Yillar oʻtar, karvonlar oʻtar,
Hech kim abad qolmagay aslo.
Lahza misol zamonlar oʻtar,
Boqiy boʻlib turmagay aslo.
Hayot oʻzi goʻyoki bir on,
Chaqmoqdayin oʻtadi, ammo.
Imon bilan yashagan inson,
Xotirasi oʻchmagay aslo.
Ha, Erkin aka Zaripovich hayotda oʻchmas iz va soʻnmas nom qoldirib ketdi. Erkin akamizning Oxirati obod boʻlsin. Yotgan joyi nurga toʻlsin.
Abdirashid Ilyozovich ERGASHYeV,
Oʻzbekiston Respublikasi “Xalq taʼlimi aʼlochisi”,
OʻzR OOʻMTV “Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi aʼlochisi”,
Fizika-matematika fanlari doktori(PhD), dotsent